“Everton” Alisher Usmonovga tegishli kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni to‘xtatdi
“Everton” Alisher Usmonov va uning Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi.
“Biz Rossiyaning USM, “Megafon” va Yota kompaniyalari bilan barcha homiylik kelishuvlari to‘xtatilganini tasdiqlaymiz”, — deyiladi “Everton” bayonotida.
Usmonovga tegishli bo‘lgan USM Holdings “Everton” stadioniga nom qo‘yish huquqiga egalik qilardi. “Megafon” va Yota esa 2020-yildan Mersisayd klubi ayollar jamoasining titul homiysi hisoblanardi.
Bundan tashqari, Usmonovning jiyani Sarvar Ismoilov 2021-yilning iyulida “Everton” direktorlar kengashidan o‘rin olgandi.
Avvalroq Alisher Usmonovning Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti lavozimini tark etgani haqida xabar berilgandi. Bungacha u Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari ro‘yxatiga tushgandi.