Ko‘ksaroy qarorgohida 21-iyun kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakatning davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda Ozarbayjon rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni kutib olgan.
Davlat rahbarlari shohsupaga ko‘tarilgan. O‘zbekiston va Ozarbayjon madhiyalari yangragan.
Mamlakatlar yetakchilari faxriy qorovul safi oldidan o‘tgan. Marosimda O‘zbekiston va Ozarbayjon rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirok etgan.
Ilhom Aliyev tashrifining birinchi kuni
Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 21-iyun kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Ozarbayjon prezidentining O‘zbekistonga tashrifi Haydar Aliyev sharafiga nomlangan ko‘cha va uning yodgorligi ochilishidan boshlandi. Shundan so‘ng Ozarbayjon prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.Ko‘ksaroydagi rasmiy kutib olish marosimidan keyin, avval tor doirada, so‘ng kengaytirilgan tartibda muzokalar o‘tkazildi. Davlat rahbarlari strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Shundan so‘ng OAV uchun brifing o‘tkazildi.
Tashrifning ilk kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlarining Toshkentdagi Texnoparkni borib ko‘rishi, Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chat ekishi bilan davom etdi.
Izoh (0)