Toshkent ko‘chalaridan biriga Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi berilishi mumkin. Bu masala Jahongir Ortiqxo‘jayev va Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar uchrashuvida muhokama qilingan.
Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 1-mart kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Olgan Bekar Jahongir Ortiqxo‘jayevga qabul uchun minnatdorlik bildirib, o‘zbek-turk munosabatlari jadal rivojlanayotganini, bu ikki davlat rahbarlari asos solgan strategik hamkorlik mahsuli ekanligini ta’kidlagan.
Shuningdek, mart oyining oxirida bo‘lib o‘tadigan II strategik hamkorlik bo‘yicha sammit doirasida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilayotganini ma’lum qilgan. Elchi 4-mart kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda hozircha tashrif sanasi aniq emasligini aytgandi.
Tomonlar turk maktabini kengaytirish uchun yer maydonini ajratish va Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomini Toshkent ko‘chalaridan biriga berishni hamda Toshkentda qurilish bilan shug‘ullanayotgan turk kompaniyalari masalalarini ham muhokama qilgan.
Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu masalalarning yechimida imkon qadar ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan. Olgan Bekar ham, o‘z navbatida, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasi avval ham bor edi. 2011-yilda ushbu ko‘cha Zarafshon deb qayta nomlangandi.
Izoh (0)