Bir dorini ishlab chiqarish uchun 10-15 yil kerak, ammo koronavirusga qarshi dorini butun dunyo birlashib tayyorladi. Bu haqda Bioorganik kimyo instituti direktori Shavkat Salixov 10-may kuni COVID-19 ga qarshi O‘zbekiston va Xitoy olimlari tomonidan yaratilgan yangi original innovatsion dori vositasi hamda uning davolash samaradorligi to‘g‘risida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Ma’lum qilinishicha, Remindevir VV116 dori preparati Xitoy va o‘zbekistonlik olimlarning ilmiy hamkorlikda yaratgan ilmiy mahsuloti bo‘lib, COVID-19 ga chalingan kasallik darajasi o‘rtacha bo‘lgan bemorlarni qisqa muddatlarda davolash xususiyatiga ega. Mazkur dorining xususiyati SARS-CoV-2 virusining ko‘payishiga sabab bo‘luvchi RdRP fermentining faolligini tezda ishdan chiqaradi va uning organizmda tarqalishini to‘xtatadi. Uning dori shakli tabletka ko‘rinishida bo‘lib, tez eruvchan va organizmga so‘riluvchan, hamda davolash samaradorligi bo‘yicha hozirgacha COVID-19 ga qarshi jahonda yaratilgan ilg‘or dorilar bilan raqobatlasha oladigan va nihoyat eksport potensiali keng bo‘lgan yangi, original innovatsion doridir.
Ta’kidlanishicha, VV116 (Remindevir) 2021 yili koronavirusning o‘rta va og‘ir shakllariga chalingan bemorlarda klinik sinovdan o‘tkazilgan. Ekspert komissiyasi mazkur dori vositasining COVID-19 kasalligini davolashda samarali degan xulosaga kelgan. 2021 yilning dekabr oyidan mazkur dorini O‘zbekistonda foydalanishga ruxsat berilgan.
Bioorganik kimyo instituti direktori Shavkat Salixov ushbu dorini tayyorlashda kechikilmagani haqida gapirib, koronavirus hali tugamaganini aytdi.
“Koronavirus mutatsiyaga uchrab, boshqa turi chiqadi. Bizda koronavirus avj olganda Xitoyda yo‘q bo‘lib qolgandi. Hozir esa Xitoyda avjiga chiqyapti yana. Bugun o‘qib qoldim, Amerikada kuz-qish mavsumida 100 million kishi kasal bo‘lishini taxmin qilyapti. Bu bir variant. Ikkinchi variant, albatta, koronavirus endi dastlabki yillardagi kabi og‘ir bo‘lmaydi. Lekin bu virus hali grippga o‘xshab yuraveradi. Nimaga biz grippni yo‘q qilolmaymiz? Gripp ham juda qattiq mutatsiya qiladi. Lekin koronavirusning mutatsiyasi grippnikiga qaraganda 10 baravar tezroq mutatsiya bo‘ladi. Shuning uchun ham men o‘ylayman bu dorining ishlab chiqarilishi o‘z vaqtida bo‘lmoqda. O‘zi bir dorini ishlab chiqarish uchun 10-15 yil kerak. Lekin koronavirusga qarshi dorini butun dunyo birlashib tayyorladi. Koronavirus hamma joyda bo‘lyapti. Tasavvur qiling, Xitoyning Uxan shahrida 10-15 kishi kasal bo‘lgandi, shuning ortidan butun dunyoga tarqaldi. Shu bois ham koronavirus Amerikada avj olyapti, Xitoyda avj olyapti deyish to‘g‘rimas. Biz xotirjamlikka berilmaymiz”, — deydi mutaxassis.
Izoh (0)