AQSH yaqin kelajakda Yevropada o‘z harbiy xizmatchilarining taxminan 100 ming nafarini saqlab qolishi kutilmoqda. Bu haqda CNN amerikalik mansabdorlarga tayanib xabar bergan.
Manbalarga ko‘ra, agar NATO mintaqada qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazishga qaror qilsa, Amerika qurolli kuchlari kontingenti vaqtinchalik oshishi mumkin. Bundan tashqari, “xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘zgargan taqdirda” AQSH Yevropada yangi bazalar ochsa ham harbiy xizmatchilar soni ortishi mumkin, deb taxmin qiladi ular.
AQSH NATO mamlakatlari qurolli kuchlari bosh qo‘mondonlarining Bryusseldagi uchrashuvidan keyin bu rejalarni ko‘rib chiqa boshlagan.
AQSH Yevropadagi qo‘shinlari guruhini mart oyida 100 ming kishiga yetkazgan edi. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi boshlanguniga qadar mintaqada taxminan 60 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari, Vashington NATO javob ko‘rsatish kuchlariga ming nafar askarlarini yo‘naltirgan.
Prezident Jo Bayden Rossiya bilan urush qilish va Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun emas, balki NATO bo‘yicha ittifoqchilarni himoya qilish uchun mintaqada bo‘lib turganini ta’kidlagan. AQSH hukumati Ukrainadagi voqealar rivoji har qanday tus olgan holda ham Bayden bu mamlakatga Rossiyaga qarshi kurashish uchun amerikalik askarlarni yubormasligini bir necha marta aytib o‘tgan.
Mart oxirida quruqlikdagi qo‘shinlar shtabi boshlig‘i Jeyms Makkonvil AQSH Yevropadagi harbiy ishtirokini sovuq urush davridagi darajagacha oshirmasligini ma’lum qilgandi, bu davrda mintaqada 350 ming AQSH qo‘shinlari bo‘lgan.
Izoh (0)