Yelena Kostyuchenko Ukrainaga Rossiyaning “Novaya gazeta” muxbiri sifatida borgan edi. Uning Odessa, Xerson va Nikolayev shaharlarida tayyorlangan reportajlari ushbu gazetada senzura cheklovlari bilan e’lon qilingan. Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga rioya qilinganiga qaramay, Bosh prokuratura va “Roskomnadzor” talabi bilan matnlar o‘chirib tashlangan, “Novaya gazeta” esa o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
“Novaya gazeta. Yevropa” nashri uchun maxsus ravishda Yelena Kostyuchenko Ukrainadagi urushda o‘zi ko‘rgan narsalar haqida gapirib berdi.
“Omadim kelgani” haqida
— Ukrainadan 1-aprel kuni jo‘nab ketdim. O‘sha paytda hali boshqa narsaga chalg‘iy olmasdim, fikr-u xayolim hamon o‘sha yoqda, urushda edi. Hozir yeyishga va uxlashga harakat qilyapman.Bir martagina, shunda ham o‘z aybim bilan dahshat ichida qolgandim. Bu voqea Xersonda bo‘lgandi. U yerda kechki sakkizdan komendantlik soati boshlanadi, lekin mashinalar undan ikki soat oldinroq yurishdan to‘xtaydi. Men esa o‘zim tunaydigan joygacha mashina chaqirishga ulgurmay qoldim. Ya’ni chaqirgandim, ammo hech kim kelmadi. Piyoda yetib olishga ulgurmasdim, yaqin yo‘ldan borish uchun daryo ustidan o‘tgan temir yo‘l ko‘prigidan yurishimga to‘g‘ri kelar edi.
Ko‘prikning bir chetidan, relsdan nariroq bo‘lgan metall to‘r ustidan yurishim kerakligini bilmagandim. Men esa shpallar ustidan yurib o‘tayotgandim, sekin-asta ular kamayib bora boshladi. Shpallar bir joyda bor, bir joyda yo‘q. Oyoq ostidagi yer esa o‘pirilib, uning tagidan o‘ttiz metrcha chuqurlikda daryo ko‘rinib turardi. O‘sha paytda dahshatga tushganman.
Men bu urushda o‘q ostida qolmadim. Ikki marta front chizig‘ini kesib o‘tdim. Ikkalasida ham omadim kelgan: qiyinchiliklarga uchraganman, deya olmayman.Bir marta Rossiya blokpostlaridan birini aylanib o‘tganman, ular mashinani o‘qqa tutsa-ya, degan xayolga borganman, ammo unday bo‘lmagan.
2015-yilda Donbassga qilgan xizmat safarim, hayotimda birinchi marta urushga borganim bilan taqqoslasak… O‘shanda men faol jangovar harakatlar markaziga tushib qolganman. Gorlovkada ko‘p ishlaganman, u esa Ukraina armiyasi qo‘l ostida tutib turgan yarim halqada joylashgan edi. O‘sha paytda Gorlovka va Debalsevodan qay biri bardosh berib, qay biri qulashi aniq emasdi. Gorlovka faol tarzda artilleriyadan o‘qqa tutilar edi, men bir necha marta artilleriya o‘qlari yomg‘iri ostida qolganman. Bu qo‘rqinchli. Juda ko‘p qurbonlar bo‘lgandi, shu jumladan tinch aholi orasidan ham, uzilib tushgan qo‘llar, oyoqlar juda ko‘p edi — bularning barchasi yodimda.
Hozir bo‘layotgan urushda men janubiy yo‘nalishda ishladim va biror marta ham faol jangovar harakatlarga duch kelmadim, lekin Nikolayev shahri har kuni Rossiya armiyasi tomonidan o‘qqa tutilib yotibdi. U yerda [2015-yil] Gorlovkada men ishlagan paytimdagidek kuchli otishmalar bo‘lmasa-da, hozir Ukrainadagi eng dahshatli joy — bu doimiy ravishda o‘q yog‘dirilayotgan Mariupoldir. U yerga, afsuski, bora olmay qoldim, shuning uchun aytish mumkinki, bu urushdagi eng qo‘rqinchli holatni men ko‘rmadim.
Kadr ortida qolgan narsalar haqida
— Buchada o‘ldirilganlarning fotosuratlarini ko‘rgandan keyin, ular ichingizda umrbod qoladi, xuddi abadiy siymolar kabi. Lekin o‘sha yerga, urushning ichiga tushib qolganingizda, har bitta siymo tugal ma’no kasb etadi. Buni fotosuratlar yetkazib bera olmaydi, men juda kuchli his qilgan narsa shuki, bu Ukraina uchun shunchaki urush emas — bu Ukraina uchun Buyuk Vatan urushi. Bu — xalq juda jips bo‘lib birlashgan lahza, bu ayni vaqtda sodir bo‘lmoqda. Hamma odamlar birlashgan: maskirovka to‘rlari bolalar bog‘chalarida to‘qilmoqda; Molotov kokteyllari maktablarda tayyorlanmoqda; odamlar hududiy mudofaaga yozilish uchun pora oladiganlarni qidirmoqda (hozir hududiy mudofaaga kirib bo‘lmaydi); odamlar ko‘ngilli sifatida frontga bormoqda, va harbiy komissariatlar (voyenkomat) oldidagi navbatlar haqidagi hikoyalarning barchasi — haqiqat. Bu navbatlarni, odamlar birlashishi lahzasini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman.Volontyorlik (ko‘ngillilar) harakati ham g‘oyat katta: u butun Ukrainani qamrab oladi. Butunlay turlicha kasblar, har xil hayot tajribalariga ega odamlar boshqalarga yordam berish uchun uyushmoqda. Ular berayotgan ko‘makning qamrovi keng.
Bu urushda men nuqul sovqotardim: bu haqiqatan ham juda sovuq bahor bo‘ldi va bo‘lyapti. Ukrainlarning shunday gapi bor: “La’nati ruslar bahorni o‘g‘irladi”. Bahor juda sovuq bo‘lyapti. Isitish tizimi o‘chirilgan, infratuzilma izdan chiqqan aholi punktlarida, shaharlarda odamlar yashash uchun sovuq bilan kurashdi. Sovuq ham jiddiy dushman, lekin uni fotosuratlarda ko‘rib bo‘lmaydi.
Va umuman olganda, urushdagi maishiy hayot: ovqat qidirish va tayyorlashga yoki A nuqtadan B nuqtaga borishga ketadigan vaqt; komendantlik soati qancha vaqtni olib qo‘yishi; yurgan mish-mishlar, ularni tekshirib ko‘rishga (qay biri haqiqat-u, qay biri yolg‘onligini) urinishlar — bularning barchasi ham kadr ortida qoladi.
Xersondagi mitinglar haqida
— Istilo boshlanganidan buyon Xersondagi odamlar har kuni soat 12 da istiloga qarshi mitingga chiqadi. Men bilamanki, rossiyalik harbiylar Xersonda odamlarni o‘g‘irlab ketib so‘roq qilmoqda va bu mitinglar tashkilotchisi kimligini aniqlashga intilmoqda. Ammo haqiqat shuki, bu mitinglarning tashkilotchilari yo‘q. Faqat aniq vaqti — kunduzi 12 — va aniq joyi — shaharning bosh maydoni, Ozodlik maydoni bor. Har xil odamlar chiqib Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib yuradi, olomon orasida ikkita karnay (megafon) qo‘ldan qo‘lga o‘tib yuradi, odamlar u orqali ichlarida to‘lib-toshgan alamlarni aytib oladi. Yo‘lning shunday narigi tomonida esa rossiyalik harbiylar band qilgan viloyat kengashi joylashgan, va ularga qarata baqirish ham mumkin. Ularga qarab aytiladigan asosiy gap: “Sog‘-omonligingda uyingga qayt”. “Ukraina yagona, birdam”, “Xerson — bu Ukraina” deb baqirishadi, Ukraina madhiyasini kuylashadi.Meni hayron qoldiradigani, odamlar Xersonni egallab olgan rossiyalik askarlarga murojaat qilishda davom etmoqda. Bu murojaatlar dard-alam va boshqa turli tuyg‘ularga to‘la ekani tushunarli. Lekin ukrainaliklar ularga murojaat qilyapti, ular bilan gaplashyapti.Bu hayratlanarli.
Bu mitinglarga ancha vaqt okkupatsiya (istilo) ma’murlari tomonidan hech qanday bosim o‘tkazilmay kelayotgandi. Lekin men bilamanki, mitinglardan besh kishi g‘oyib bo‘lgan — ehtimol, ular o‘g‘irlab ketilgan. Men o‘sha yerda paytimda bu “suv sulhi” buzilgandi: viloyat kengashi binosi qarshisidagi stelaga kimdir tunda, komendantlik soati chog‘ida qizil bo‘yoq bilan “Ukraina qurolli kuchlari — Donbass farzandlari qotili” deb yozib ketgan edi. Ushbu stelaga joylashtirilgan, Donbassda halok bo‘lgan askarlarning portretlari ustiga yozib ketishgan. Mitingga chiqqan odamlar esa bu yozuvni o‘chirish uchun yugurib borgan, ammo ularga gaz granatalari, yorug‘lik-shovqin granatalari yog‘dirilgan. Keksa erkaklardan biri qattiq jabrlanganidan xabarim bor: oyoq suyagiga shikast yetgandi. U qanday o‘q bo‘lgani tushunarsiz, chunki u topilmadi. Operatsiya qilgan shifokorlar o‘q jangovar emas, travmatik bo‘lganini taxmin qildi, biroq oyoqqa ancha jiddiy zarar yetgandi.
Ertasi kuni odamlar yana mitingga chiqdi. Men ham u yerda edim. Voqealar odatiy Rossiyaga xos ssenariy bo‘yicha rivojlandi: odamlar mitingga chiqadi, mahbuslarni tashuvchi avtomobil yetib keladi, odamlar unga chiqariladi, hibsga olish rejalashtirilayotgani haqida ogohlantirishadi — odamlar bunga javoban baqira boshlaydi, keyin olomonga ancha shiddat bilan gaz granatalari yog‘diriladi. Gazli granata bir odamning orqasiga kelib urilganiga guvoh bo‘lganman — u nafas olishga qiynala boshlagandi va “tez yordam” mashinasida olib ketilgandi.
Odamlarning o‘g‘irlanishi haqida
— Xersonda vaziyat ancha qo‘rqinchli bo‘lishiga qaramasdan, odamlar mitinglarga chiqishda davom etmoqda. Shunisi qo‘rqinchliki, odamlar yo‘qolib qolmoqda. Istilo boshidan buyon o‘g‘irlab ketilgan yoki g‘oyib bo‘lgan 44 kishining ism-sharifini bilaman. Agar ular o‘g‘irlab ketilgan bo‘lsa, buni “Z” harflari tushilgan Rossiya harbiy formasini kiygan odamlar qilgan. Kishining boshiga qora axlat qopini kiydirib, uyidan chiqarib ketishadi. Yoki bo‘lmasa, odamlar Rossiya blokpostlarida g‘oyib bo‘lmoqda. Ularning undan keyingi taqdiri noma’lum.Biroq men dastlab g‘oyib bo‘lib, keyinroq qaytib kelgan bir necha kishini topdim va ularning hikoyalaridan qayerda saqlanganini bilib oldim. Bu Teploenergetiklar ko‘chasi 3-uydagi sobiq tergov izolyatsiyasi bo‘lib, u yerda Rossiya istilo ma’murlari improvizatsion qamoqxona tashkil qilgan. Odamlarni do‘pposlashadi, so‘roq qilishadi, so‘ng yana do‘pposlashadi. U yerdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan odamlar so‘zlariga ko‘ra, ikki nafar chet el — Ispaniya va Niderlandiya fuqarolari ham bor. Ular achinarli holatda, Niderlandiya fuqarosi esa o‘lim yoqasida.
Shaharning yetakchi Telegram-kanallarini qidirishmoqda, chunki Xersondagi an’anaviy OAVlar ishlashdan deyarli to‘xtagan. Jurnalistlar, faollar, volontyorlar va qachondir Donbassda xizmat qilgan odamlarni hamda UXX (Ukraina xavfsizlik xizmati) xodimlarini qidirishgan. Ammo, bilishimcha, UXX xodimlarining barchasi urushning ilk kunlaridanoq shaharni tark etgan, shuning uchun ham ularni topisha olmagan, menimcha. Oddiy fuqarolar esa faol ravishda g‘oyib bo‘lmoqda: 5-aprel kuni Xerson meri 100 dan ortiq kishi yo‘qolganini ma’lum qilgandi.
Qamaldagi hayot haqida
— Xerson istilo boshlanganidan buyon qamal ichida qolgan: shaharga kirish va chiqish yo‘llarining barchasi Rossiya armiyasi tomonidan nazorat qilinadi, logistika juda buzilib ketgan. Bu oziq-ovqat tashish va dori yetkazib berishni normal tashkil etishga xalal beradi. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq vaziyat yaxshilandi, chunki ulgurji baza yana ishlashni boshladi va shaharga sabzavotlar olib kirildi, ammo dorilar bilan bog‘liq holat juda yomon.Xerson kasalxonalarida eng muhim dorilarning bir-ikki oyga yetadigan zaxirasi bor. Bular kasalxonaga kelib tushgan juda keskin holatdagi odamlar uchun kerak bo‘ladigan dorilardir. Biroq surunkali kasalliklarda zarur bo‘ladigan, yashashga ko‘maklashib turishi uchun qabul qilish kerak bo‘lgan dorilar guruhlarining hech biri shaharda yo‘q. Yurak dorilari, qon bosimini pasaytiruvchi yoki normallashtiruvchi dorilar, psixotrop dorilar, L-tiroksin (bu dorini qalqonsimon bezi olib tashlangan yoki ishlamaydigan odamlar butun umr qabul qilib yurishi kerak), gormonal dorilarning hech qaysisi yo‘q. Bu gumanitar halokat. O‘z yaqinlarining ahvoli kundan kunga yomonlashayotganini ko‘rib turib, ularga yordam bera olmayotgan xersonliklar uchun esa juda og‘ir vaziyat.
Shahardan chiqib ketishning deyarli iloji yo‘q. Men esa bir mo‘jiza sabab bunga muvaffaq bo‘ldim.
Shahardan chiqib ketishga uringan oddiy fuqarolar mashinalari, shu jumladan, ichida bolalar bo‘lgan avtomobillar ham o‘qqa tutilgani qayd etilgan holatlar bor. Shunday o‘qqa tutilgan bitta mashina haqida aniq bilaman, lekin, tushunishimcha, bunday holatlar bir necha marta yuz bergan.U yerda Xersondan Nikolayevga olib boruvchi ikkita asosiy yo‘l bor. Shahardan chiqib ketayotganimda dastlab Chernobayevkaga olib boradigan yo‘l bo‘ylab yurdim. Rossiyaning uchta blokpostidan muvaffaqiyatli o‘tib oldim, uchinchi blokpostda menga: “Sizni o‘tkazib yuboramiz, lekin keyingi blokpostda sizni o‘qqa tutishadi”, — deyishdi. Mening “Nima uchun?” degan savolimga javoban ularda shahardan chiqib kelayotgan barcha mashinalarga o‘q uzish haqida buyruq borligini aytishdi. Men: “Oddiy fuqarolar mashinalarinimi?” — deb so‘radim. U tasdiq javobini berdi, shu jumladan oddiy fuqarolar mashinalari ham, dedi. Mana shuni o‘z quloqlarim bilan eshitdim.
Oziq-ovqat mahsulotlari hozir ikki baravar qimmatlashgan, tuxum esa, masalan, uch baravar qimmatlashgan. Asosiy katta supermarketlardan un, makaron, yormalar, shakar g‘oyib bo‘lgan. Lekin ularni bozordan uch baravar qimmatga topish mumkin. Shaharga faqat Rossiya gumanitar yordami yetkazilmoqda, Ukraina gumanitar yordami qo‘yilmayapti. Men o‘sha yerda paytimda yuk mashinalaridan gumanitar yordamni tushirishganini ko‘rgandim.
Shu yerda xersonliklar uchun murakkab ma’naviy tanlov yuzaga keladi: istilo ma’murlaridan yordam olish kerakmi, yo‘qmi? Bu yordamni qabul qilgan odamlarni ko‘rganman. Ular bilan suhbatlashganman. Umuman olganda, bu odamlar — ular qanchalik samimiy, bilmayman — Rossiya propagandasi hikoyasini takrorlaydi: “Ruslar tartibga keltirish uchun bu yerga keldi; bizning hukumat yomon, rus hukumati esa yaxshi; ular bu yerda bizning hayotimizni yaxshilab beradi”. Bu gumanitar yordamni olgan odamlar, ko‘rdimki, bunga juda-juda ehtiyojmand, ular juda nochor odamlar. Umuman olganda, ularning boshqa yo‘li yo‘q, buni o‘zlari ham aytib turadi. Ular qimmatlashib ketgan mahsulotlarni sotib ololmaydi — ular bepul mahsulotlar to‘plami uchun navbatda turishga majbur. Bu navbatlarda, siyosat haqida gap ketganda, ular Rossiya hukumatidan qanchalar minnatdor ekanini aytadi. Rossiya hukumati bu odamlarni shunday vaziyatga qo‘ygani menga qabih bo‘lib tuyuladi. Bu minnatdorlikni samimiy deb qabul qilish kerak, deb o‘ylamayman: bu odamlar juda qiyin sharoitda qoldirilgan.
Qrim — Xersondan chiqib ketishning yagona usuli. Istilo ma’murlari tomonidan ishlab chiqilgan evakuatsiya yo‘nalishlari faqat Qrim, bosib olingan hudud tomonga bor. Bilaman, odamlar shunga ham ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tish viloyat kengashi binosida bo‘ladi, avtobuslar tashkil qilinadi va 2—3 kunda bir marta ular karvon bo‘lib Qrimga yo‘l oladi. Ammo bilishimcha, direktorlar Xersondan urushning eng birinchi kunlarida, hali buning imkoni bo‘lgan paytda chiqib ketgan. Va ular Ukraina nazorati ostidagi hududga qarab ketgan. Xerson ma’muriyati hisob-kitoblariga ko‘ra, shaharning taxminan uchdan bir qismi ketib qolgan. Qrimga avtobuslar oqimi qanchalik serqatnovligidan xabarim yo‘q, men u yerdaligimda ko‘rmaganman.
O‘zini himoya qilish haqida
Men Vodnikov kasalxonasi bosh vrachi Alla Pavlovna Malitskaya bilan suhbatimni eslab qolganman. Dastlab u menga kasalxonada yo‘q narsalar haqida, uch haftadan keyin dializ uchun sarf materiallari va boshqa narsalar tugashi haqida uzoq gapirdi. Keyin uning yoniga istilo ma’murlari kelib unga qandaydir yordam kerakligi bilan qiziqqanini aytdi. U: “Bizning hech narsaga ehtiyojimiz yo‘q”, — deb javob bergan. Undan nima uchun bunday deganini so‘radim. U aytdiki, Ukraina jinoyat kodeksida istilochilar bilan birga ishlaganlik, hamkorlik qilganlik uchun modda bor ekan. “Agar shunday modda bo‘lmaganida, olarmidingiz?” — deb so‘radim. U baribir olmagan bo‘lishini aytdi.Sababi bilan qiziqdim. Aytishicha, uning oilasi Qrimdagi bir qishloqdan ekan. Juda qadimiy, juda ukraincha bir qishloq ekan. U Xersonda yashab, kasalxonaga rahbarlik qilgan, ota-onasi esa Qrimda yashayvergan. Istilodan keyin otasi vafot etgan, u esa onasining yelkasiga moliyaviy yuk tushmasligi uchun Xersondan qabr toshi buyurtma qilgan. Qabr toshini u bir necha marta chegaradan olib o‘tishga uringan. Ya’ni Ukraina nazorati ostidagi hududdan Rossiya nazorati ostidagi hududga, Qrimga. Har safar bu yodgorlik uchun rad javobi olgan. Goh ruxsatnoma talab qilishgan, goh 3,5 ming dollar yoki yevro so‘rashgan. Har safar u bu qabr toshi bilan Xersonga qaytib kelavergan. Oxir-oqibat, onasi ham vafot etgach, uni endi Xersonga, otasidan alohida joyga dafn qilgan. Endi esa uning shahri ham istilo ostida qoldi. Bu hikoya menga qattiq ta’sir qildi.
Tropinix nomidagi kasalxona bosh shifokori rossiyalik harbiylar kelib, goh u, goh bu narsani so‘ragani va kasalxonada osilib turgan Ukraina bayrog‘ini olib tashlashni talab qilganini aytib bergandi. Keksa yoshdagi bosh shifokor bayroqni tushirmasligini aytgan. Ular kechqurun qaytib kelishini, shungacha bayroq bo‘lmasligi kerakligini tayinlagan. Siz nima qildingiz, deb so‘radim undan. U esa tinch va xotirjam holatda dedi: “Hech narsa qilmadim. Ko‘rdingiz-ku: bayroq osilib turibdi — ular qaytib kelmadi”. Mana shu xotirjamlik — buni hatto mardlik deb ham bo‘lmaydi, — balki shunchaki xotirjam turib o‘zini, “o‘ziniki”ni himoya qilish juda hayratda qoldiradi, albatta.
Halok bo‘lganlar, harbiylar va tinch aholi haqida
— Men Xerson viloyat sudtibekspertiza byurosida bo‘lganman, uning rahbari bilan suhbatlashganman. Ma’lum bo‘lishicha, jasadlarning uchdan ikki qismining shaxsi aniqlanmagan, ya’ni ular juda yomon ahvolda.Va u urush boshlanganidan keyin uch hafta o‘tib, Ukraina tomonidan qabul qilingan hujjatni ko‘rsatdi, unga muvofiq, jasadni istalgan shifokordan olish mumkin bo‘lgan o‘lim haqidagi ma’lumotnoma bilan birga saqlash mumkin. Ya’ni agar avval g‘ayritabiiy o‘lim ko‘rgan jasadlarning barchasi sudtibekspertizadan o‘tgan bo‘lsa, endi bu majburiy bo‘lmay qolgan.Va u qurbonlarning haqiqiy sonini hozircha bilmasliklarini aytdi. Odamlar shunday ma’lumotnomalarni olib jasadlarni dafn qilmoqda. Yoki hatto bu ma’lumotnomalarsiz ham dafn etmoqda. Masalan, Xersonni mudofaa qilishga urinish chog‘ida halok bo‘lgan hududlar mudofaasi jangchilari shunday dafn qilingan. Bu 67 jasaddan faqat bittasi viloyat byurosi orqali o‘tgan.
Ammo Xersonda, tushunishimcha, shunchaki tiriklayin kuyib ketib halok bo‘lgan harbiylar ko‘p. Chunki birinchi kunlari Rossiya harbiy qismlarga — odamlar uxlab yotgan kazarmalarga zarbalar bergandi. U yerdan chiqqan kuyib ketgan jasadlar juda ko‘p. Antonov ko‘prigidan juda kuchli shikast ko‘rgan jasadlar kelgan.
Tinch aholi vakillari, oddiy fuqarolar jasadlari haqida gapirsak, ular orasida snaryad parchasidan yetgan yaralar, o‘q tekkan yaralar ham bor. Menga shahardan chiqib ketishda o‘qqa tutilgan mashina haqida juda aniq qilib aytib berishgandi: unda uch nafar katta odam va ikki nafar bola bo‘lgan, kichkina bola uch oylik o‘g‘il bola bo‘lgan. Ularda o‘q tekkan yaralar bo‘lgan. Ya’ni odamlar qo‘l qurolidan otib o‘ldirilgan.
Nikolayev shahrida ham sudtibekspertiza byurosida bo‘lganman, u yerda halok bo‘lgan oddiy fuqarolarning asosiy qismiga snaryad parchalari tekkan. Marhumlar orasida bolalar ham bor. U yerda ikki qizchaning, opa-singillarning jasadlarini ko‘rgandim. Ikki jasad ustma-ust yotardi. Pastdagi, katta qizcha Veronika Biryukova 17 yoshda, kichigi — Arina Butim 3 yoshda edi. Ikkalasi ham Meshkovo-Pogorelovo qishlog‘ida yashagan. Snaryad parchalari tegib halok bo‘lgan. Ularning onasi ham yaralangan, ammo u tirik qolgan.
O‘sha paytda bolalar uyiga ketayotgan tarbiyachilar o‘tirgan mashinadan jasadlar olib kelingani yo‘q edi. Urush boshlangach, bolalar uyi Nikolayevdan 67 km uzoqlikdagi Antonovka qishlog‘iga evakuatsiya qilingandi. Bu qishloq yaqiniga Rossiya qo‘shinlari kelib joylashgan. Mashina tarbiyachilar, psixologlar, hamshiralar, ya’ni xodimlar smenasini birinchi marta olib ketmayotgan edi. Va ichida sakkiz nafar ayol bo‘lgan bu mashina qandaydir yirik kalibrli quroldan (qanaqa qurolligi uncha tushunarli emas) o‘qqa tutilgan. Uch ayol halok bo‘lgan, uch ayol yaralangan, haydovchi ham jarohat olgan. U noharbiy mashina bo‘lgan, unga qizil xoch belgisi tushirilgan, bu ushbu mashina gumanitar missiya bilan yurib ketayotganini anglatadi. U esa rossiyalik askarlar tomonidan otib tashlangan. Bu men bilganlarim. Men holatni o‘rgandim va haydovchi bilan ko‘rishdim. Menda o‘sha joydan olingan fotosuratlar bor. Halok bo‘lganlarning ism-shariflarini bilaman. Aslida o‘limlar, yaralanishlar, hujumlarni hujjatlashtirish ishi og‘ir, ammo zarurdir.
Mudhish lotereya haqida
— Juda ko‘plab oddiy tinch fuqarolar urushning ilk kunlaridan shaharni tark etib xatolikka yo‘l qo‘ydi, ular qishloqlarga, shaharlar tashqarisiga ketib, u yerda jiddiy jangovar harakatlar bo‘lmaydi, deb umid qilgan. Oxir-oqibat, aksariyat shaharlarda front chizig‘i aynan qishloqlar va shahar tashqarisidan o‘tdi. Mana hozir Bucha va Gostomel misolida biz qishlog‘ingda Rossiya qo‘shinlari turganida nima sodir bo‘lishi haqidagi dahshatli haqiqatni bilib olyapmiz. Qamal qilingan yagona yirik shahar — eng dahshatli misol, — bu Mariupol. Shahar deyarli vayron qilingan.Umuman olganda, odamlar qishloqlarga ketib, noto‘g‘ri tanlov qildi, deb men aytayapman. Aslida urushda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tanlov qilib bo‘lmaydi. Qaysidir yo‘lni tanlayotganingda, u seni qutqarib qolishi yoki o‘limga olib kelishini oldindan bila olmaysan. Ayniqsa, yaqinlaringning hayoti senga bog‘liq bo‘lganida, nafaqat o‘zing uchun, balki o‘z oilang uchun qaror qabul qilishing kerak bo‘lsa, va sen nima qilishni bilmasang, bu doim yelkangda turadigan yukdir. Ya’ni kimdir ketib, o‘sha yerda halok bo‘ldi, kimdir esa ketishga urinib, barcha blokpostlardan o‘tib oldi va jo‘nab ketdi, yana kimdir shahardan ketdi, ammo uni otib tashlashdi.
Menga shunday voqeani aytib berishgandi: Mariupolda ikki yigit yegulik izlab chiqqan, hushtak ovozi eshitilganida, biri ikkinchisiga “yot” deb qichqirgan va ular ikki tomonga qarab yiqilgan. Ulardan biri tirik qolgan, ikkinchisini esa snaryad parchalari ikkiga bo‘lib yuborgan.Bu shunaqa mudhish, insoniy bo‘lmagan lotereya. Aslida, mana shu narsa, o‘zini tutishning xavfsiz strategiyasi yo‘qligi urushda odamlarni juda azoblaydi.
Javobsiz savollar haqida
— Oddiy fuqarolar mashinalarini nima sababdan o‘qqa tutishlarini bilmayman. Bolalar uyi tarbiyachilari o‘tirgan mashina haydovchisi aytdiki, ogohlantiruvchi o‘qlar otilgan bo‘lishi mumkin, lekin hech kim buni tushunmagan, chunki odamlar ogohlantiruvchi o‘qlarni tanib oladigan darajada ko‘p eshitmaydi.Xersonning o‘zida men ham yonib ketgan mashinalarni ko‘rganman. Jasadlar olib ketilgan, ammo yongan mashinalarning o‘zi qolgan. Bu qanday bo‘lgan? Nima uchun? Bu vaqtda ularni nima boshqargan?
Xabarim bor, sudtibekspertiza byurosidan marhumlarni qabristonga tashiydigan mashina o‘qqa tutilgan. Bittagina mashina har kuni odamlarni dafn qilish uchun bitta yo‘nalishdan yuradi. Marhumlarning qarindoshlari hozir bormay qo‘ygan, chunki blokpostlardan o‘tish qiyin va xavfli. Vidolashuv morgda bo‘lib o‘tadi, shundan keyin jasad o‘raladi — agar pul bo‘lsa, tobutga, pul bo‘lmasa va tobut bo‘lmasa, shunchaki qopga solinadi. Hozir asosan qora sanitariya qoplariga solinib, qabristonga olib ketilmoqda. Mana shu jasad va ikki go‘rkovni olib ketayotgan mashinaga o‘q uzilgan.
Yigitlar mashinadan yugurib tushgan, uning yoniga, yerga yotib olgan, o‘q yomg‘iri to‘xtashini kutgan. Ular o‘qotar quroldan o‘qqa tutilgan, ya’ni mashinani nishonga olib o‘q uzishgan — bu shu yaqindagi qandaydir tasodifiy artilleriya zarbasi bo‘lmagan. Keyinroq, o‘q yomg‘iri to‘xtaganidan keyin, ular mashinaga o‘tirib, qayrilgan va ortga qaytib ketgan.
Bir kun marhumlar ko‘milmasdan qolib ketgan, keyin yigitlarning o‘zlari: “Jasadlarni dafn qilish kerak-ku — boramiz”. Va ular o‘sha yo‘nalish bo‘yicha jasadlarni dafn qilish uchun yo‘l olgan va bu safar ular o‘qqa tutilmagan. Ya’ni bu qanday sodir bo‘lgan, nima uchun, o‘zi umuman nima sababdan jasad tashuvchi mashinaga o‘q uzilgan, nimani ko‘zlab bunday qilishadi, bularni tushuna olmayman.
Insoniylikdan chiqish haqida
— Nikolayev shahridagi harbiy qism kazarmasi 7-mart kuni tonggi 5 da — odamlar uxlab yotgan paytda nishonga olingan edi. To‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Ularning 5 nafari muddatli harbiy xizmatchi. Tushunishingiz uchun aytaman, ukrainalik muddatli harbiy xizmatchilar umuman urushda ishtirok etmaydi. Ular harbiy xizmatga chaqiriluvchilar. Ukrainada 20 yoshdan chaqiriladi, ya’ni ular muddatli harbiy xizmatni o‘taydigan yosh yigitlar. Bir jasad topilmagan. Uni qidirganlariga guvoh bo‘lganman. Bir necha kun davomida vayronalarni titib chiqishgan. Nikolayevdan ketganimdan keyin, yana bir kazarma nishonga tushganini, o‘ta ko‘p kishi halok bo‘lganini eshitdim. Menga 100 kishi deyishdi, ammo yakuniy raqamlar qanday bo‘lganini bilmayman.Men omon qolgan yigitlar bilan suhbatlashib ko‘rdim. Ulardan birining ismi Yaroslav edi. U bilan birga xizmat qilgan do‘stlarining barchasi halok bo‘lgan. Faqat u va do‘sti Entoni tirik qolgan. U menga shunday dedi: “20 yoshdaman. Veterinar bo‘lish uchun o‘qidim. Endi hech kimga achinmayman”. Mana, rahm-shafqat, achinish hissi siqib chiqarilib, uning o‘rnini urush egallagan holat. Hamma narsani urush egallab oladi — bu hammaga tegishli holat.
Xuddi shunday holatni Donbassda [2015-yilda] ham ko‘rgandim. Ya’ni asta-sekinlik bilan insoniylikdan chiqish yuz beradi. Ukraina qo‘mondonligi bunga boricha qarshilik ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘ldim: harbiy xizmatchilarga g‘animlarni tahqirlamaslik, jangchilarni diniga qarab haqoratlamaslik haqida turli da’vatlar bo‘lgandi.Masalan, halok bo‘lgan qodirovchilarni cho‘chqa terisiga o‘rash haqidagi takliflar bo‘lgandi. Ammo, albatta, urush qanchalik uzoq davom etgani sari odamlarda insoniylik tuyg‘usi shunchalik kamayib boradi.
Volontyorlardan biri menga halok bo‘lgan rossiyalik jangchilar suratlari joylab boriladigan Telegram-kanalni ko‘rsatib, juda shodlangan edi. Bilasizmi, shunday dasturcha bor: u yerga odamning suratini kiritasiz — va u, go‘yoki, kuladi, qandaydir qo‘shiqni aytadi, raqsga tushadi. Qatl qilingan rossiyaliklar — chiriy boshlagan, texnika ezib qo‘ygan, oyoq-qo‘llari uzilib ketgan murdalarning suratlari — kuylamoqda va raqsga tushmoqda. Va o‘sha volontyor aytdiki, ular qarindoshlari hozir Ukrainada jang qilayotganlarni qidirib topishga harakat qilib, ularga shu videolarni jo‘natar ekan.
Urushdagi his-tuyg‘ular haqida
— Men o‘z qahramonlarim bilan aloqada bo‘lib turaman. Ularning barchasi tirik. Qahramonlarimdan biri — Rossiya armiyasi tomonidan faol ravishda qidirilgan xersonlik jurnalist Konstantin Rijenko biroz vaqtga yo‘qolib qolgandi. Hamma dahshatga tushib qo‘rqqandi, ammo hozir u qaytib kelgan, o‘zi aloqaga chiqdi. Albatta, messenjerlar orqali tafsilotlarni so‘rab bo‘lmaydi, shunday bo‘lsa-da, u tirikligidan juda xursandman.Men rossiyalik askarlar bilan bevosita muloqot qilmaganman, ammo Xersondagi odamlar ular bilan gaplashayotganini eshitganman, ular viloyat kengashidagi askarlar oldiga borib, ularga gumanitar yordam, dorilar, Qrimga ketish masalalarida murojaat qilardi. Odamlar kelib, savollar berganiga guvoh bo‘lganman. Bir qiz ulardan istilochi sifatida o‘zlarini qanday his qilishayotgani haqida so‘radi. Mening yoshimdagi bir harbiy erkak unga: “Lekin biz sizlarga hech qanday yomonlik qilmayapmiz-ku?” — deb javob berdi. Qiz: “Lekin bu yerga kelishda bizning qarshilik ko‘rsatib, sizlar bilan jang qilgan odamlarimizni o‘ldirgansiz-ku?” — dedi. U esa: “Men hech kimni o‘ldirmaganim aniq”, — dedi. Qiz undan buni qayerdan bilasiz, deb so‘radi, u esa: “Buni ich-ichimdan his qilaman”, — deb javob qildi.
Ikki qizi halok bo‘lib, ularni dafn qilmoqchi bo‘lib turgan bir ota bilan gaplashsam, unda g‘am-qayg‘u va qo‘rquvdan boshqa his-tuyg‘ularga joy bo‘lmasligi tushunarli. Agar harbiy xizmatga chaqirilgan va navbatda turib, voyenkomatga muvaffaqiyatli yozilgan; hali urushda bo‘lib ko‘rmagan, ya’ni jang qilmagan, ammo ertaga urushga ketib jang qiladigan 20 yoshli yigitcha bilan gaplashsam, u o‘zini botir qilib ko‘rsatadi, quvonadi, bundan faxrlanadi va albatta, qo‘rquvni ham his qiladi. Urushda qandaydir, hamma uchun umumiy bo‘lgan hissiyot bo‘lmaydi, qandaydir umumiy fon yo‘q.
Takror aytaman, sizning har bir tanlovingiz noto‘g‘ri bo‘lib chiqishi mumkin. Hech narsani oldindan aniq ayta olmaysiz, lekin ayni paytda yaqinlaringizni sevishda, ular haqida qayg‘urishda davom etasiz.Shahardan evakuatsiya qilishga urinish yoki shaharda qolish masalasi ko‘tarilganida, bu juda og‘riqli savol bo‘lib, turli odamlar buni o‘zi uchun to‘g‘ri yecha olmaydi.
Hali bu bosqichga guvoh bo‘lganim yo‘q, lekin Donbass misolida bilamanki, biroz vaqtdan keyin aldamchi xavfsizlik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Urushda bir, ikki, uch oy o‘tib, siz esa tirik qolsangiz, dangasalikka o‘xshagan hissiyot kelib chiqadi, xuddiki siz kuchni tejash rejimiga o‘tasiz. Masalan, havo trevogasi boshlanganida yerto‘laga tushmay qo‘yasiz. Bilishim bo‘yicha, oddiy fuqarolar o‘limlari soni odatda aynan urushning ikkinchi yoki uchinchi oyida oshadi, chunki odamlar qo‘rqishdan va har bitta harakati bilan hayotini saqlab qolishga urinishdan shunchalik charchaydiki, bunga intilmay qo‘yadi va halok bo‘la boshlaydi.
Insoniy xohish-istaklar haqida
— Men o‘zim bu urush bo‘lishiga ishonmaganman. So‘nggi lahzagacha. Hatto shunday bo‘lganki, kechasi uyg‘onib ketganman, dugonam menga Kiyev bombardimon qilinayotgani haqida xabar bergan, men esa: “Kim bombardimon qilyapti?” — deb so‘raganman. Rossiya Ukraina shaharlariga bomba yog‘dira olishiga ishonmaganman. Hatto Donbassda bo‘lib, ko‘p narsalarni ko‘rganimga qaramay.Gap murosalarda emas. O‘ylashimcha, gap shundaki, barchamiz o‘zimizning yaxshi hayotimizni boshqa odamlarning hayotlaridan yuqoriga qo‘yamiz. Urushda g‘alati lotereyaga o‘xshagan hissiyot bor. U, albatta, ancha kam darajada bo‘lsa-da, yillar davomida Rossiyada mavjud bo‘lib kelgan. Ya’ni biz hammamiz istalgan lahzada qamoqqa tushib qolishimiz mumkinligini anglagan holda yashaganmiz. Hatto siz siyosiy befarq bo‘lsangiz ham. Chorak tugayotganida mentlar rejani bajarishi kerak, deylik, sizga narkotiklar tashlab qo‘yishadi va siz 7 yilga kesilasiz. Dugonangiz bilan uchrashish uchun shahar markaziga, kafega borasiz, uning yonida miting bo‘lyapti, ment boshingizga dubinka bilan uradi, siz yiqilasiz va hushingizga kelganda qarabsizki, nogironsiz. Shunaqa narsalar yuz berishi mumkin edi.
Biz hozir Buchani ko‘rib dahshatga tushyapmiz va bu asossiz emas. Lekin, keling, Beslanda nimalar bo‘lganini esga olamiz. Garovga olinganlar bilan to‘la bo‘lgan maktab tanklar va o‘tsocharlar bilan o‘qqa tutilganini, shiddatli hujum chog‘ida juda ko‘p bolalar va kattalar halok bo‘lganini eslaylik. Ular rossiyalik bolalar edi. Putin o‘shanda ularga achingani yo‘q. Endi nima uchun Buchadagi odamlarga achinishi kerak? Afsuski, bularning barchasi anchadan buyon pishib kelayotgan edi. Afsuski, fashizm Rossiyada ilgaridan hukm surib kelayotgan edi, bu to‘satdan yuz bergandek tutsak, adolatdan bo‘lmasdi. Men o‘zim juda uyalaman. O‘tgan yillarni eslab, kam ishlaganimni tushunaman. Bundan ko‘proq narsani qila olishim mumkin edi. Ammo menda ham shinamlik (komfort) istagi, uyimni ta’mirlash, dam olishga ketish, kitob o‘qish istagi bo‘lgan. Insoniy xohish-istaklar… Biroq mamlakatingiz diktaturaga qarab borayotganida, siz bu istaklarga berilib, uning bu yo‘lini davom ettirasiz.
Axir aslida hukumat o‘tgan yillar davomida hatto sodiqlikni emas, sustlikni talab qilgan. Biz uning iltimoslarini bajarib keldik, endi esa biz urushni to‘xtatib, hukumatni almashtirmoqchi bo‘lganimizda, bizda buning uchun vosita yo‘q. Bizda muxolifat yo‘q, mustaqil OAVlar yo‘q. Ular yo bloklab qo‘yilgan, yo “Novaya gazeta” kabi faoliyatini to‘xtatishga majbur qilingan. Bizda saylovlar yo‘q, parlament yo‘q. Urushni to‘xtatish uchun qo‘limizda juda kam qurollar qolgan, lekin bu biz harakat qilmasligimiz kerak, degani emas.
Uyat paradi
— Putin birdan aqldan ozib qolib, hech kim kutmagan urushni boshladi, deb bo‘lmaydi. Birinchi chechen urushini, Ikkinchi chechen urushini, Gruziya bilan urushni, Rossiya Suriyada qilgan ishlarni yodga olish mumkin. Rossiya rejimi fashistlar rejimi degan ta’rifga anchadan buyon mos tushishini eslash mumkin. Rossiya hududida 177 ming nafar nogironligi bo‘lgan odamlar borligi, ular konslager deb atash mumkin bo‘lgan psixonevrologik internatlarda yashashini eslash mumkin. Rossiyada odamlar qamoqxonalarda, politsiya bo‘linmalarida qiynoqqa solinishini eslash mumkin. Rossiyada maishiy zo‘ravonlik jinoyat emas, deb hisoblanishini va minglab ayollar erkaklar qo‘lidan o‘lib ketayotganini, chunki qonun ularni himoya qilmasligini, qonun ular tomonida emasligini eslash mumkin. Mustaqil OAVlar o‘tgan yillar davomida yo‘q qilinganini eslash mumkin. Muxolifat qirilganini: muxolifat yetakchilari halok bo‘lganini, qamoqqa tushganini eslash mumkin. Putinning hokimiyati mutlaq hokimiyatga aylanganini eslash mumkin.Va aslida, Putin ukrainlarni o‘ldirishga kelgunicha, yillar davomida u rossiyaliklarni o‘ldirib kelgan. Shuning uchun bu yerda bularning barchasiga ko‘nib kelgan butun dunyoga qarata ham savol tug‘iladi, lekin, albatta, asosiy savol rossiyaliklarga qaratilgan.Urushga borib, matnlarimni yozayotgan paytlarda, Rossiyada nimalar bo‘layotganini, rossiyaliklar nimalarni yozayotganini o‘qish uchun qaysidir ijtimoiy tarmoqlarga, Facebook, Twitter’ga kirardim. O‘shanda or-nomus, uyat paradini, ya’ni odamlar Rossiyada yuz berayotgan hodisalar, biz duch kelgan vaziyat qanchalar dahshatli ekanini to‘satdan anglab yetishi holatini ko‘rardim, ammo biz tushgan vaziyat ancha oldindan shakllanayotgan edi.
“Takiye Dela” nashri jurnalisti Yana Kuchina ta’riflaganidek: “Biz yaxshi ishlarni noto‘g‘ri tartibda qilganimiz uchun aybdormiz”. Ya’ni demokratiya uchun kurashish (bu qandaydir kulgili eshitiladi), Rossiya kelajagi uchun kurashish, mamlakatda hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olgan siyosiy rejimga qarshi kurashish o‘rniga, biz barchamiz o‘zimizning mayda-chuyda ishlarimiz bilan shug‘ullanganmiz. Boyroq va muvaffaqiyatliroq bo‘lganlar fondler, muzeylar, ko‘rgazmalar tashkil qilgan, go‘zal bog‘lar urbanistlar tomonidan qurib berilgan, buning uchun ularga rahmat. Kambag‘alroq bo‘lganlar esa oilasi bilan kun ko‘rish bilan band bo‘lgan. Barchamiz birgalikda mamlakatimizda yuz berayotgan voqealarning mudhishligiga ko‘z yumganmiz. Bu mudhish maxluq kattalashib, qo‘shnilariga hujum qildi. Endi esa biz barchamiz bunga daxldormiz, bunga aloqamiz bor.
Izoh (0)