Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusi (IRGC) Iroqning Kurdiston viloyati poytaxti Erbilga tashlangan raketalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. IRGC bayonotiga ko‘ra, zarbalar nishoni “Mossad” Isroil razvedkasining ikki markazi edi.
“Kecha tunda sionist fitnachilarining strategik markazi IRGC tomonidan yo‘llangan kuchli raketa zarbalariga uchradi. Biz jinoyatchi sionistik rejimni yana bir bor ogohlantiramizki, dushmanlik harakatlarining takrorlanishi keskin, qat’iy va buzg‘unchi javoblarga sabab bo‘ladi”, — deyiladi posbonlar bayonotida.
Raketalar Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchilarining yaqinda Damashq chekkasiga uyushtirgan hujumiga javoban yo‘llangan bo‘lishi mumkin — o‘sha hujum oqibatida ikki nafar IRGC askari halok bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, 13-martga o‘tar kechasi Erbil shahrida joylashgan AQShning bosh konsulxonasi yaqiniga bir nechta raketa kelib tushgani haqida xabar berildi. Kurdiston-24 telekanali huquq-tartibot idoralariga tayanib, jami 12 ta ballistik raketa uchirilganini aniqladi.
Ushbu hodisa Eron yadroviy kelishuvi bo‘yicha muhokamalar qayta tiklanishi fonida yuz bergan. 7-mart kuni Eron va MAGATE texnik hamkorlik haqida kelishib olgandi. 11-mart kuni Qo‘shma Shtatlar ham Eron bilan yadroviy kelishuvga hali imkon borligini bildirgan.
Izoh (0)