Hozirgi kunda YPX xodimining xizmat vaqtida olingan videolarini uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bo‘yicha qaror loyihasi o‘rganish jarayonida. Bu haqda ayni vaqtda AOKAda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida IIV JXD YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Mazkur masala hozirda loyiha, oxirga yetkazilmagan. Bu bo‘yicha ishchi guruh ishlayapti. Ushbu masala bo‘yicha xorij tajribalari o‘rganilib, keyin Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Hozirgi kunda bu loyiha o‘rganish jarayonida, — degan Erali Bozorov.Eslatib o‘tamiz, 14-mart kuni Ichki ishlar vazirligi YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarni uning ruxsatisiz internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirishni taqiqlash haqidagi hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan edi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova 31-mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida YPX xodimining xizmat vaqtida olingan videolarini uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish noto‘g‘ri ekanligini aytgan edi.
Shuningdek, avvalroq jamoatchilik vakillari, blogerlar mazkur hujjat loyihasi to‘g‘risida o‘z munosabatlarini bildirgan edi.
YPX o‘z safini professional bajarsin
Bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam. YPX xodimi budjetdan maosh olib, xalqqa xizmat ko‘rsatadi. Uni uyida, ishdan bo‘sh vaqtida kimdir rasmga olsa noqonuniy, lekin xizmat vaqtida, ayniqsa, qonunni buzayotgan payti tasvirga olish va uni tarqatishni taqiqlash jamoatchilik nazoratiga, shaffoflikka qarshi qadam. Undan ko‘ra YPX o‘z safini professional, halol kadrlar bilan to‘ldirsin, toki ularga hech qanaqa kamera xavf bo‘lmaydi, ochiqlikdan qo‘rqmaydi. Bu holat esa jamoatchilik ko‘zidan qochishga urinishdan boshqa narsa emas.“Davletovuz” Telegram-kanali
Konstitutsiyaga zid
Ichki ishlar tizimini ochiq va shaffof, xalqqa yaqin tizimga aylantirish bo‘yicha ko‘p gapiriladi. Tan olish kerak, ancha ishlar qilindi ham. Buni aytmaslik insofdan emas, albatta.Ammo o‘sha eski davrni qo‘msab, yana yopiqlikni xohlab qolganlar tomonidan barcha qilinayotgan islohotlarni orqaga qaytaradigan bir qaror loyihasi ishlab chiqilibdi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida fuqarolarga YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirmaslik majburiyati yuklanmoqda.
Davlat budjetidan, ya’ni xalqning soliqlaridan oylik oladigan davlat xizmatchilari o‘z vazifasini bajarayotgan paytda soliq to‘lovchilarga video va fotoga olishni yoki uni tarqatishni taqiqlash Konstitutsiyaga ham zid. 29-moddaga ko‘ra, har kim axborot olish va uni tarqatish huquqiga ega. Konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan, davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina bu huquq qonun bilan cheklanishi mumkin.
Bu yerda cheklov faqat qonun bilan bo‘lishi kerak, Vazirlar Mahkamasining bunga vakolati ham, huquqi ham yo‘q. Nahotki loyiha mualliflarining shunga aqli yetmagan?
YPX inspektorining va o‘zi umuman boshqa istalgan davlat xizmatchisining ishdan tashqaridagi shaxsiy hayoti qonun bilan himoya qilinadi, bunda albatta rozilik shart. Ammo o‘z vazifasini bajarayotganda cheklashga urinish — bu orqaga qaytish degani.
Bu xuddi bolaligimizdagi bir voqeani eslatadi. Mabodo koptokning egasi futbolda yutqazib qo‘yaversa, alami kelganidan koptogini uyga olib ketib qolardi. Undan ko‘ra yaxshiroq o‘ynashni o‘rgan, shunda yutqazmaysan, deyish befoyda edi. Ichki ishlar vazirligi ham o‘zicha videolardan arazlab, qaror yo‘li bilan buni taqiqlashga urinmoqda.
Bunaqasi ilgari ham bo‘lgan. Haydovchilarga orqa yon oynaga parda taqishni noqonuniy taqiqlagan vazirlik hamda o‘sha paytdagi YHXBB sudlarda ketma-ket yutqazgandan so‘ng, nohaqligini tan olish o‘rniga sekingina imi-jimida o‘zlarining foydasi uchun qonunga o‘zgartirish kiritib olmoqchi bo‘lishgandi. Bu haqda mana bu yerda yozganman. Lekin xayriyat o‘shanda ularning bu nomardlarcha “yurishi” o‘xshamay qolgandi.
Yetar endi. Qachondir tugashi kerak-ku bunaqa ishlar. Hadeb orqaga qaytaveramizmi?
Nahotki ichki ishlar tizimini xalqning haqiqiy madadkori va do‘stiga aylantirishning boshqa birorta yo‘li yo‘q bo‘lsa?.
Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev
Bu qonun bilangina taqiqlanishi mumkin
YPX xodimlarini foto-videosuratga olib, uning roziligisiz tarmoqqa joylash va tarqatish taqiqlanmoqchi.Biror oylar avval IIV vazir o‘rinbosari ichki ishlar xodimlarini videoga olib tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishini aytgandi. Bunga asos qilib 118-sonli prezident qarorini keltirdi. O‘shanda ham jamoatchilikning noroziligi bo‘lgan, IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov vaziyatni yumshatib, gap “taklif kiritish” haqida ketayotganini aytgandi, “ushbu taklif ishlab chiqilgach, loyiha shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi... Shunda ham to‘liq taqiq bo‘lmaydi, lekin qandaydir chegaralar qo‘yiladi” degandi.
O‘shal kun keldi.
To‘liq taqiq qo‘yishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Endi savol: prezident va hukumat qarorlari qonundan ustun bo‘la oladimi?
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi:
“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir”. (29-modda)
Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega. (4-modda)
Ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik axborot erkinligining asosiy prinsiplaridir. (5-modda)
Axborot ochiq va oshkora bo‘lishi kerak, maxfiy axborot bundan mustasno (maxfiy axborot turlari sanaladi, YPX xodimlari faoliyati bu ro‘yxatda yo‘q) (9-modda)
O‘zbekiston Respublikasida senzuraga va axborotni monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. (8-modda)
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra ichki ishlar organlari “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartibda o‘z faoliyatini olib borishi kerak.
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplaridan biri.
“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, jamoatchilik nazoratining asosiy prinsiplaridan biri jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ommaviyligi va ochiqligi hisoblanadi. YPX xodimlarining xatti-harakatlarini suratga olish va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish jamoatchilik nazorati instrumenti aslida.
Qonunlarda shuncha ruxsat berib, ochiqlik kafolatlanib turgan sharoitda qonunosti hujjatlari bilan ochiqlik va shaffoflikka taqiq qo‘yishga urinishni nima deb baholash mumkin?
Albatta, IIV bu ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, qonun bilangina taqiqlashi mumkin, lekin amalda parlament bunaqa normani o‘tkazmaslik ehtimoli yuqori.
VMQ loyihasi esa jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan ekan, unga jamoatchilik jiddiy qarashi kerak.
Umuman, ushbu cheklovlarni belgilash YPX xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni isbotlash imkonini cheklaydi, ilgari mavjud bo‘lgan nazoratsizlik, “limit”ni bajarish uchun yoppasiga reydlar orqali jarimalarga tortilishlar, protokollar sonini oshishiga xizmat qiladi, deb qo‘rqaman”
Shahnoza Soatova
Shaxsiy hayot boshqa masala
Yarani deb butun a’zo kesib tashlanmaydi yoxud IIVning YPX xodimlarini tasvirga olishni cheklash bo‘yicha tashabbusi haqida fikrlarimizni bildirdik.Avvalo aytish kerakki, axborot tarqatish huquqi fuqarolarga Konstitutsiya va qonunlar bilan berilgan bo‘lib, faqat qonun bilan cheklanishi mumkin. Qaror bilan emas.
Budjetdan oylik olib ishlayotgan va faoliyati davlat va o‘zga sirlar bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa soha vakillarini xizmat vaqtida tasvirga olib tarqatish taqiqlanmaganidek IIV xodimlarini tasvirga olishni ham taqiqlab bo‘lmaydi. Sha’n va shaxsiy hayot daxlsizligi esa boshqa masala, aralashtirmang.
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev
Qonunga rioya qilishni o‘rganish kerak
Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov mazkur fikrlarga munosabat bildirgan edi.Masalaga oydinlik kiritsak.Bu qoidaga rioya etilyaptimi? Aksariyat holda yo‘q. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining faoliyati tasvirlangan videolavhalar, aynan ziddiyatli, shov-shuvli yoki xodimni obro‘sizlantiruvchi sharhlar bilan, ikkinchi tomonning munosabatisiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi davom etmoqda.
- Hozirgi kunda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yoritishga “ixtisoslashib olgan” ijtimoiy tarmoq faollarining deyarli barchasini harakatlari amaldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunga zid. Ya’ni har qanday ma’lumot, faqat tekshirilib, xolisligiga ishonch hosil qilinganidan so‘ng, axborot sifatida tarqatilishi shart.
Ha, siz to‘g‘ri tushundingiz. Kiritilayotgan yangi normasiz ham noxolis axborot tarqatish noqonuniy. Qani ayting-chi, barcha ijtimoiy tarmoq faollari xolislikka rioya qilyapti-mi? To‘g‘ri, axborotga aniqlik kiritib, uni xolis tarqatish, ushbu kontentga ommaning qiziqishini keskin pasaytirib yuboradi, bu esa tomoshalar soni qisqarishiga, pirovardida daromadni kamayishiga olib keladi. Lekin, kim aytdi, davlat organi xodimini obro‘sizlantirish orqali daromad topish, bu ochiqlik, deb?
Fikr qilishingiz uchun, mana bu raqamlarga ahamiyat bering, 2021-yilda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq 707 ta salbiy axborot tarqatilgan bo‘lsa, ularni tekshirish natijasiga ko‘ra, bor-yo‘g‘i 55 tasi o‘z tasdig‘ini topgan. Aytishingiz mumkin, ha, buyam bir ishda, tasdiqlanmagan bo‘lsa, kaftdek munosabat berib qo‘ying, shuni o‘zi bo‘ladi-da, deb.
- Orqaga qaytish, jamoatchilik nazoratini bo‘g‘ish bo‘layotganligini iddao qilayotgan ijtimoiy tarmoq faollariga savol, sizga kim jamoatchilik nazoratini olib borishingizga to‘sqinlik qilmoqda? Xodimning faoliyatiga xalaqit bermagan holda tasvirga oling, noqonuniy harakat bo‘ldi desangiz, munosabat so‘rang, shikoyat qiling, xolis axborotni qo‘lga kiritganingizdan so‘ng, tarqatish masalasini ko‘taring. Kim sizga xalaqit beradi? To‘g‘ri ozgina ko‘proq ishlash kerak, izlanish kerak, surishtirish kerak. Lekin, kim aytdi, axborot tarqatish faoliyati, oson daromad manbai, deb?
- Ko‘chada ataylab ziddiyatli vaziyatlarni uyushtirish, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, hattoki buni targ‘ib qilish, qoidani buzib alamzada bo‘layotgan haydovchilarning jazavalari, salbiy yoki noqonuniylikka urg‘u berilgan yozuvlar yohud kontekstdan yulib olingan sharhlar va hokazo salbiy kontent, ochiqlikmi? Yoki aynan shu mazmundagi videolavhalarga “zakaz” berib, ularni sotib olish va tarqatish, ochiqlikmi? Kim bu savollarga javob beradi?
Lekin bu qonunsizlikning oqibati-chi? Hech bir fuqaro haqiqatni bilmasdan turib yozgan salbiy izohlarni o‘chirmaydi, ijtimoiy tarmoq faoli o‘sha xodimni obro‘sizlantirishga olib kelgan kontentini olib tashlamaydi, xodimning yaqinlari yoki farzandlaridan borib, men noto‘g‘ri qilibman, deb, uzr so‘ramaydi.
Qani bu yerda ochiqlikni bo‘g‘ilishi? Qonunga rioya qilishni talab qilish, ochiqlikni ta’minlanishini tartibga solish bo‘yicha norma ishlab chiqish, orqaga yo‘lmi?
Yangi norma, yuqorida bayon etilgan noqonuniy axborot tarqatish faoliyatga barham berib, haqiqiy shaffoflikni ta’minlashga qaratilganligi ayni haqiqat. Buni inkor etishga harakat qilmang. Ochiqlik bu qonunsizlik emas. Qonunni talab qilishdan oldin, qonunga rioya qilishni o‘rganish kerak.
Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov
Izoh (0)