“Manchester Yunayted” Yevropa Chempionlar Ligasi nimchorak finali javob uchrashuvida “Atletiko”ga qarshi bahs olib bordi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (1:1, 0:1) musobaqa bilan xayrlashdi.
“Old Trafford”dagi o‘yinda to‘liq harakat qilgan mezbonlar hujumchisi Krishtianu Ronaldu “Real”ning sobiq darvozaboni Iker Kasilyasning rekordini yangiladi. Bu uchrashuvning 47-daqiqasi 37 yoshli Ronaldu uchun YChLdagi 15909-daqiqa bo‘ldi. Krishtianu bu orqali musobaqada eng ko‘p daqiqa o‘tkazgan (15908) Kasilyasning natijasini ortda qoldirdi.
Shu bilan birga Kasilyas Chempionlar Ligasida 177 ta o‘yin o‘tkazgan. Ronaldu uchun bu 183-bahs edi.
Ronaldu bu o‘yinda raqib darvozasi tomon birorta aniq zarba yo‘llay olmadi. Bunaqasi portugaliyalik 90 daqiqa harakat qilgan YChL o‘yinida uchinchi bor kuzatilishi. Avvalroq u 2003-yil “Yunayted” safida “Panatinaikos”ga qarshi bahsda va 2011-yil “Real” jamoasida “Barselona”ga qarshi o‘yinda darvoza tomon aniq zarba bera olmagandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)