“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — 12 yildan buyon Rossiyada ishlayotgan Shahnoza Saidqulova.
Shahnoza Saidqulova, 39 yosh. Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Termiz pedagogika bilim yurtini tamomlagan. Ikki farzandning onasi.
2010-yildan beri turmush o‘rtog‘i bilan Rossiya Federatsiyasida ishlab kelmoqda.
Nohaqlik tufayli baxtli kunlarimizga nuqta qo‘yildi
Turmush o‘rtog‘im ham, men ham bir joyning odamimiz. Surxondaryoda to‘yimiz o‘tgach, xo‘jayinim harbiy sohada ishlagani uchun Jizzaxda yashay boshladik. Birin-ketin ikki bolamiz tug‘ildi. Men oila tashvishi, ro‘zg‘or, bola-chaqa bilan band edim, erim ham ishiga borib kelar, birgalikda risoladagidek hayot kechirardik. Kun kelib, bu baxtli kunlarimiz nohaqliklar sabab tugaydi deb sira o‘ylamasdik.Bir kuni turmush o‘rtog‘im ishdan kayfiyatsiz qaytdi. Sababini so‘rasam: “Ishxonam men bilan shartnomasini tugatdi, nega desam, bu davlat siri deyishdi”, dedi.
O‘shanda qism komandirining oldiga borib, nega bunday qarorga kelganlarini so‘radik. Ammo barcha savollarimiz javobsiz qoldi.
Erim oddiy ishchi oilasidan chiqqan, bariga o‘z kuchi, harakati bilan erishgan edi. Qaynotam haydovchi, qaynonam farroshlik qilib, besh bolani ulg‘aytirishgandi.
Keyin 2010-yili Jizzaxdan Surxondaryoga — qaynona-qaynotamnikiga qaytib, o‘sha yerdan qo‘nim topdik. Bolalarim hali kichkina, qizim besh, o‘g‘lim 3 yoshda edi. Ro‘zg‘orni tebratish niyatida ikkimiz ham ish qidirishga tushdik. Ish topilardi-yu, tayinli maoshlisi hadeganda uchramasdi. Oxiri, gapni bir joyga qo‘yib, yakuniy chora – chetga ishga ketishga qaror qildik. Qarindoshimiz yordamida Rossiyadan ish topdik.
Xullas, nohaqlik tufayli bolalarimni ukamga tashlab, uzoq ellarga ketishga majbur bo‘ldim. Xayrlashayotganimizda qizim bilan o‘g‘limning darvoza oldida yum-yum yig‘lagani haliyam ko‘z oldimda. Eslasam, yig‘lagim kelaveradi.
Bu yerda begonalarga emas, o‘zingnikilarga aldanasan
2010-yili Rossiyaning Tver shahriga keldik. Men katta restoranga idish yuvuvchi bo‘lib ishga kirdim, turmush o‘rtog‘im esa yuk tashishda ishlay boshladilar.Boshida juda qiynaldik. Hatto tunashga tuzukroq boshpanamiz yo‘q edi. Men 14—17 soatlab ishlab, kechasi bir kelinchakning dala-do‘konida uxlardim. Eh-he, kvartira topguncha ne kunlarni boshdan kechirmadik.
Qolaversa, musofirmiz, begona yurt, qonun-qoidalarini bilmaymiz. Hujjatlar borasida aldanib qoldik. Bu yerda eng yomoni, begonalar emas, aksincha, o‘zingiznikilar teringizga somon tiqib ketadi.
Kelgan paytimiz qo‘limizda 500 dollarimiz bor edi, xolos. Ish topib bergan tanishimizning jiyaniga bizga kerakli hujjatlarni tayyorlab berishi uchun hamma pulimizni topshirganmiz. Ammo u bizni aldab, qalbaki hujjatlar tayyorlab bergan ekan.
Unga bog‘lansak, hech nima bo‘lmaydi, hamma shunday ishlab yuribdi, deb pullarimizni qaytarib bermadi.
Keyin boshqa yurtdoshdan qarz olib, Ukrainaga kirdi-chiqdi qildik. Hujjatlarimizni qayta boshdan qonuniy yo‘l bilan o‘zimiz tayyorladik.
Ishda tinim bilmasdim. Direktor chaqqonligim va til bilganim uchun “xolodniy sex”ga ishga o‘tkazdi. Keyin “razdacha”ga o‘tdim. Maoshim ko‘tarildi. Hayotimiz asta-sekin iziga tusha boshladi.
Operatsiyam uchun bir rubl ham to‘lamadim
Kelganimizga o‘n yildan oshgan bo‘lsa, shu restorandan boshqa joyga ishga o‘tmadik. Mehnat sharoitlari a’lo darajada. Oziq-ovqatimiz restoran hisobidan. Direktorimiz bag‘rikeng inson, yordam so‘rasak, hech qachon yo‘q demagan.Bir xonali kvartirani ijaraga olganmiz. Oyiga 13 200 rubl to‘laymiz. Ayni vaqtda RVP olganmiz. Bu hujjat bizga Rossiya davlatida patent to‘lamasdan uch yillik muqim yashash huquqini beradi. Xuddi o‘z fuqarosiday davlatga 13 foiz soliq to‘laymiz. Qonuniy sug‘urta polisimiz bor.
Yaqinda ko‘krak sohamda operatsiyani boshdan o‘tkazdim. Sug‘urta polisim tufayli tekshiruvlar, tahlillar, shifokor xizmati va jarrohlik amaliyoti uchun bir rubl ham to‘lamadim. Hammasi bepul bo‘ldi.
Mana, inson qadri! O‘zimizda biror joyingiz og‘rib, shifokorga boring, bor-budingizni shilib oladi. Shunga yarasha yetarli sharoitga ega shifoxonalar ham yo‘q. Xususiylari esa qimmat.
Ishxonamizga 600 dollar oylikka ko‘nadigan rus farroshini topolmadik
Menimcha, o‘zbekistonliklarning 40 foizi Rossiyada. Asosan, qurilish sohasida va boshqa tashkilotlarda farrosh, oshpaz bo‘lib ishlashadi, kirakashlik qilayotganlar ham ancha-muncha.Ishxonamizning ham deyarli yarmidan ko‘pi o‘zbeklardan iborat. Faqat til bilmagani, hujjatlarini to‘g‘ri qilmaganlarning ko‘pi og‘ir ishlarda ishlaydi.
Bu yerda til bilgan har qanday odam yaxshi daromad qilishi mumkin. Muhimi, ichmay-chekmay, ishiga mas’uliyat bilan qarasa bo‘lgani.
Ba’zida o‘ylab qolaman, axir bizning davlati ham kambag‘al emas-ku. Fuqarolari uchun nimadir qilsa bo‘ladi-ku!
Ishxonamizga ikki yildan beri yaxshi farrosh qidiramiz. Oyligi 600 dollar atrofida, lekin shuncha vaqtdan beri biror rus ayoli ish so‘rab kelmadi. Ayting-chi, bizda farroshlar shuncha oylik oladimi?
Rossiyada ustaning oyligi 80 ming rubl, traktorchiniki 120 ming, haydovchiniki esa 100 ming rubldan boshlanadi.
Agar oddiy ishchisi shuncha oylik olsa, endi boshqa kasb egalarining maoshi qancha bo‘lishini tasavvur qilavering.
Baribir Rossiyadan ketolmaymiz
Rossiya—Ukraina o‘rtasida vaziyat keskinlashgach, ishda qisqartirishlar bo‘lmadi-yu, lekin rubl tushib, topayotgan pulimiz “kopeyka” bo‘lib qoldi. Qolaversa, hamma narsaning narxi oshib ketgan. Biz yashaydigan shaharda kattakon zavod, ko‘plab brend do‘konlar yopildi. Ishchilari esa ishsiz, daromadsiz qoldi. Tabiiyki, ruslar birinchi bo‘lib o‘z fuqarolarini ish bilan ta’minlaydi. Endi muhojirlarni yanada ezish boshlanadi. Ayniqsa, bu yerning hokimi migrantlarni yomon ko‘radigan millatchi odam.Tver shahrida butun Rossiya bo‘yicha qimmat patent to‘lovi bor. 7000 ming rublga chiqqan. O‘z fuqarolari ishsiz qolgach, endi bizni chiqarib yuborishga urinishadi. Ammo ketolmaymiz. Chunki yurtimizda shu pulni ham topa olmaymiz.
Farzandingni dunyoga keltirsang-u, o‘zing katta qilolmasang, alam qilarkan
Hayotimda unutilmas, og‘riqli voqealar ko‘p bo‘lgan. Biri erimning beayb ishsiz qolishi, farzandlarimni qon yig‘latib, boshqa davlatga ketishga majbur bo‘lganim, ikkinchisi va eng alamlisi, karantin tufayli onamning janozasiga borolmaganim... O‘shanda hamma joylar yopilgandi, biletlar 120 ming rublga chiqib ketgan payt edi. Bilet ololmay, onamni so‘nggi manzilga kuzatolmaganman.Allohga shukr, nolimayman, hayotimizda yaxshi kunlar ko‘p bo‘ldi. Ishlab, yaxshi daromad qilib, bekam-u ko‘st yashayapmiz. Sharoitlar yetarlicha. Biroq... ayriliq, sog‘inch odamni yeb yuborarkan. Qizimni 5 yoshida tashlab kelgandim, hozir 9-sinfda o‘qiyapti. To‘g‘ri, shu farzandlarimni birovdan kam qilmay deb ishlab yuribmiz, lekin baribir farzandingni tug‘ib dunyoga keltirsang-u, o‘zing katta qilolmasang, odamga yomon alam qilarkan-da.
Avval yosh bo‘lgan ekanmiz, uy qurib, mashina olsak bo‘ldi, deb o‘zimizni ovutardim. Ammo bu orzular ro‘yobi bilan hayot to‘xtab qolmas ekan. Farzandlaringiz katta bo‘lgani sari maqsadlar o‘zgarib, kattalashib boraverarkan.
Hozir bor e’tiborimni o‘qishiga qaratganman. Imkonim boricha ularni shu yerga olib kelib, oliy ma’lumotli qilish haqida o‘ylayapman. Ikkisi ham tayyorlov kurslariga borishadi. Bu maqsadim yo‘lida bor mablag‘imni sarflashga tayyorman. Toki bizga o‘xshab qiynalmasin, oilasidan uzoqda ishlashga, kun kechirishga majbur bo‘lmasin.
Mavzuga doir:
- “Vatanga qaytmasligim sababi pul bilan bog‘liq emas”. 6 yildan buyon Rossiyada ishlayotgan farg‘onalik muhojir yigit hikoyasi
- “Hech bir ayolga musofirning hayotini ravo ko‘rmayman”. Erining operatsiyasi va qizlarining o‘qishiga pul topish uchun Turkiyaga ishlashga ketgan muhojir ayol hikoyasi
- “Bitta mashina olsam bo‘ldi, bu yerlarga qaytib kelmayman”. Rossiyada qurilishda ishlayotgan oliy ma’lumotli o‘zbekistonlik muhojir hikoyasi
- “Men ham ibodatlarimni qilib, uyda o‘tirgim keladi, ammo bu pulni o‘zimizda topolmayman”. O‘g‘lining qimordagi qarzlarini uzish uchun Moskvada ishlayotgan 56 yoshli ayol hikoyasi
- “Yelkamdagi mas’uliyat og‘irligidan hatto tushimda ham O‘zbekistonda bo‘lib qolish men uchun qo‘rqinchli”. Moskvada ishlayotgan surxondaryolik yigit hikoyasi
- “Bolalarimni o‘ksitmaslik uchun qo‘limdan kelganini qilyapman”. Turkiyada ishlab, farzandini Londonda o‘qitayotgan o‘zbekistonlik muhojir ayol hikoyasi
Izoh (0)