Fransiya faoliyati mamlakat xavfsizlik manfaatlariga zid keladigan rossiyalik diplomatlarni o‘z yurtiga qaytarib yuborishga qaror qildi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilgan. Qancha diplomat Moskva ixtiyoriga qaytishi borasida aniq ma’lumot berilmagan. BFM telekanali, taxminan, 30 nafar diplomat Rossiyaga qaytishi mumkinligini bildirgan. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova ushbu harakatlarga “munosib” javob qaytarilishini ta’kidlagan.
Shuningdek, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok rossiyalik diplomatlarning bir nechtasi persona non grata deb topilgani va bu ularning Rossiyaga qaytarib yuborilishini anglatishini bildirgan. Rossiya elchixonasi Germaniya Federativ Respublikasidan 40 nafar diplomat chiqarib yuborilayotganini xabar qilgan.
“Biz Rossiya elchixonasidagi xodimlarning aksar qismini persona non grata deb topdik. Hamkorlarimiz bilan birgalikda kelgusidagi reaksiyalarni kuzatib boramiz”,— deya Twitter’da post qoldirgan Berbok.
“Nemis siyosiy mashinasining bunday yomon harakatiga javob qaytaramiz”,— deya Mariya Zaxarova so‘zlarini keltirgan “RIA Novosti”.
Bundan tashqari, 4-aprel kuni Litva Rossiya elchisini mamlakatdan chiqarib yuborgan, shuningdek, mamlakatning Klaypeddagi konsulligini yopgan.
Avvalroq Bild nashri Germaniya hukumatining 100 nafargacha rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubormoqchiligi haqida xabar bergan. Shuningdek, Germaniya Myunxendagi konsullik xodimini kosmik texnologiyalarga oid axborotlarni o‘g‘irlash uchun kelgan josus deb topgan va persona non grata deb e’lon qilgan.
29-martda Yevroittifoqning to‘rt mamlakati Belgiya, Niderlandiya, Irlandiya va Chexiya jami 43 nafar rossiyalik diplomatni o‘z hududlaridan chiqarib yuborgan. Shuningdek, Slovakiya Rossiyadan elchixonadagi xodimlar birliklarining 35 nafarini qisqartirishni so‘ragan. Mazkur qarorlarga Rossiyaning Ukrainada maxsus harbiy operatsiyalarni boshlagani sabab bo‘lgan.
Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live
Izoh (0)