Amerika ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Ukrainadagi urushda ikkinchi AQSH fuqarosi halok bo‘lgan.
Recorder nashrida e’lon qilingan ta’ziyanomaga ko‘ra, 52 yoshli Stiven Zabelski 15-may kuni Zaporojyening Dorojnyanka qishlog‘idagi jangda halok bo‘lgan.
Rolling Stone nashrining yozishicha, ukrainalik harbiylar tomonida jang qilgan AQSH armiyasi faxriysi minada portlab ketgan.
The Washington Post gazetasi AQSH Davlat departamentidan Zabelskining o‘limi haqidagi tasdiqnomani oldi. Diplomatlarning aytishicha, ular marhumning oilasi bilan kontaktda bo‘lib, uning oilasiga barcha zarur konsullik yordamini ko‘rsatgan. Davlat departamenti qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortgan.
Ukrainadagi urushda ilk bor Amerika fuqarosi halok bo‘lgani haqida aprel oyining oxirida ma’lum bo‘lgandi — marhum 22 yoshli sobiq dengiz piyodasi, xususiy harbiy kompaniya xodimi Uill Jozef Kensel bo‘lib chiqdi.
Shuningdek, AQSH rasmiylari Ukraina tomonida jang qilgan uch nafar amerikalik bedarak yo‘qolgani haqida xabar berdi. Ular orasida Aleksandr Dryuk va Endi Xyuyn bor. Ular, The Daily Telegraph nashrining yozishicha, 15-iyun kuni Xarkov yaqinidagi jangda asirga olingan. Kreml asirga olingan amerikaliklar rus askarlariga qarshi sodir etgan jinoyatlari uchun jazolanishi kerakligini aytdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Ukrainaga jangovar harakatlarda qatnashish uchun 6956 nafar xorijlik kelgan, ulardan 1779 nafari mamlakatni tark etgan, 1956 nafari halok bo‘lgan.
Izoh (0)