Oq uy milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hali mamlakatdagi urushda g‘alaba shartlarini muhokama qilishga erta deb hisoblayotgani haqida gapirdi. Bu haqda “Kommersant” xabar bergan.
“Prezident Vladimir Zelenskiy g‘alaba qanday va qaysi shartlar asosida belgilanishini hal etishi mumkin. Biz uning jang maydonida bu ishni qilishi va muzokaralar stolida ham muvaffaqiyatga erishishini ta’minlamoqchimiz. Lekin menimcha Zelenskiyning o‘zi ham hali bu haqda gapirishga ancha erta ekanini aytsa kerak”,— degan Kirbi Fox News telekanali efirida (“TASS” iqtibosi).
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rahbariyati muzokaralar olib borishdan manfaatdor emasligini ko‘rsatmoqda.
Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida urushni to‘xtatish yuzasidan muzokaralarning oxirgi raundi 29-mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgandi. Mazkur muzokaralardan keyin Rossiya mudofaa vazirligi Kiyevdan qo‘shinlarini olib chiqib ketishini e’lon qildi. 17-may kuni Ukraina prezidenti ofisi rahbari Mixail Podolyak Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar Ukrainaning tashabbusi bilan to‘xtatilganini bildirgan.
Izoh (0)