O‘zbekiston Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, vaqtinchalik soliq imtiyozlariga, prezident yoki hukumat qarorlarida yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i hamda yuridik shaxslarning yer solig‘idan to‘liq ozod qilish imtiyoziga ega soliq to‘lovchilar mazkur soliqlarni 1 foizi miqdorida to‘laydi (mazkur tartib 3 oydan so‘ng kuchga kiradi).
Foyda solig‘ini hisoblashda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga xayriya qilingan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
Bolalikdan nogiron bo‘lganlar, shuningdek, I va II guruh nogironlarining Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari (2 million 466 ming so‘m) miqdoridagi mablag‘lari daromad solig‘iga tortilmaydi (ilgari MHTEKMning 1,41 baravari edi – 1 million 159 ming so‘m). Ushbu tartib 2022-yil 1-martdan yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar 5 yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi. Ilgari 3 yil edi.
Ushbu tartib 2022-yil 1-yanvardan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoit yaratmagan mehmonxonalar uchun javobgarlik belgilanayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)