Misr futbol assotsiatsiyasi JCh—2022 saralashi doirasida Senegalga qarshi kechgan o‘yindagi holatlar bo‘yicha FIFAga shikoyat arizasini yozdi.
“Misr futbol federatsiyasi Senegalga qarshi o‘yin oldidan uchrashuv inspektori, xavfsizlik xodimi, Afrika futbol konfederatsiyasi va FIFAga rasmiy shikoyat bilan murojaat qildi.
Misr terma jamoasi maydonga chiqib kelayotgan vaqtda irqchilik kayfiyatidagi haqoratlarga uchragan. Qolaversa, tribunalarda futbolchilarga, ayniqsa, Muhammad Salohga qarshi haqoratli bannerlar o‘rnatilgan.
Senegal terma jamoasi muxlislari mashg‘ulotlar vaqtida misrlik futbolchilarga qarata shisha va tosh uloqtirgan. Undan tashqari muxlislar Misr terma jamoasi avtobusiga ham hujum uyushtirgan va buning natijasida oyna singan, bir necha kishi jarohatlangan. Bularning barchasi foto va videolarga muhrlangan va shikoyatga ilova qilingan”, — deyiladi bayonotda.
Senegal terma jamoasi muxlislari o‘yin davomida misrlik futbolchilarning ko‘ziga lazer tutdi. Penaltilar seriyasi vaqtida esa bu yaqqol ko‘rindi. Jamoa sardori Muhammad Saloh penaltidan gol ura olmadi. Bundan tashqari, darvozabon va boshqa o‘yinchilarga ham xalaqit berishga harakat qilindi.
Misr JCh—2022 saralash bosqichida Senegalga imkoniyatni berdi va mundial yo‘llanmasini qo‘ldan chiqardi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)