Futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasining 35-turidan o‘rin olgan so‘nggi o‘yinda “Manchester Yunayted” va “Brentford” jamoalari 2-may, dushanba kuni o‘zaro to‘qnash keldi.
“Old Trafford”da o‘tgan o‘yin mezbonlarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. 9-daqiqada Brunu Fernandesh hisobni ochdi, birinchi bo‘lim yakuniga Krishtianu Ronaldu jamoasining ajoyib hujumini yakunlab, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygandi, biroq hakam vaziyatni o‘yindan tashqari holat deya baholab, golni bekor qildi. Shunga qaramay 61-daqiqaga kelib, Ronaldu penaltidan gol urishning uddasidan chiqdi va oradagi farqni oshirdi. 72-daqiqada esa Rafael Varan burchakdan oshirilgan to‘pni darvozaga joylab, mezbonlarning yirik g‘alabasini ta’minladi.
Ushbu g‘alabadan keyin “Manchester Yunayted”ning ochkolari soni 58 taga yetdi, jamoa 6-o‘rinda bormoqda. Hisobida 40 ochko bo‘lgan “Brentford” 14-pog‘onani band etgan.
APL
35-tur bahsi
2-may, dushanba
“Manchester Yunayted” – “Brentford” 3:0
Gollar: 1:0 – 9 Brunu Fernandesh, 2:0 – 61, penalti Ronaldu, 3:0 – 72 Varan.“Manchester Yunayted”: De Xea, Diogu Dalot, Varan, Lindelyof, Telles, Mata (Jons, 75), Matich (Fred, 71), Brunu Fernandesh, Maktomini, Ronaldu, Elanga (Kavani, 75).
“Brentford”: Rayya, Roerslev, Yansson, Ayer, Sorensen, Genri, Eriksen, Nergor (Yensen, 71), Yanelt (Dasilva, 71), Touni, Mbemo (Vissa, 76).
Ogohlantirishlar: Matich (54).
Izoh (0)