“Barselona” Sesar Aspilikueta va Markos Alonsoga qiziqish bildirmoqda.

Foto: Getty Images

Diario Sport nashrning xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar “Chelsi”ning ikki himoyachisini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Londonliklar himoyachilar uchun tovon puli olishni istaydi, ammo ularni rokirovka qilish borasida muzokaralarga ham tayyor.

32 yoshli Aspilikuetaning “Chelsi” bilan amaldagi shartnomasi mavsum oxirida o‘z nihoyasiga yetadi, londonliklar shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish bandini faollashtirishi mumkin. Sesarning o‘zi “Barselona”ga qo‘yib yuborishlarini so‘rayotgan bo‘lsa ham, jamoa ushbu banddan foydalanish ehtimoli bor.

Alonsoning “Chelsi” bilan shartnomasi 2023-yil yoziga qadar mo‘ljallangan. 31 yoshli himoyachi “aristokratlar”ning rejalariga kirmayapti, shuning uchun uning transferi masalasi muhokama qilinishi mumkin.

“Barselona” boshqa pozitsiyalarga qimmatroq futbolchilarni xarid qilish uchun Aspilikueta va Alonsoga imkon qadar kamroq pul sarflamoqchi. “Chelsi” kataloniyaliklarning tarkibini tahlil qilib, 21 yoshli o‘ng qanot himoyachisi Serjinyo Destga futbolchilarni almashtirish varianti ham qiziq degan xulosaga keldi. “Barselona” himoyachini 20 milliondan ko‘proq narxga baholamoqda. Undan tashqari londonliklar darvozabon Neto nomzodini ham muhokama qilishga tayyor.

“Ko‘k-anorranglilar” muzokaralarni 30-iyunga qadar yakunlamoqchi, klub direktori Mateu Alemani muzokaralarni boshlash uchun bir necha kun oldin Londonga uchib ketgan.

“Barselona”dagilarning yaqin orada Aspilikueta va Alonsoning transferi bo‘yicha kelishuv amalga oshishiga ishonchi komil. Markos bilan 3 yillik, Sesar bilan 2+1 ko‘rinishidagi shartnoma imzolanadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!