Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador g‘arb mamlakatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilayotganiga qarshi chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nizoni muloqot yo‘li bilan hal etib olish kerak.
“Men BMT o‘z vazifasini bajara olmadi deb hisoblayman, tashkilot muloqotni tashkillashtirishi, muammoni muzokaralar orqali hal etish yo‘llarini izlashi lozim. Urushning oldini olish mumkin edi va u boshlanmasdi. Sanksiyalar urushi va qurol-yarog‘ jo‘natmasi qaysi biri yaxshiroq? Hech qaysisi! Beayb odamlarning halok bo‘layotgani-chi? Siyosat barbod bo‘ldi, biroq hali ham muzokaralar stoliga o‘tirib, masalani hal etib olish uchun vaqt yetarli”, — degan Meksika prezidenti matbuot anjumanida.
1-mart kuni Meksika Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilishni rad etgan. Obrador ushbu qarorini barcha davlatlarning hukumatlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish niyati borligi bilan izohlagan.
Shuningdek, Meksika prezidenti mamlakat hukumatining Ukrainaga qurollar yetkazib bermoqchi emasligini ma’lum qilgan.
Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live
Izoh (0)