O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi vaqtincha Lvov shahriga ko‘chirildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rasmiy vakili xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, elchixona diplomatlari tomonidan muntazam ravishda O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Ukrainaning turli hududlarida joylashgan vatandoshlar bilan doimiy aloqalar o‘rnatilgan.
Elchixonaning elektron pochta manzili: embassy@uzbekistan.org.ua.
Mart boshlarida Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyat tufayli O‘zbekiston elchixonasini boshqa shaharga ko‘chirish masalasi rejalashtirilmayotganini ma’lum qilgandi. “Ayni paytda bizning asosiy ustuvor vazifamiz Ukrainadagi mavjud og‘ir vaziyatni inobatga olgan holda barcha O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlashdir. Elchixonaning boshqa hududga ko‘chirilishi bu jarayonlar samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Shu nuqtayi nazardan hozirda elchixonamizni Kiyevdan ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmayapti”, — deyilgandi xabarda.
Avvalroq O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi fuqarolarga Moldovaga borish osonroq bo‘lsa, ushbu variantni ko‘rib chiqishlari lozimligini bildirgandi. Ushbu fuqarolarning keyinchalik vatanga evakuatsiya qilinishini tashkil etish uchun elchixona tomonidan ularning ro‘yxati va ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda. 10-mart kuni Moldovadan 98 nafar O‘zbekiston fuqarosini Buxarest shahri (Ruminiya) aeroporti orqali evakuatsiya qilish ishlari yakunlangan.
Ukraina fuqaroligini olgan yoki o‘zbekistonliklar bilan oila qurgan boshqa davlat fuqarolari ushbu davlatdan pullik asosda evakuatsiya qilinishi mumkin.
Izoh (0)