Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston—Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining keng ko‘lamli kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan. Prezident Sadir Japarov Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarga chek qo‘yish maqsadida O‘zbekiston rahbari tomonidan ko‘rilgan qat’iy choralarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. Boshqa davlatning ichki ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi alohida ta’kidlangan.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar rejasini, shu jumladan, Cho‘lponota shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari sammitiga tayyorgarlik masalalarini ko‘rib chiqqan. Yaqin orada muhim yo‘nalishlardagi kelishuvlarni ilgari surishga qaratilgan qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olingan.
Tomonlar mintaqaviy transport yo‘laklari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarni ishlab chiqishni jadallashtirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.
Qirg‘iziston Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Sadir Japarov qat’iy va kelishilgan harakatlar tufayli Qoraqalpog‘istonda vaziyatning normallashishini ta’minlash va uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin bo‘lganini ta’kidlagan.
Izoh (0)