Namangan viloyati XTB mansabdorlari sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 537,1 million so‘mga qimmat narxlarda xarid qilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Namangan shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi moddiy javobgar shaxslari va boshqalar “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda 13 turdagi sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 537,1 mln so‘mga qimmat narxlarda xarid qilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)