Qaysi kinematograf “Oskar” mukofotiga loyiq ko‘rilishni orzu qilmaydi? Federiko Fellini bu borada armon qilmasligi aniq — 12 nominatsiya va beshta haykalcha. Bundan tashqari, uning javonini Kann kinofestivalining “Oltin palma yaprog‘i”, Venetsiyada qo‘lgan kiritilgan “Oltin sher” va ikkita “Kumush sher”, Moskva kinofestivalining ikkita oltin sovrini hamda boshqa ko‘plab mukofotlar bezatib turardi. Fellini unvonlar bo‘yicha dunyoda eng oldi va eng sevimli rejissorlardan biri hisoblanadi. Italiya kinoustalarining Viskonti, Antonioni, Pazolini, Bertoluchchi, va Fellinilardan iborat “katta beshlik”da aynan shu rejissor asosiy “brend” hamda kino olamidagi eng taniqli italiyalik bo‘lib qolmoqda. “Arzamas” onlayn-akademiyasining taniqli rejissorlar haqidagi maqolalar turkumidan Federiko Fellini ijodiga oid materialni “Daryo” o‘zbek tilida havola etadi.

“Shirin hayot” filmidan kadr

Foto: Pathé

U rejissorlikka jurnalistikadan o‘tgan. Bir kuni aktyor Osvaldo Valentidan intervyu olish maqsadida Cinecittà studiyasiga kelib, bu tartibsiz, sershovqin olamni sevib qoladi va kun qorayguncha pavilyonma-pavilyon izg‘ib yuradi. Keyinroq u ssenariylar yoza boshlaydi va bir kuni tasodifan postanovkаchi hamkasbining o‘rniga rejissorlik kursisiga o‘tiradi.

Uning filmlari 50–60-yillardagi filmlardan farq qilardi. Fellinining asosiy o‘ziga xosligi — odatiy va fantastik, nasriy va she’riy, hayotiy va xayoliy unsurlarning paradoksal uyg‘unligi. Tanqidchilar hatto uning uslubi uchun “fantarealizm” atamasini o‘ylab topgan, lekin bu atama keng ildiz otib ketmagan. Ular bu so‘zning o‘rniga ko‘pincha san’at tarixidagi boshqa bir atamani — “Barokko”ni ishlatadi. Shakl zichligi, struktura murakkabligi, grotesk uslubiga xos vizual tasvirlar, sarob va haqiqat o‘rtasidagi xira chiziq, yaqinlashib kelayotgan apokalipsis kayfiyati — bularning barchasi haqiqatan ham Fellini uslubini Bernini haykallari, Karavajo kartinalari, Borromini imoratlariga yaqinlashtiradi.

Fellinidagi barokkocha chigallik ta’sirini Terri Gilliam, Tim Burton, Vudi Allen, Devid Linch, Pedro Almodovar, Paolo Sorrentino filmlarida kuzatish mumkin.

Nimadan boshlash kerak?

Kann kinofestivalida “Oltin palma yaprog‘i” va liboslar yo‘nalishi bo‘yicha “Oskar”ni qo‘lga kiritgan “Shirin hayot” (La dolce vita, 1960) nomli jahon kinosi durdonasidan boshlash maqsadga muvofiq. Bu kartina Fellinining birinchi raqamli italyan rejissor sifatida shuhrat qozonishiga va uning hukumat, Vatikan hamda jamiyatning konservativ qismi bilan uzil-kesil ziddiyatga borib qolishiga sababchi bo‘lgan.

“Shirin hayot”dan oldin Fellini marginallar — qashshoqlar, uysizlar, fohishalar, sayoq rassomlar hayotini ko‘rsatishni rejalashtirgandi. Bu filmda esa kamera burjualarning hashamdor, to‘kin-sochin, tom ma’nodagi shirin hayotiga qaratiladi.

Filmning bosh qahramoni — muxbir Marchello Rubini (Marchello Mastroyanni o‘ynagan) tomoshabin uchun yuksak ijtimoiy dunyo tomon yo‘l ko‘rsatuvchiga aylanadi. U yulduzlardan intervyu oladi, kechalarni Rimning eng zamonaviy Via Veneto ko‘chasidagi eng qimmat restoranlarida o‘tkazadi. Shundan so‘ng u asta-sekin yot qarashli, istehzoli kuzatuvchidan o‘z reportajlarining qahramoniga — olifta, o‘ziga oro bergan, maqtanchoqlikni sevadigan, lekin hayotidan ma’no ketgan, ko‘zidagi g‘amni achchiq hazil bilan yashiruvchi odamga aylanadi.

Filmning ochilish sahnasi din arboblarining g‘azabini qo‘zg‘agandi — Marchello vertolyotda Vatikanga olib ketilayotgan Iso Masihning ulkan haykaliga hamrohlik qiladi. Bu sahna Masihning yer yuziga ikkinchi tashrifiga haqoratomuz parodiya sifatida ko‘riladi. Filmning o‘zi esa tuhmat, mamlakatni oyoqqa turg‘izgan “iqtisodiy mo‘jiza” davrining Italiyaga ijobiy ta’sirini qasddan buzib ko‘rsatish sifatida qabul qilinadi (1950-yillar o‘rtalari va 1970-yillar o‘rtalari oralig‘idagi 20 yillik shunday atalgan. Ikkinchi jahon urushi davrlarida og‘ir talafot ko‘rgan Italiya iqtisodiyotida sanoatga katta sarmoya kiritilishi tufayli keskin o‘sish kuzatiladi. Natijada Italiya dunyo bo‘yicha sanoati eng rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shiladi).

“Shirin hayot” filmidan kadr

Foto: Pathé

Premyeradan so‘ng tomoshabinlar Fellinining yuziga tupuradi, cherkovlarda uning gunohga botgan qalbi poklanishi uchun duo qilishadi, cherkovlardan birining tashqi devoriga hatto uning motam ramkasi ichiga yozilgan ismi ilib qo‘yilgan. Vatikanning asosiy matbuot organi L’Osservatore Romano filmga atab 11 ta keskin tanqidiy ruhdagi maqola chiqargan, Tambroni hukumati esa film prokatini taqiqlash bilan tahdid qilgan (lekin iste’foga chiqishi tufayli bunga ulgurolmagan). Fellini tushuntirishga harakat qiladi: kartinadagi asosiy narsa satirik epizodlar emas, balki har yoqlama ko‘rsatib berilgan shirin hayot, hech qachon tin olmaydigan Via Veneto shovqinidan tortib, filmdagi Anita Ekberg qahramonining tunda Trevi favvorasida cho‘milish uchun jasorat topishigacha. U jahon kinosi tarixidagi eng mashhur sahnalardan biri hisoblanadi.

Ilk namoyishlardan keyingi keskin munosabat filmga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib yuboradi va uni ko‘rish istagidagi tomoshabinlarning uzundan uzun navbati paydo bo‘ladi. “Shirin hayot” Fellini filmografiyasida eng yuqori daromad keltirgan filmga aylanadi va Italiya kinosi tarixida eng katta daromadni keltiradi (dastlabki ikki haftadayoq film o‘z xarajatini qoplagan).

Keyin nimani ko‘rish kerak?

Shundan so‘ng Fellinining navbatdagi “rimcha” filmlariga o‘tsa bo‘ladi. Dastlabki asarlaridan biri “Oq shayx”da (White sheik, 1952) viloyatdan kelgan yosh juftlikning ko‘z o‘ngida poytaxt orzu va ertak misoli gavdalanadi. Rim qahramon qizni tom ma’noda hayratga solib, uni illyuziyalar dunyosiga jalb qiladi. Qiz sevimli aktyori bilan komiks suratga olish jarayonida ishtirok etadi — uni Alberto Sordi ijro etgan. Premyeradan so‘ng aktyor yulduzga aylangan.

Xorijiy tildagi eng yaxshi film uchun “Oskar” mukofotiga munosib ko‘rilgan “Kabiriyaning kechalari” kartinasida (Nights of Cabiria, 1957) butunlay boshqa Rimni ko‘rasiz. Fellini umrboqiy shahar maydonlarini, ovloqlarini, chiqindixonalarini, xarobalarini ko‘rsatadi. Rejissorning rafiqasi Julyetta Mazina quvnoq, ta’sirchan va bola kabi sodda fohisha Kabiriya rolini o‘ynaydi. U hayotini o‘zgartirib yuboradigan muhabbatni izlaydi va to‘kisroq hayot ilinjida Rim chekkasidagi bejirim uyini sotadi. Sentimentallikni haddan oshirib yubormaslik uchun Fellini qahramonga qarma-qarshi xususiyatlarni bergan — ayrim vaqtlari u qo‘pol va xudbindir. Lekin asosiysi u hayotga chanqoq va atrofida ro‘y berayotgan voqealarga befarq emas. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, u o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaydi va qashshoqlikdan qutulish umidida yashaydi.

“Kabiriyaning kechalari” filmidan kadr

Foto: Dino de Laurentiis Cinematografica; Les Films Marceau

Fellini Italiya poytaxti mavzusiga 15 yildan so‘ng “Rim” (Roma, 1972) deb nomlangan filmida qaytadi. Bu Rim shahri — turli davrlar eng g‘aroyib ko‘rinishlarda uyg‘unlashgan “qatlam-qatlam pirog” bo‘ylab sayohat qilishgina emas: kartinada metro quruvchilari qadimiy vayronalarga duch kelib qolgan epizod bor. Bu, shuningdek, yoshlik tomon nostalgik sayohat — rejissor o‘zi tug‘ilgan Riminidan bu yoqqa ko‘chib o‘tganini eslaydi. Uning filmlari ham bir necha qatlamlardan iborat — biografik, poetik, hujjatli, fantastik. Fellini va uning suratga olish guruhi tasodifan buyuk Anna Magnani bilan uchrashib qolishi eng esda qolarli sahnalardan biridir.

Fellini tasvirlaridagi Rim manzarasi bilan tanishishni “Jinjer va Fred” (Ginger and Fred, 1986) kartinasida yakunlash mumkin. Unda rejissorning sevimli aktyorlari Julyetta Masina va Marchelo Mastroyanni ilk bor birgalikda suratga tushgan. Ularning qahramonlari — yoshligida mashhur amerikalik raqqoslar Jinjer Rojers va Fred Asterning qiyofadoshlari bo‘lgan keksa provinsiya vakillaridir. Bir necha o‘n yillar o‘tib, ular Italiya televideniyasining taklifiga binoan Rimga tashrif buyuradi. Lekin endi bu ular bilgan va sevgan Rim emas — qadimiy obidalar siyqa reklamalar soyasida xiralashgan, umrboqiy shahar iste’molchilik shov-shuvlariga qorishgan.

Shundan so‘ng Rimini ko‘chalariga o‘tish mumkin. “Rimini” turkumi uch filmdan iborat — “Onajonisining o‘g‘iltoylari” (Ivitelloni, 1953), “Masxarabozlar” (The clowns, 1970) “Amarkord” (Amarcord, 1973, chet tilidagi eng yaxshi film uchun “Oskar” mukofoti). Fellini mazkur filmlarda o‘z bolaligini yodga oladi, shu bilan birga, bu epizodlarni dekonstruksiya qiladi, qayta yig‘adi.

1950–1970-yillarda 1930-yilgi Rimini shahrini suratga olishning imkoni yo‘q edi — shahar urush paytida vayron bo‘lib, qayta qurishda ancha o‘zgarib ketgandi. Fellini ishni avval Rim yaqinidagi Ostiya qirg‘oqlaridan boshlab, so‘ngra Cinecittà studiyasida davom ettiradi. Rejissor u yerda o‘tmish voqealarini nafaqat jonlantirish, balki xotiralarni xayol va orzular bilan bog‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu sababli bu kartinalar faqat qisman avtobiografikdir.

“Amarkord”da bu ayniqsa sezilgan — unda bir nechta hikoyachilar o‘rni bir-biri bilan almashadi. Fellini qiyofasini yaratgan o‘smir qahramonning ismi Titta: rejissorning hayotdagi eng yaqin do‘stining ismi shunday bo‘lgan (bu rolni 22 yoshli Bruno Zanin ijro etgan). Tomoshabin haqiqiy Riminida emas, balki hammasi aralashib, chalkashib ketgan xotiralar dunyosida sayohat qiladi.

“Amarkord”dan keyin Fellini o‘zining ong osti kechinmalarini ekranlashtirgan uch filmni tomosha qilish mumkin. “Sakkiz yarim” (Otto e mezzo, 1963, xorijiy tildagi eng yaxshi film uchun “Oskar”) filmining bosh qahramoni — ijodiy inqirozni boshidan kechirayotgan rejissor Gvido Anselmi (Marchello Mastroyanni). Tomoshabin uning betartiblik hukm surayotgan miyasining ichiga tushib qolganday bo‘ladi, shu sabali kadr rejissorning xayollari, qo‘rquvlari, istaklari va orzularini ifodalovchi bir-biriga zid g‘alati tasvirlar bilan to‘ldirilgan.

“Sakkiz yarim” filmidan kadr 

Foto: Cinerizruen; Francinex

“Ayollar shahri” (City of women, 1980) “Sakkiz yarim” kartinasining o‘ziga xos davomi bo‘ldi — bu safar Marsello Mastroyanni qahramoni bir vaqtning o‘zida ham jozibali, ham qo‘rqinchli ayol obrazlari girdobida paydo bo‘ladi.

“Julyetta va arvohlar”ni (Juliet of the spirits, 1965) “Sakkiz yarim” filmining nafis varianti deb atash mumkin. Tomoshabin muhtaram sinyora Julyetta Boldrinining (Julyetta Mazina ijrosida) orzular, odatlar va tiyilgan ehtiroslarga to‘la ong osti kechmishlariga g‘arq bo‘ladi.

“Julyetta va arvohlar”dan so‘ng 11 yil orqaga qaytib, “Yo‘l” (The road, 1954) kartinasini tomosha qilishingiz mumkin. Tajovuzkor sirk ustasi Zampano kambag‘al oiladan tom ma’noda sotib olgan sodda va oqko‘ngil qiz Jelsomina haqidagi ushbu asar rejissorga birinchi “Oskar”ni olib keladi. Neorealizmdagi hujjatli filmga xos xususiyat bu yerda ramzliylik va metafora bilan uyg‘unlashgan.

Shu filmlardan so‘ng rejissorning uchta mashhur kartinalarini tomosha qilish maqsadga muvofiq. “Satrikon”da (Satyricon, 1969) Fellini antik adabiyot yodgorligini ekranga olib chiqadi. Petroniyning “Satrikon” asari bizgacha to‘liq holda yetib kelmagan, ba’zi sujet liniyalari yo‘q bo‘lib ketgan. Bu esa rejissorga o‘z tasavvurini ishga solib, qadimgi Rim klassikasining hammuallifiga aylanish imkonini beradi.

“Kazanova” filmida (Casanova, 1976) Fellini XVIII asr sarguzashtchisi, sayohatchisi va yozuvchisi Jakomo Kazanovaning “Umrim bayoni” asarini ekranga ko‘chiradi. Asli, qahramonning o‘zi ham, uning xotira yozish uslubi ham rejissorga umuman yoqmasdi. Shu narsa Felliniga asl manbadan uzoqlashib, ekranda barokko feyeriyasini yaratish imkonini beradi.

“Oy ovozi” filmi (The voice of the moon, 1990) “Oyparastlar dostoni” asari asosida ishlangan. Unda bosh rollarni Ermanno Kavazzoni va Roberto Beninilar ijro etgan. Fellini adabiy manbani yana bir bor o‘zining ong osti kechinmalari bilan to‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi. Ushbu filmda rejissor ijodining ko‘plab elementlari umumlashgan — “Yo‘l”dagi ochiq kenglikdan tortib “Amarkord”dagi absurdizmgacha. “Oy ovozi” rejissorning so‘nggi filmi bo‘lib qoldi. Rejissor filmografiyasidagi shu kartinani oxirida tomosha qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Qaysi filmdan boshlamaslik kerak?

Alberto Lattuada bilan hamkorlikda suratga olingan “Varete chiroqlari” (Variety lights, 1950) debyut filmidan boshlamaslik kerak. Bu filmda rejissor uslubi hali shakllanib ulgurmagandi. “Firibgarlik” kartinasi ham (The drum, 1955) Fellini dunyosiga kirish uchun yaxshi yo‘l bo‘la olmaydi. Rejissorning ham undan ko‘ngli to‘lmagandi: film prodyuser qaychisidan ko‘p aziyat chekkan.

Fellinining mavhum ramzlar va noaniq metaforalar bilan to‘lgan “Kema hamon suzmoqda” (Il Bidone, 1983) nomli so‘nggi shedevrlaridan biri bunga avvaldan tayyor bo‘lmagan tomoshabin uchun murakkablik qilishi mumkin.

“Kema hamon suzmoqda” filmidan kadr

Foto: Radiotelevisione Italiana (RAI); Vides Produzione; Societa Investimenti Milanese (S.I.M.)

“Intervyu” (Interview, 1987) nomli yana bir so‘nggi filmlardan biridan boshlamaslik ham, ehtimol, to‘g‘ri bo‘lar. Ushbu kartinada Marchello Mastroyanni, Anita Ekberg, operator Tonino Delli Kolli va Fellinining o‘zi ro‘y ko‘rsatadi. Yaxshisi, uni rejissorning asosiy filmlaridan keyin tomosha qilish kerak — faqat shundagina tanishlik hissi va eski tanishlar bilan nostalgik uchrashuvdan to‘laqonli bahramand bo‘lish mumkin.