“O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Qazaqstan temir joli” MK bilan kelishilgan holda 2022-yilda Qozog‘istonga yana bir yo‘lovchi poyezd harakati tashkil etilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2022-yil 2-maydan boshlab haftada uch marotaba Olmaota-2—Toshkent—Olmaota-2 yo‘nalishida 1/2-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu poyezd “Toshkent—Markaziy” vokzalidan har seshanba, payshanba va yakshanba kunlari jadval asosida Qozog‘istonga jo‘nab ketadi. O‘zbekiston tomon esa, “Olmaota-2” temiryo‘l vokzalidan har dushanba, chorshanba va shanba kunlari qatnaydi.
Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temiryo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilmoqda.
Chiptalarni elektron tarzda hamda temiryo‘l kassalaridan sotib olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk bor koronavirus aniqlangan 2020-yil 16-martdan boshlab temiryo‘l transporti qatnovlari to‘xtatilgan edi. 2020-yilning 15-avgustidan mahalliy avia va temiryo‘l qatnovlari bosqichma-bosqich tiklangan. Ikki yillik cheklovlardan so‘ng, qator davlatlar tomonidan poyezd yo‘lovchilari uchun davlat chegaralarini bosqichma-bosqich ochish borasida sa’yi-harakatlar boshlangan. Birinchi xalqaro yo‘lovchi poyezdi 1-aprel kunidan boshlab Nukus—Beyneu—Nukus yo‘nalishi bo‘yicha qatnay boshlaydi.
Izoh (0)