2022-yil iyun oyida AQSHdan suyultirilgan gaz (LNG) yetkazib berish hajmi “Gazprom” hajmidan oshib ketdi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi (IEA) rahbari Fotih Birol Twitter’da ma’lum qildi.
Yevropa Rossiyadan keladigan quvur orqali emas, balki AQSHdan LNG orqali ko‘proq gaz import qildi. Bu tarixda birinchi marta sodir bo‘ldi, — deb yozdi Birol.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu Rossiyaning Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berishni so‘nggi paytlarda keskin qisqartirishi natijasida bo‘lgan. Birolning fikricha, Yevropa gazga bo‘lgan ichki talabni kamaytirish va qishga tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilishi kerak.
Tabiiy gaz topilgan joylar ko‘pincha elektrostansiyalar, zavodlar, neftni qayta ishlash korxonalari va aholi turar joylaridan yuzlab yoki minglab mil uzoqda bo‘ladi.
Tabiiy gazni quruqlikda quvurlar orqali nisbatan arzonroq narxda, biroq belgilangan nuqtalarga olib o‘tish mumkin.
So‘nggi olti yil davomida gazni minus 260 daraja Farengeytgacha (-162 daraja Selsiy) muzlatish, ya’ni suyuq holatga aylantirish bo‘yicha milliardlab dollarlik sanoat barpo qilindi.
LNG muzlatkichli kemalarga ortilib, butun dunyo bo‘yicha yetkazib beriladi.
Avvalroq Qatar Yevropani o‘zining suyultirilgan gazi bilan ta’minlashga tayyorligi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)