Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning mamlakatga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlaganlarning mol-mulki va aktivlarini musodara qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.
Tegishli qonun loyihasi 12-may kuni Oliy Rada tomonidan qabul qilingan. U jismoniy yoki yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan mol-mulkni, shuningdek ular bevosita yoki bilvosita tasarruf etadigan mol-mulkni davlat daromadiga undirish tarzidagi sanksiyalarning yangi turini belgilaydi.
“Bosqinchilarning Ukrainaga qarshi tajovuzini u yoki bu tarzda qo‘llab-quvvatlovchi hamda sanksiyalar ostidagi shaxslarning aktivlarini aniqlash va musodara qilish tartibi Ukraina budjetini dushmanlar hisobiga tez va samarali to‘ldiradi. Qonunda ushbu jarayon uchun mas’ul bo‘lgan organlarga aniq ko‘rsatmalar berilgan. Men undagi barcha ishtirokchilarning samarali hamkorligiga umid qilaman”, — deyiladi Ukraina prezidenti saytida.
Mart oyi boshida Oliy Rada Rossiyaning Ukraina hududidagi mulkini majburiy musodara qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi. Hujjat rossiyalik yuridik va jismoniy shaxslarning Ukrainadagi mol-mulki va moliyaviy resurslarini milliylashtirishni nazarda tutadi. May oyi boshida Ukrainadagi “Sberbank” va “VEB.RF” davlat korporatsiyasining sho‘ba korxonalari aktivlarini musodara qilish to‘g‘risida farmon imzolandi.
Avval Ukrainada rossiyaparast partiyalarning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani, harbiy harakatlar aks etgan surat va videolarni chop etish taqiqlangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Zelenskiy Rossiya propagandasini taqiqlovchi qonunni imzolagandi.
Izoh (0)