Sputnik Afganistan O‘zbekistonga tegishli uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari Afg‘oniston havo makonini buzib o‘tgani haqida xabar tarqatdi. Mudofaa vazirligi holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bu kabi tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston Harbiy havo kuchlari tomonidan qo‘shni davlatlar havo makonini buzish holatlari bo‘lmagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘shni davlatlar aviatsiyasi tomonidan mamlakat havo makonining buzilish holatlarini qayd etmagan.
“Mudofaa vazirligining uchuvchisiz boshqariladigan, qiruvchi va ishg‘ol aviatsiyasi qat’iy belgilangan tartibda jangovar navbatchilik o‘tamoqda”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Termiz shahri atrofida O‘zbekiston harbiylari Afg‘oniston hududidan raketalar bilan o‘qqa tutilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov holatga munosabat bildirib, xabarlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 30-aprel kuni O‘zbekiston Ramazon munosabati bilan Afg‘onistonga 58 ta vagondan iborat poyezdda insonparvarlik yordamini jo‘natdi.
Izoh (0)