Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 15-may, yakshanba

Avval — qishloq xo‘jaligi yangiliklari. “Sovxozlarda qatqaloq bilan kurash bo‘sh” deb yozadi “Qizil O‘zbekiston” (qatqaloqni eslab qoling, oradan 30 yil o‘tib unga yana qaytamiz):

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-may sonidan lavha

Endi sinfiy dushmanlar haqida. “Savdogar bolalari Nazarov, Usmonovlar o‘z sinfiy basharalarini yashirib, ‘qizilliq’ pardasiga burkanib, sho‘ro apparatining ayrim tarmoqlariga o‘tib kirib, o‘z sinfiy manfaatlarini yuzaga chiqarish uchun kurash ochdilar”, — deyiladi “Sinfiy dushman tillari qirqilsin” xabarida. Ta’kidlanishicha, “bu ikki quzg‘unning biri Qo‘qon moliya shu’basining mudiri bo‘lsa, ikkinchisi soliq shu’basining noziri edi”, aybi — “kambag‘al, kosiblarga ortiqcha soliq solish”, “o‘z sinfdoshlarini esa yayratish”, “shu yo‘sinda boyish”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-may sonidan lavha

“Badriddinovchilar sudi”ning bu galgi tafsilotlari juda badiiy. Uni bunday ko‘rinishga keltirish uchun ikki muallif — suddan tayyorlanayotgan reportajlarning doimiy muallifi Komil Aliyev hamda jurnalist Ziyo Said ancha ter to‘kkani seziladi:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-may sonidan lavha

Gazetaning shu sonida e’lon qilingan “Birinchi sho‘ro televizorlari” sarlavhali xabar e’tiborga molik. Unda televizorning o‘zi nima ekaniga ta’rif berilgan: “Bular suratlarni radio orqali bir joydan ikkinchi joyga yetkazadigan asboblardir. Televizor notiqlar va ashulachilarning suratinigina emas, balki butun balet spektakllarini va kino filmlarni yetkaza oladi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-may sonidan lavha

Rossiyada hokimiyatni bolsheviklar egallaganiga salkam 15 yil, SSSR tashkil etilganiga esa deyarli 10 yil to‘lganiga qaramay, bu davlat hali AQSh tomonidan tan olinmagan edi. Nation gazetasi ayni shu masalada SSSR bilan hamkorlikda ishlayotgan AQShning eng yirik 50 konserni o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgan. “Inqilobdan burungi qarzlar masalasi hal bo‘lgan taqdirda, ma’lum firma Sho‘rolar Ittifoqini tanilishiga qarshilik qiladimi, degan savolga 22 kompaniya javob yozib, Sho‘rolar Ittifoqini dastlabki sabablar qo‘ymasdan tezlik bilan tanishni quvvatladilar, 11 kompaniya Amerika—Sho‘ro savdosini kengaytirish uchun (AQSh prezidenti) Huver tomonidan komissiya tayinlanishini taklif qildi”, — deyiladi xabarda (AQSh SSSRni oxir-oqibat 1933-yil noyabrida tan olgan).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 15-may sonidan lavha

60 yil avval. 15-may, seshanba

“Qizil O‘zbekiston”dan paxtakor-o‘rtoqlarga navbatdagi eslatma (avvalgisi bu yerda):

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 15-may sonidan lavha

Qatqaloq mavzusi yodingizdan ko‘tarilib ulgurmadimi hali? “Paxta maydonlarini qatqaloq bosishining oldini olish uchun hamma imkoniyatlarga egamiz. Lekin ko‘pgina kolxoz va sovxozlar bu imkoniyatlardan yetarli foydalanmayotir”, — deyiladi “Qizil O‘zbekiston”ning 1962-yil 15-may sonidagi “Qatqaloq — to‘la gektarga to‘siq” sarlavhali materialida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 15-may sonidan lavha

Toshkent shahar Oktabr (hozirgi Shayxontohur) rayon xalq sudi Tursun Xo‘jayevni bir yil jazosiga hukm qilgan. Uning aybi nima? U “xotini Lyudmila Nesterova bilan qonuniy ajralmay turib, turli hiyla-nayrang bilan o‘quvchi Muhabbat Qosimovaga uylangan. Uni o‘qishdan, ishdan chetlashtirib, xo‘rlab kelgan. Hatto o‘z farzandi uchun nafaqa ham bermagan. Shuningdek, Vakila ismli qizni ham xotinlikka olib, uni oliy ma’lumot olishdan, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishdan mahrum etgan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 15-may sonidan lavha

Xorij yangiliklari ruknida Janubiy Afrika Respublikasi adliya vaziri “diversiya ishlariga o‘lim jazosi berilishi”ni nazarda tutuvchi qonun loyihasini parlament muhokamasiga qo‘ygani haqidagi xabar bor; ta’riflanishicha, “bu qonun proyekti Janubiy Afrikada shu choqqacha qabul qilingan qonunlar orasida eng berahm qonunlardan biri bo‘ladi”. Qayd etish joiz, “eng berahm qonun”ni taklif qilgan adliya vaziri Baltazar Yohannes Forster oradan to‘rt yil o‘tib JAR bosh vaziriga, 1978-yilda esa JAR prezidentiga aylanadi. Aparteid rejimi rahbarlaridan biri bo‘lgan Forster XX asrning eng zolim diktatorlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 15-may sonidan lavha

30 yil avval. 15-may, juma

Toshkent 1992-yil 15-may kuni MDH davlat va hukumat rahbarlari uchrashuviga mezbonlik qiladi. Ushbu tadbir arafasida prezident Islom Karimov jurnalistlar bilan uchrashgan. Uchrashuvga hamma prezidentlar ham kela olmagan — masalan, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk Qrim masalasi muhokama qilinayotgan Oliy Kengash sessiyasida qatnashishi sabab, Ukraina delegatsiyasiga bosh vazir Fokin rahbarlik qiladi.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

Jurnalistlar Tojikistonning Leninobod viloyati go‘yoki O‘zbekiston tarkibiga o‘tish niyatida deb tarqatilgan mish-mishlarga prezident Karimovning munosabati qandayligiga qiziqqan. “Bu masalada men O‘sh voqealari paytidayoq fikrimni aniq aytgan edim. Biz hududlarning bo‘linmasligi tarafdorimiz. Qo‘shni mustaqil davlatlarda vatandoshlarimizning qanday yashayotganligiga biz befarq qarab tura olmaymiz, albatta. Lekin hamma muammolarni siyosiy muloqot yo‘li bilan hal etish mumkin va lozim”, — deb javob bergan Islom Karimov.

“Harbiy masala 15-may kuni delegatsiyalar muhokamasiga qo‘yiladigan asosiy masalalardan biridir. Armiya qanday bo‘lishi kerak, uni kim pul bilan ta’minlaydi? Bu xususda Islom Karimov NATO kabi tuzilma tarafdori ekanini ta’kidladi”, — deyiladi O‘zA axborotida. Toshkentga qo‘nishi bilan jurnalistlar bilan uchrashgan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham bu masalada fikr bildirgan: “Menimcha, eng muhimi, kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi hujjatni qabul qilishdir. Armiyamiz bilan tajriba o‘tkazishni to‘xtatadigan vaqt keldi”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

Haqiqatan ham, 1992-yil 15-may kuni Toshkentda Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan, shu kelishuv bilan ODKBga — Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkilotiga asos solingan. O‘zbekiston ushbu tashkilot tarkibidan 1999-yili chiqib ketgan, 2006-yili qayta a’zo bo‘lib, 2012-yili yana chiqib ketgan. Ushbu tashkilotning qurolli kuchlaridan birinchi marta 2022-yil yanvarida, Qozog‘istondagi tartibsizliklarni bostirish vaqtida foydalanildi.

“Islom Karimov ‘Ozodlik’ radiosi va ‘Amerika ovozi’ vakillari bilan uchrashdi” — ushbu xabar deyarli barcha markaziy gazetalarda bosilgan. “Mustaqil O‘zbekiston hayotining barcha sohalariga taalluqli xolis axborot berish to‘g‘risida gapirganda, shuni aytish kerakki, bu yerda ‘Ozodlik’ radiosi va ‘Amerika ovozi’ radiosining kattagina axborot markazini barpo etish zarur. Islom Karimovning bu taklifini mehmonlar minnatdorlik bilan qabul qildilar”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

O‘zbekiston Adliya vazirligi 13-may kuni “O‘zbekiston chernobilchilari” uyushmasiga tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirgan. Uyushma raisi Islomxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, Chernobil fojiasi oqibatlarini tugatishda O‘zbekistondan 10 mingdan ko‘proq odam qatnashgan. “Rasmiy hujjatlarda 70 kishi o‘lgani, 700 kishi nogiron bo‘lib qolgani ko‘rsatilgan. Ammo bu raqamlarga ishonish qiyin”, — deydi u.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

“O‘zbekiston ovozi” gazetasida e’lon qilingan professor Abduzuhur Abduazizovning “Mustaqillik ramzi” maqolasida ta’kidlanishicha, “to‘g‘risini aytganda, kirillitsaga asoslangan yozuvimiz o‘zbek tilining nafaqat fonetik, balki morfologik xususiyatlarini ham ifoda qila olmaydi. Shu sababli yozuvimizda ham noqulayliklarni, talaffuzimizda esa qator qiyinchiliklarni keltirib chiqardi”. Xo‘sh, nima qilish kerak? Muallifning fikricha, lotin yozuviga o‘tishimiz kerak.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

“Xalq so‘zi” gazetasida professor Isroil Mirzayevning “Milliy maktab — oydin kelajak” sarlavhali maqolasi bosilgan. Unda, jumladan, shunday taklif ilgari suriladi: “Yuqori sinflarni ikkiga — o‘g‘il va qizlar guruhlariga ajratish lozim. Chunki shunday qilinsa, yigitlarga ko‘proq erkaklar hayoti uchun zarur urf va ko‘nikmalar — oilani boshqarish, Vatan mudofaasi xizmatiga tayyor turish, tijorat kabilarni o‘rgatish; qizlarni esa uy bekasi — onalik, pazandalik, tikish-bichish, mehmon kutish, nafosat va oroyishni tushunish singari turmush sirlaridan voqif etish foydali bo‘lur edi”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

Dunyoda nima gap? Ukraina parlamenti Qrim parlamentining yarimorol mustaqilligini e’lon qilish va mustaqillik masalasida referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlarini to‘xtatib qo‘ygan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

Kosmonavtikadagi tarixiy voqealardan biri: “Amerikalik uch astronavt ochiq kosmosga chiqib, pastga qulashi muqarrar bo‘lgan to‘rt tonnalik yo‘ldoshni qo‘llari bilan tutib olishga muvaffaq bo‘ldilar”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 15-may sonidan lavha

Astronavtlar Richard Xib, Tomas Eykers va Pyerr Tuot 4 tonnalik sun’iy yo‘ldoshni qo‘li bilan tutib turgan holat, 1992-yil 13-may.

Foto: NASA / Wikipedia

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi