Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 4-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” va “Navbahor” o‘yinidan (1:0) keyin janjal kelib chiqdi.
“Navbahor” jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupov o‘yin yakuniga yetgach, maydon chetida turgan “Paxtakor” formasidagi yigitni do‘pposlashga harakat qilgan. “Championat.asia”ning xabariga ko‘ra, maydon chetidagi muxlis “sherlar” fan-klubi yetakchisi bo‘lgan. U o‘yin vaqtida maydon chetidagi to‘plarni istalgan tomonga tepib yuboravergani aytilmoqda. Darvozabonning esa bundan jahli chiqib, hakam hushtagi yangragach, u tomonga yugurib borgan.
“Navbahor” posboniga qanday jazo tayinlanishi aniq emas.
Avvalroq, “Navbahor” muxlisining 2 ta tishi singan, tan jarohatlar olgan va tez yordamga murojaat qilgani, tez yordam xodimi ham bemorni “Paxtakor” stadioni yonidan olganini tasdiqlagani haqida xabar qilingandi. Hozirda holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
“Paxtakor” Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinda “Navbahor” ustidan kichik hisobda g‘alaba qozondi va ochkolari sonini 10 taga yetkazib, 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Navbahor” esa 7 ochko bilan 3-o‘ringa joylashdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)