Turinning “Yuventus” jamoasi yozgi transfer oynasida “Bavariya” hujumchisi Serj Gnabri uchun kurash olib boradi.
“Real” va “Liverpul” qiziqish bildirayotgan Gnabriga “byankonerilar” ham taklif bilan chiqmoqchi. Futbolchi uchun kurashda g‘olib bo‘lish uchun turinliklar yaxshiroq moliyaviy taklif bilan chiqishiga to‘g‘ri keladi.
“Bavariya” futbolchini olib qolishga harakat qilmoqda, ammo Serjning o‘zi faoliyatida o‘zgarish qilmoqchi.
Avvalroq “Real” vingerning vakillari bilan aloqaga chiqqani, Madrid jamoasi 5 yildan buyon muntazam futbolchining o‘yinini kuzatib kelgani, “Liverpul” esa Gnabrini Muhammad Salohga o‘rinbosar sifatida ko‘rayotgani xabar qilingandi.
Germaniyalik vinger “Shtutgart” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 26 yoshli futbolchi faoliyati davomida “Arsenal”, “Verder” va “Hoffenhaym” kabi jamoalar sharafini himoya qilgan. 2017-yil iyun oyida “Bavariya” futbolchini xarid qilgan. Shundan buyon nemis futbolchisi myunxenliklar bilan 3 marta Bundesliga, bir marta Chempionlar Ligasida zafar quchgan.
Serj Gnabri 2021/22-yilgi mavsum myunxenliklar safida barcha musobaqalarda 38 ta o‘yinda ishtirok etib, 14 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Izoh (0)