“Novaya gazeta” nashri Viktoriya Ivashchenko ismli ukrainalik ayolning qiziq qismati va jasorati haqidagi hayotiy hikoyani e’lon qildi. “Daryo” uni o‘zbek tilida havola etadi.
Ularning uch farzandi bor edi, endi esa olti nafar. Oleg, Sasha, va Marusyalar qatoriga Dasha, Natasha, Lera ham qo‘shildi. Shuningdek, qarindoshlar va saratonga chalingan sobiq xizmatdosh ham birga. Vaziyat shuni taqozo qildi. Viktoriya Ivashchenko va uning turmush o‘rtog‘i Aleksandr to‘rt yildan beri Varshavada yashaydi. Sasha — sobiq chegarachi, 2016-yilda harbiy xizmatdan bo‘shagan. Vika sartaroshlik qiladi, psixologiya yo‘nalishida ham o‘qiydi. Ularning Varshavadagi turar joy massivida ijaraga olgan kichkina kvartirasi bir necha kun ichida qochqinlar boshpanasiga aylandi. Lekin undan avval yana uch nafar bolani olib kelish uchun 3 ming kilometr yo‘l bosib, chegarada 15 soat turishga to‘g‘ri keldi. Bolalar endi xavfsiz joyda, bu esa ularning yerto‘lada, to‘qnashuv chizig‘ida o‘tirgan onalariga kuch bag‘ishlaydi. Vika va Sasha esa bu qiyinchilikni yengib o‘tishiga ishonadi.
Hammasi Sashaga uning sobiq xizmatdoshi qo‘ng‘iroq qilganidan boshlandi, uning ham ismi Sasha. Burniga husnbuzar chiqibdi, keyin bilishsa, miya saratoni ekan — to‘rtinchi bosqichi. Rafiqasi Polina bilan Misr ta’tiliga uchib ketayotib boshida qattiq og‘riq turibdi-yu, o‘sha parvozni arang o‘tkazib olibdi. Bosh og‘rig‘i yo‘qolmagach, tekshiruvdan o‘tishga qaror qildi va shu xabarni eshitdi. Aksiga olib, hech kim uni operatsiya qilishni istamadi, juda kech qolganini aytishdi. Faqat Kiyevdagi bitta shifokor rozi bo‘ldi. Uning familiyasini eslay olmayapman. Lekin haqiqiy sehrgar ekan. 13 soat operatsiya qilib, muvaffaqiyatli uddaladi.
Xullas, operatsiya 13-yanvar kuni o‘tgan bo‘lsa, oradan ikki oy o‘tib, 13-martda nur terapiyasi boshlanishi kerak edi. Lekin ungacha urush boshlanib ketdi. Yaxshi, bu yerda to‘rt yildan beri yashaymiz. Tilni bilamiz, qayerga qo‘ng‘iroq qilishni ham. Avvalroq, har ehtimolga qarshi, kimyoterapiya va nur terapiyasi qanchaga tushishini bilib olgandik. 20 ming yevro ekan. Lekin endi LuxMed qochqinlarga bepul yordam ko‘rsatishini e’lon qildi. Ular bilan bog‘landik, xayriyat, qabul qiladigan bo‘lishdi. Bepul davolashadi. U allaqachon ko‘rikdan o‘tdi ham, operatsiya a’lo darajada bajarilganini aytishibdi. Hammasi toza. Ammo mamlakatdan chiqish ancha qiyin bo‘ldi. U hali harbiy xizmat yoshida. Uni hatto Lvovga ketayotgan poyezdga chiqarishni ham istashmadi. Peshonasidagi kattakon chandiqqa ham qarab o‘tirishmadi. Bosh suyagi u chakkasidan bu chakkasigacha ochilgandi axir. Hujjatlari ham yonida edi, lekin shunda ham: “Baribir o‘lasan. Yaxshisi, shu yerda o‘l. Avtomatni olib, Ukrainani himoya qil!” — deyishibdi. Hamma asabiy. U esa: “Ukrainani himoya qilishdan qochmayman, lekin buning uchun avval sog‘ayib olishim kerak!” — debdi. Xullas, Polina ikkisi bir amallab yetib kelishdi. Lvovning o‘zida ham bir nechta poyezdlarni o‘tkazib yuborishibdi, chunki avval bolali ayollar poyezdga o‘tqazilibdi. Er-xotin kelib, biznikiga joylashdi.
Uyimizga ko‘chib kelgan ikkinchi oila — uzoq qarindoshlarim. Ona, qiz va yetti yashar nabira. Ular Kiyev yaqinida, Bucha shahridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda yashardi. Uyining qoq tepasiga zarba berishibdi. Himoyachilar kelib, ularni olib chiqmagunicha sakkiz soat vanna bilan xona o‘rtasida o‘tiribdi. Ular Sasha va Polinadan keyin, oradan uch kun o‘tib, keldi.
Va nihoyat, uchinchi oila men uchun eng og‘riqlisi bo‘ldi. Ular opamning bolalari: to‘qqiz yoshli egizaklar Dasha va Natasha, 16 yoshli Lera. Ularning katta akasi ham bor, jiyanim, lekin u Ukrainada qolgan. 19 da, harbiy xizmat yoshida. Allaqachon Sumida o‘t o‘chirish bo‘limida xizmat qilyapti. Ular vayron bo‘lgan binolarda ishlaydi. Xullas, opam bolalari bilan Ostrovkada yashaydi. Bu qishloq Nikolayev viloyatida joylashgan, Ochakov va Nikolayevning o‘rtasida. U shahardan ham, bu shahardan ham 60 kilometr uzoqlikda. Ostrovka to‘qnashuv chizig‘iga to‘g‘ri kelib qolgan. Opam qo‘ng‘iroq qilib, bolalarni mamlakatdan olib chiqib ketish kerakligini aytdi. Apil-tapil gaplashdik. U menga: “Benzinni qayerdan topishni bilmayapman. Benzin yo‘q”, — deydi. Men esa: “Benzin topib, bolalarni eng yaqin chegaraga olib bor. Keyin ularni olib ketaman”, — deyman.
Eng yaqin chegara Moldovada. Shunday qilib, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya orqali 1560 kilometr naridagi Ukraina va Moldova chegarasiga yo‘l oldik. Uncha uzoq emas, lekin boshdan-oyoq ilonizi yo‘l muammo tug‘diradi. Xullas, chegaraga bir amallab yetib bordik. Chegaradan narida Odessa ko‘rinib turardi. Bu qanchalar og‘riqli ekanini bilasizmi — Odessa qarshingizda turibdi, lekin borolmaysiz. Odessani, umuman, hamma yaxshi ko‘radi, birorta mamlakatda Odessani sevmaydigan insonni uchratmaganman. Esimda: maktabda o‘qib yurgan kezlarim ota-onam bilan birga “bozor qilgani” borardik — 1-sentabr xaridlari uchun. Chegarada turibman-u o‘kirib yig‘layman! Sasha: “O‘zingni qo‘lga ol, hali bolalarni olib chiqish kerak, ular ko‘z yoshingni ko‘rmasin”, — deydi. Koronavirus tufayli opam va jiyanlarim bilan ikki yildan beri uchrashmagandim. Ular, albatta, bizdan ancha uzoqlashgan. Ularga qanchalik og‘ir bo‘lganini tasavvur qilyapman. 13 kechani yerto‘lada o‘tkazgan, portlash ovozini eshitaverib, yuragini oldirib qo‘ygan.
Biz asli sayohat qilishni juda sevamiz, Sasha ikkimiz uchun bir yarim ming kilometr hech nima emas. Lekin chegaradagi qaysidir chodirda seni kutib yotgan uchta bolaning yoniga oshiqayotgan bo‘lsang, umuman boshqa masala. Polshadan farqli o‘laroq Moldovada qochqinlarga deyarli hech qanday yordam ko‘rsatilmayapti. Polshada bu borada katta ishlar qilindi, Moldovada faqat ayrim ko‘ngillilar chegarada chodir tikladi — hatto chodir ham emas, soyabon o‘rnatdi. Havo harorati esa noldan past. Palanka-Mayaki o‘tish joyida edi. U yerda ko‘plab qochqinlar bor edi, non, kolbasa, pishloq ko‘targan bir necha kishi ham. Opamning aytishicha, o‘sha yerlik odamlardan biri karamli do‘lma olib kelibdi. Umuman olganda, chegara yaqinida yashovchi kishilar yordam berishga harakat qildi. Lekin, to‘g‘risi, moldovaliklardan ko‘proq narsa kutgandim. Ular dam olish uchun doim biz tarafga kelgan. Ular uchun sohil bo‘yida katta mehmonxonalar qurilgan, bir qancha plyajlar va qirg‘oqlarni o‘ziniki qilib olgandi. Biz ularga doim do‘stona munosabatda bo‘lganmiz, endi esa chegara yaqinidagi qishloq odamlarigina yordam qo‘lini cho‘zyapti. Moldova hukumati, nazarimda, butkul befarq.
Xullas, bolalarni olib ketyapmiz. Opam o‘sha yerning o‘zida bir parcha qog‘ozga ishonchnoma yozib berdi, lekin hozirgi vaziyatda shu ham o‘taveradi. Ular qirq qavat po‘stinga o‘ranib olgan — juda sovuq edi. Tunab qolish mumkin bo‘lgan eng yaqin shahar — Balti. 200 kilometrdan uzoqroq masofada joylashgan. Men Moldovani ancha yaxshi bilaman: bir vaqtlar, ota-onam ajrashganda, o‘sha yerda yashardik. Endi tasavvur qilib ko‘ring: kun qorayganda yo‘lga chiqib, tun bo‘yi yurdik, uxlash uchun ikki soatga to‘xtadik, xolos. Egri-bugri yo‘llarda bir yarim sutka yurib, atigi ikki soat dam oldik. Oxiri Sasha mudray boshladi. Uni chalg‘itib, uyqusini ochishga harakat qilaman. Uxlab qolmasligi uchun oyog‘idan chimdib qo‘yaman. Bir alfozda yetib bordik.
Keyin yana boshlandi. Yarim tunda bir mehmonxonaga, ikkinchisiga va uchinchisiga kiramiz — bo‘sh joy yo‘q. Bechora bolalar zo‘rg‘a turibdi, ular ham ikki kundan beri uxlamagandi.
Xayriyat, to‘rtinchi mehmonxonada joy bor ekan. Qabulxonadagi ayol bilan gaplashdim:
— Besh kishimiz, uch bolamiz bor.
— Xo‘p, tonggi sakkizgacha joylashishingiz mumkin, sakkizda chiqib ketishingiz kerak, 120 yevro bo‘ladi.
Biz rozi bo‘lib, pulni uzatmoqchi bo‘lib turganimizda uning birdan fikri o‘zgarib qoldi:
— Yo‘q, yaxshisi, bitta katta xona o‘rniga 90 yevrodan ikkita standart xonani ola qoling, 180 yevro bo‘ladi.
— Hazillashyapsizmi? Ukraina chegarasidan uchta bolani olib kelyapmiz, pulimiz tugayapti, hali benzinga ham yetishi kerak, 90 yevrolik ikkita xonani nima qilamiz?
— Unda boshqa mehmonxonaga boring, lekin baribir joy topolmaysiz.
Bir vaqtlar, opamni ko‘rgani ketayotib, Sasha ikkimiz shu mehmonxonada tunagandik. O‘shanda 60 yevro to‘lagandik. Ba’zilar shu og‘ir vaziyatdan ham foyda undirish payida — chegarada bir-ikki kun qolib ketgan ukrainaliklar tunash uchun istalgan pulni berishga tayyor. Shundan foydalanib, cho‘ntagingizni shilib olishadi. Men g‘ururli ayolman, odatda birovga yalinmayman, lekin o‘shanda unga bo‘yin egishga majbur bo‘ldim. 120 yevro to‘ladik. Lekin ayol soat 7:30 da bizni uyg‘otdi:
— Yarim soatdan keyin chiqib ketishingiz kerak!
Chiqib ketdik ham. Yo‘lda davom etdik. Men ularning ko‘nglini olishga harakat qilib ketardim, chunki Sasha uxlab qolmasligi, bolalar esa yomon narsa haqida o‘ylamasligi kerak. Ko‘rib turibman: ozgina jimib qolsak, tamom, ularning ko‘zi yoshlana boshlaydi. Sasha radioni yoqib, yangiliklarni eshitgisi keladi, men esa bunga qarshi chiqaman. Buvimning hikoyalari va hazillarini eslab, yo‘l-yo‘lakay aytib ketaman. Moldovadan, Ruminiyadan o‘tib, Ruminiya-Vengriya chegarasida to‘xtadik. Bizdan oldinda 50 ta mashina, har daqiqada orqamizga yangisi kelib qo‘shiladi. Xullas, kechki beshlarda chegaraga yetib keldik, u yerdan esa tonggi yettida arang jo‘nab ketdik. Oqshom va tunni o‘sha yerda o‘tkazdik. Xudoyim, u yerdagi bolalarning ko‘pligini! Lekin hojatxona yo‘q. Qizil Xochga borib, qayerdan hojatxona bor, deb so‘radim. Ular esa ochiq dalani ko‘rsatadi. Mashinalar asosan ukrainaliklarga tegishli, ayollar haydab bormoqda. Birorta qimmatroq mashinada Ukrainadan bir amallab chiqib ketgan ayyor erkaklar ham bor, albatta. Ular asosan Moldova chegarasidan o‘tadi. Chegarada bu dastlab uch yarim ming yevro turganini, hozir esa yetti ming yevroga chiqqanini aytishdi.
Nihoyat Polshaga kirib borganimizda u yerdagi qo‘llab-quvvatlovni chuqur his qildik. Hamma yoqda — Ukraina bayroqlari. “Ukraina bilan birgamiz” shiori yozilgan plakatlar ham hamma yoqqa ilib tashlangan.
Varshavaga yetib keldik. Kvartirada esa uchta farzandimiz, Sashaning operatsiyadan chiqqan adash xizmatdoshi va uning rafiqasi Polina, shuningdek, uch nafar uzoq qarindoshim ham bor edi. Bir amallab sig‘ishdik. Avval kattalar polda, bolalar esa karavotda uxladi. Men Sasha va Polina uchun uy qidira boshladim. Bir polyak oilasi kvartirasidan bitta xonani tekinga ajratib berdi. Lekin bu bizning ularga ortiq qayg‘urmay qo‘yganimizni anglatmaydi. Sashani kasalxonaga olib borishimiz, vrach qabulida ham u bilan birga bo‘lishimiz kerak, chunki u polyak tilini bilmaydi.
Jiyanlarim avvaliga o‘zini xotirjam tutdi. Yot xonadondagi ilk kunni ular bir amallab, tishini tishiga qo‘yib o‘tkazdi. Ikkinchi kuni esa egizaklardan biri ovqat yeyishdan bosh tortdi. Men unga: “Hozir onangga qo‘ng‘iroq qilib, aytaman”, — deyman. U ona so‘zini eshitib, ko‘zidan achchiq yosh to‘ka boshlaydi. Men uni quchog‘imga olib, yupataman. Ikkinchisi ham yig‘lab yuboradi. Katta opasi Lera ham menga qo‘shilib bolalarga dalda beradi.
Kecha qizlar bilan bahorgi kiyim sotib olish uchun “Smik” bolalar do‘konga bordik: ular egnida po‘stin bilan kelgandi. Ularga birdan jon kirdi: “Ana u o‘yinchoqni qarang, ajoyibligini!”. Tinch vaziyatda bu matohni bolalarga umuman olib bermagan bo‘lardim. Lekin ularning ko‘zi nihoyat porladi. “Sasha, olamizmi?” “Hammasini olib beramiz!” O‘yinchoqlar ularni boshdan kechirgan dahshatli tushidan ozgina bo‘lsa ham chalg‘ita olsa deymiz. Kiyimlarning o‘zi hammasi bo‘lib ikki ming zlotiyga tushdi — Sasha bir kun avval maosh olgandi, yaxshi. Xullas, bolalar kecha kun bo‘yi o‘ynab-kulishdi. Bugun esa ular maktabga qabul qilindi, tez orada qatnay boshlashadi. Hozir imkoni yo‘q ekan — sinflar to‘libdi. Maktabga borgani yaxshi, shu bahona ancha chalg‘iydi ham. Men ham ishga qaytishim kerak, Sashaning bir o‘zi hammamizni boqolmaydi. Boz ustiga ikki haftadan beri ishlay olmadi ham: yo chegaraga gumanitar yordam olib borgan, yo chegaradan qochqinlarni olib kelgan. Keyin mana, bolalarni olib kelish uchun Moldova-Ukraina chegarasiga bordik.
Darvoqe, opamning farzandlari yordam dasturiga kirmas ekan, davlat bizgi yordam ko‘rsatmaydi. Seym (Polsha Respublikasi Milliy Assambleyasining quyi palatasi — “Daryo” izohi) tomonidan qabul qilingan qonunda faqat Ukraina—Polsha chegarasini kesib o‘tganlarga yordam ko‘rsatilishi aytilgan. Biznikilar esa butun Sharqiy Yevropani bosib o‘tgan va qonunda ko‘rsatilgan chegarani kesib o‘tmagan. Mayli, hechqisi yo‘q, o‘zimiz uddalaymiz. Asosiysi, ular tirik va xavfdan yiroq.
Biz Ukrainada Sofiyevskaya Borshchagovka qishlog‘ida turardik. Urushning ikkinchi kuniyoq uyimiz vayron bo‘ldi, endi Ukrainada bizning uyimiz yo‘q. Sashaning onasi Konotopda har tunni boshqalar kabi yerto‘lada o‘tkazadi. Qon bosimi har kuni 180 ga 115. Yaxshiyam, xususiy uyda yashaydi, katta yerto‘lasi bor. Sashaning akasi farzand ko‘rganiga bir yarim oy bo‘ldi. Ular Ukrainada qolgan — boshda vaziyat tez orada o‘nglanadi, deb o‘ylashgan, endi esa u yerdan chiqish xavfli. Benzin ham avval bir litri 29 griven edi, hozir 50 griven, ustiga-ustak, hech qayerdan topib bo‘lmaydi. Sashaning uch nafar xizmatdoshi halok bo‘ldi. Biz axir avval Konotopda yashaganmiz, u yerda temiryo‘l chegarasi bor. Rossiya tomondagi yigitlar bilan do‘stlashib, Qrimda uchrashgandik. Keyin 2013-yilda men ish bilan Rossiyaga bordim va Bryanskda ularnikida tunab qolish uchun to‘xtadik. “Yozda Qrimda ko‘rishamizmi?”, — deya taklif qildi Sasha. Yigit unga javob berdi: “Mayli, faqat bizning Qrimda”. Bir oydan so‘ng ularning barchasi aloqani butkul uzib qo‘ydi. Donbassda tartibsizliklar boshlangan vaqtda ham temiryo‘l aloqasi uzilmadi. Odamlar ham qatnardi, tovar ham tashilardi. Poroshenko davrida ham, Zelenskiy davrida ham savdo ishlari avjida edi.Varshavadan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Grodzisk Mazovetski shahrida qarindoshlarim uchun ham joy topdik. Aniqrog‘i, tasodifan topilib qoldi. Erim Varshava universitetidan chegaraga gumanitar yordam olib borgandi. Uy qidirib yurganimizda talaba qizlardan birining otasi qizi yashayotgan uyni bizga berib, uni o‘z uyiga ko‘chirib ketdi. Pul olmadi. “Urush tugaguncha o‘z uyingizdagiday yashayvering” — dedi. Shunday qilib, hamma uyli bo‘ldi: bolalar biz bilan, qarindoshlarim Grodzisk Mazovetskida, erimning sobiq xizmatdoshi Sasha va uning turmush o‘rtog‘i Polina Varshavada, bir necha kunlik davolanishda.
Opam esa bolalarni menga topshirganidan so‘ng ularni chegaragacha olib kelishga yordam bergan dugonasi bilan yerto‘laga yana qaytib ketdi. Odessaga boqqancha piyoda qaytib ketishdi.
Agar osmon doimiy portlashlardan qizil tusga kirsa, bu juda yomon. Agar ora-sira gumburlab, chaqnab tursa, uncha qo‘rqinchli emas.Chegaradan birorta mashina ortga qaytmaydi, hamma bu tomonga, Moldovaga qarab yuradi. Qaytish, albatta, qo‘rqinchli. Unga sari bo‘rilar uvullashi ham quloqqa chalinib turadi. Shu payt chegara tomonga qarab ketayotgan avtobus to‘satdan kelib to‘xtaydi. Opam u tomonga angrayib, kamuflyaj va niqobdagi bir to‘da odamni ko‘radi. Ularning kim ekanligi noaniq. Tonya: “Kimsiz?” — deb so‘raydi. Ular: “O‘zingiznikilarmiz, sizni olib borib qo‘yamiz!”. Tonya: “Xo‘p, unda “palyanitsya” deng-chi!” Mikroavtobus kulgidan zirillab ketadi. Shunday qilib, ularni eson-omon olib borib qo‘yishibdi. Opam shundan beri yerto‘lada. Er himoyada, faqat hech kim ularga qurol bermagan. Urush qishloqlarimizda dahshatli tus oldi. Shaharlarda ham shu ahvol.
Izoh (0)