Mustaqil Belarusning birinchi rahbari Stanislav Shushkevich 4-mayga o‘tar kechasi Minskda 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning rafiqasi Irina Euroradio nashriga ma’lum qildi.
Aprel oyining oxirida Shushkevich COVID-19 bilan kasallanganidan keyin reanimatsiyaga yotqizilgan. Ikki kundan keyin siyosatchi kasalxonadan chiqqan, ammo uning sog‘lig‘i yomonlashib borgan.
Stanislav Shushkevich 1991—1994-yillarda 12-chaqiriq Belarus Oliy Kengashiga rahbarlik qilgan. Respublika rahbari sifatida u SSSRning parchalanishiga xizmat qilgan Belovej kelishuvlarini imzolagandi.
1994-yilning yozida Shushkevich Belarusdagi birinchi prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan va 9,91 foiz ovoz olib, to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Saylovda Aleksandr Lukashenko g‘alaba qilgan edi.
Mart oyi oxirida Ozarbayjonning birinchi prezidenti Ayaz Mutalibov 83 yoshida vafot etgandi.
Shuningdek, Mali sobiq prezidenti Ibrohim Bubakar, Yevropa parlamentining rahbari David Sassoli, Janubiy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti, tinchlik bo‘yicha Nobel sovrindori Frederik Villem de Klerk vafot etgani haqida xabarlar berilgan.
Izoh (0)