“Liverpul” Muhammad Saloh bilan yangi shartnoma borasida kelisha olmayapti.
Jurnalist Fabrisio Romanoning yozishicha, hozirda futbolchi butun diqqat-e’tiborini “Liverpul”dagi o‘yiniga qaratgan. Yangi shartnoma borasidagi muzokaralar buzilgan, endi barchasi ingliz klubining harakatlariga bog‘liq.
Saloh kelayotgan yozda jamoani tark etish istagida yonayotgani yo‘q. Misrlik futbolchining shartnomasi 2023-yilning yozida yakuniga yetadi va undan so‘ng erkin agent sifatida klubni tark etishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Muhammad Salohga “Barselona” qiziqish bildirayotgani haqida xabar qilingandi. Ammo La Liga jamoalariga o‘tish futbolchining rejalarida yo‘q.
Saloh 2017-yildan beri “qizillar” safida to‘p surib kelmoqda. 29 yoshli futbolchi 2021/22-yilgi mavsum “Liverpul” ishtirok etgan barcha musobaqalarda 35 ta o‘yinda maydonga tushib, 28 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Izoh (0)