Namangan viloyatining Pop tumani hamda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida aholiga ajratilgan un mahsulotini sotib yuborgan MCHJ va xususiy korxona rahbarlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Pop tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “P.Z.” MCHJ rahbari S.X. aholi iste’moli uchun ajratilgan 54,9 tonna 1-navli un mahsulotini boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborgani aniqlangan.
Xuddi shunday, Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.U.” xususiy korxonasi rahbari A.A. hamda “A.R.” va “T.M.” xususiy korxonalarining norasmiy rahbari M.O. uzoq va chekka hududda istiqomat qilayotgan aholi uchun ajratilgan 10,1 tonna un mahsulotini Marg‘ilon shahri hududida boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan A.A., M.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilingandi. Moliya vazirligi departamenti mudiri To‘lqin Mirzayev esa iste’mol bozorida sotilayotgan yopgan nonlar import undan yopilgani uchun qimmatlashayotganini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda birja savdolarida unning sotilishi bo‘yicha qanday vaqtinchalik tartiblar o‘rnatilgani ma’lum qilindi
- O‘zbekistonda import qilinadigan zaruriy oziq-ovqatlar “birinchi qo‘l” tamoyili asosida o‘rtakashlarsiz bozorga chiqarilmoqda
- “Iyun oyida birja savdolariga 170 ming tonna un mahsulotlari qo‘yilishi kutilmoqda” — O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi rasmiysi
Izoh (0)