Red Wings aviakompaniyasi ilk bor Maxachqal’a va Urganch o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Birinchi parvoz 26-aprel kuniga rejalashtirilgan. Bu haqda Maxachqal’a aeroporti matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Maxachqal’adan parvoz haftaning seshanba kunlari amalga oshiriladi, parvoz davomiyligi 1 soat 55 daqiqa. Urganchdan qaytish reysi esa chorshanba kunga rejalashtirilgan, parvoz davomiyligi 2 soat 15 daqiqa.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda kompaniyalar Maxachqal’adan Toshkent, Buxoro va Namangan shaharlariga parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.
Maxachqal’a aeroporti — Dog‘istonda yagona bo‘lib, 2014-yilda uning uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilingan. Aeroportning ichki reyslardagi o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 200 yo‘lovchini, xalqaroda esa 60 yo‘lovchini tashkil etadi. U yerdan Moskva, Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod, Yekaterinburg, Sochi, Mineralnie vodi, Surgut, Chelyabinsk, Qozon, Novosibirsk, Noviy Urengoy, Qozog‘iston, BAA va Turkiyaga reyslar amalga oshiriladi.
Izoh (0)