AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilib, mintaqadagi keskinlikni pasaytirish zarurligini ma’lum qildi, deb xabar beradi Davlat departamenti.
AQSH davlat kotibi ikki mamlakat yetakchisini vazminlik ko‘rsatishga va diplomatiyani qayta tiklashga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir harbiy harakatlarni ko‘paytirish vaqti emas.
Shuningdek, Blinken Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini, jumladan, Aliyev va Pashinyan o‘rtasida 6-aprel kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
26-mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarbayjon qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘da “Rossiya tinchlikparvar missiyasi javobgar bo‘lgan zonaga” kirganini va tan olinmagan respublika armiyasining bo‘linmasiga hujum qilganini ma’lum qilgandi.
Boku keskinlik “Ozarbayjonning Rossiyani tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashtirilgan hududida” sodir bo‘lganini aytgan. Shuningdek, Rossiyadan “Tog‘li Qorabog‘” iborasini ishlatmaslikni va Ozarbayjon hududini nomini to‘g‘ri ko‘rsatishni” so‘ragan.
2020-yil sentabr oyi oxirida Tog‘li Qorabog‘da ko‘p yillar davomida birinchi marta keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlangandi. Ular bir yarim oy davom etdi; 10-noyabr kuni tomonlar Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Janglar natijasida Armaniston Tog‘li Qorabog‘ respublikasining qariyb yarmini Ozarbayjonga qaytardi. Rossiya Tog‘li Qorabog‘ga tinchlikparvar kontingentini yubordi.
Mavzuga doir: Tog‘li Qorabog‘ hukumati harbiy holat e’lon qildi
Izoh (0)