AQSHda 1910-yilda ishlab chiqarilgan Pioneer 30-60 traktori sotuvga qo‘yildi. Xuddi lokomotivga o‘xshaydigan ulkan g‘ildiraklarga ega qadimiy mashina 500 ming dollarga baholanmoqda. Bu pulga Rolls-Royce Ghost’ning Black Badge nomli maxsus versiyasini xarid qilish mumkin, deb xabar beradi Motor.
Traktor Minnesota shtatining Uinona shahridagi Pioneer Tractor Mfg.Co. firmasi tomonidan yasalgan. U 1900-yillar boshidan 1927-yilga qadar — Buyuk depressiya boshlangunga qadar qishloq xo‘jaligi texnikasi bo‘yicha muvaffaqiyatli savdolarni amalga oshirgan.
Mazkur traktor 1910-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu kompaniyaning eng mashhur va eng birinchi modeli hisoblanadi. 10 tonnali mashinaning orqa g‘ildiraklari diametri 2,4 metrni tashkil etadi, 20,2 litr hajmga ega to‘rt silindrli dvigateli esa 60 ot kuchini taqdim etishga qodir. Traktor soatiga 10 kilometr tezlikda harakatlana olgan.
XX asr boshlarida ushbu model narxi 2,7 ming dollarga baholangan — hozirgi kunda bu 77,5 ming dollar ekvivalentni tashkil etadi. Kompaniya o‘zining reklama roligida mashinaning bu qadar qimmatligini Pioneer “boshqa ishlab chiqaruvchilarning traktorlaridan farqli ravishda hech qanday kamchilikka ega emasligi” bilan izohlagan.
Hozirda noyob traktor 500 ming dollarga baholanmoqda. Model 17 yil davomida ishlab chiqarilganiga qaramay, bugungi kunga qadar Pioneer’ning 14 ta modeli yetib kelgan, xolos. Mustaqil yura oladiganlari esa sanoqli bo‘lib, ular orasida 1997-yilda to‘liq restavratsiya qilingan mazkur model ham bor.
Izoh (0)