Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent hamda Xorazm viloyati hokimlariga yangi o‘rinbosarlar — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari tayinlandi. Bu haqda “Daryo” muxbirlari xabar berdi.
“Daryo”ning Andijon viloyatidagi muxbiri Umidjon Mamarasulovning ma’lumot berishicha, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimini Gulnora Abdullayeva egallangan.
Gulnora Abdullayeva tayinlovga qadar viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. U Izboskan tumanida tug‘ilgan bo‘lib, 1989-yil Toshkent davlat universitetini, 2008-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan.
Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatovning “Daryo”ga ma’lumot berishicha, To‘ra Bobolovning yangi o‘rinbosari sifatida ayni kunga qadar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelagan Zulxumor Xidirova ish boshlagan.
U 1968-yil Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan bo‘lib, 1992-yili hozirgi Termiz davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lgan Zulxumor Xidirova mehnat faoliyatini Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Yulduzcha” bolalar bog‘chasi tarbiyachisi vazifasidan boshlagan bo‘lib, so‘ngra maktab o‘qituvchisi, maktab direktori o‘rinbosari, hokim o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovning “Daryo”ga xabar berishicha, Murodjon Azimovning yangi o‘rinbosari sifatida jamoatchilikka Komila Karomova tanishtirilgan. Komila Karomova mazkur lavozimga qadar viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan.
Xorazm viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Odilbek Adambayevning ma’lumot berishicha, viloyat hokimi o‘rinbosarligiga tayinlovga qadar viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Gulsara Kurbanbayeva tayinlangan.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining yozishicha, Zoir Mirzayevning yangi o‘rinbosari sifatida uning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Zuhra Mirgaziyeva tayinlangan bo‘lsa, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning yangi o‘rinbosari sifatida Zebiniso Rahmanova ish boshlagan.
Izoh (0)