Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Yagona imtihon markazi imtihonlarida korrupsiyaviy holatlar yo‘qligini aytib, fuqarolarni firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Uning aytishicha, imtihon markazining nazariy imtihonlaridan o‘tolmagan fuqaroni bino tashqarisida bir inson to‘xtatib, nima bo‘lganini so‘ragan. Fuqaroning imtihondan yiqilganini bilgach, o‘z xizmatlarini taklif etib, pul bilan hal qilib berishini aytgan. Ishonchiga kirishi uchun har xil sertifikatlarini ko‘rsatib, oldindan 200 ming so‘m olib, telefon raqamini bergan. Ammo ikki hafta muddatda ham va’dasini bajarmay, qochib yurgan. Shundan so‘ng fuqaro Yagona imtihon markazi xodimlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Jabrdiyda bo‘lib qolmang. Undan ko‘ra o‘qing, bilim oling, avtomaktabingizda nazariy va amaliy bilimlaringizni mustahkamlang. Tushuning, bugun bizning imtihon tizimida korrupsiyaga chek qo‘yildi, degan gaplarimiz bekorga emas. Bilimingiz bo‘lmasa, vallomati bo‘lsangiz ham ololmaysiz, dedikmi, demak, shunday bo‘ladi. Shiorimiz shuki, bilimingiz bo‘lsagina, haydovchilik guvohnomasini olasiz va rulga o‘tirasiz. Hozirda faqat bilim, bilim, bilim! Boshqachasiga iloji yo‘q. Pulingiz ko‘payib ketgan bo‘lsa, farzandlaringizga ho‘l meva olib boring, — deydi Allamjonov.
Izoh (0)