“Barselona” prezidentini Xoan Laporta intervyularida Lionel Messini eslab o‘tishi, futbolchining jahlini chiqarmoqda.
Bir necha kun avval “PSJ” hujumchisining otasi Xorxe Messi Laportaga qo‘ng‘iroq qilib, har bir intervyusida Leoni tilga olishni bas qilishini so‘ragan. Suhbat do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi, deyiladi xabarda.
Argentinalik futbolchi “Barselona”dan ketganidan buyon prezident muntazam ravishda Messining jamoaga qaytish imkoniyatlarini baholab keladi. Shunday intervyulardan biri 25-may kuni berildi.
Lionel Laporta doim u haqida gapirishidan charchagan. Xorxe Messi o‘g‘lini tinch qo‘yishlarini, u “Barselona”ni o‘tmishda qoldirmoqchiligini so‘ragan.
Futbolchining kataloniyaliklar safiga qaytishi ilojsiz. Chunki uning Xoan Laporta bilan munosabatlari yaxshi emas.
Messi o‘zini aldangandek his qilgan. Laporta saylov kompaniyasi paytida va prezidentlik muddati boshida “Barselona” argentinalik bilan shartnomani uzaytirish istagini bildirgan. Ammo yakunda u jamoani tark etishga majbur bo‘lgan. Bu Messi uchun kuchli zarba bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi va “Barselona” yangi bitim borasida kelishganiga qaramay, moliyaviy va tizimli to‘siqlar tufayli shartnoma imzolanmadi. Natijada argentinalik futbolchi “ko‘k-anorranglilar” safini tark etib, “PSJ”ga o‘tgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)