“Manchester Yunayted” APLning 34-turidan o‘rin olgan bahsda “Arsenal”ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Mankunianliklar Premyer Liganing ketma-ket 4 ta safar bahsida mag‘lubiyatga uchradi. Ralf Rangnik shogirdlari avvalroq “Manchester Siti” (1:4), “Everton” (0:1) va “Liverpul”ga (0:4) mag‘lub bo‘lgandi. Bu so‘nggi 41 yil ichidagi eng yomon natija hisoblanadi.
“Qizil iblislar” bundan ham yomonroq natijani 1980-yil dekabr oyidan 1981-yil mart oyiga qadar bo‘lgan davrda qayd etgan. O‘shanda manchesterliklar ketma-ket 6 ta safardagi o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan.
Ralf Rangnik jamoasi barcha musobaqalardagi so‘nggi 10 ta o‘yinning 5 tasida imkoniyatni boy bergan. Qolgan 5 o‘yinning 3 tasida durang natija qayd etilgan bo‘lsa, faqatgina ikkitasida — “Tottenhem” (3:2) va “Norvich”ga (3:2) qarshi bahslarda g‘alaba qozongan.
“Manchester Yunayted”ning keyingi raqibi “Chelsi”. Jamoalar 28-aprel kuni o‘zaro bahs olib boradi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)