Shavkat Mirziyoyev 13-iyun kuni o‘tkazilgan standartlashtirish sohasiga doir yig‘ilishda bir qator agentlik va idoralarga topshiriqlar berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga:
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimlari bilan birga meva-sabzavot yetishtirilayotgan 200 ming gektar maydonni xalqaro talablarga moslashtirish;
- yil yakunigacha 249 ta meva-sabzavot klasterlari bilan ishlab, xalqaro bozorlarga eksport qiladigan korxonalar sonini 400 tagacha oshirish topshirilgan.
Veterinariya qo‘mitasiga viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar chorvachilik mahsulotlarini eksport qiluvchilar sonini 1,5 baravarga oshirib, 700 taga yetkazish topshirilgan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatiga viloyat markazlaridagi 14 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan. Bojxona qo‘mitasiga 1-oktabrgacha eksport, import va tranzit bo‘yicha barcha sertifikat va ruxsatnomalarni Yagona darcha orqali yuritishni yo‘lga qo‘yish topshirilgan.
Izoh (0)