12-may kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida Gentra avtomobili hali 7 yoshga ham to‘lmagan bolani urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
E’lon qilingan kadrlardan ko‘rish mumkinki, bola yo‘lni belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan vaqtda Gentra haydovchisi harakat xavfsizligini ta’minlay olmagan.
“Shu kuni ikki farzandimni maktabga olib ketayotgandim. Salonda qizim bo‘lgani sabab tezligim yuqori emas edi. Keyin bir bola birdaniga yo‘lni kesib o‘tdi va mashinaning yon oynasi uning boshiga tegdi. Shundan so‘ng, bolani shifoxonaga olib bordim”, — deydi haydovchi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bola hozirda o‘ziga kelgan va yana 20 kungacha davolanadi.
Maktabdagi tayyorlov kursida taxsil oladigan bolaning o‘qituvchisiga ko‘ra, o‘sha kuni M.A.ni ota-onasi emas, balki qo‘shnisi “Jiguli”da olib ketayotgan bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 2022-yilning to‘rt oyida Namangan viloyati hududida jami 262 YTH sodir bo‘lgan — ularning 34 tasi bolalar bilan bog‘liq avtohalokatlardir.
Avvalroq Samarqandda 4 kishi Nexia’da yonib ketgani va ular orasida 11 yoshli qiz ham borligi, Urganchda avtobus ishtirokidagi YTHda 2 kishi vafot etgani, Farg‘onada Tracker va Gentra to‘qnashuvi oqibatida yo‘lovchi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)