Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

15-20 yil oldin Gollivud faollarining eng yorqin vakili — aktrisa Anjelina Joli mahalliy aholi va qochqinlar hayoti haqida ko‘proq bilish va ularga yordam berish uchun shaxsan Kamboja, Tanzaniya, Syerra-Leon, Keniya va boshqa notinch mintaqalarga sayohat qilar edi. Hozir esa Gollivuddagi qizil gilamdan norozilik namoyishiga o‘tishga tayyor bo‘lgan o‘nlab aktyorlar bor. Elle nashri nafaqat dunyoni qutqarish va yaxshilash maqsadidagi kampaniyalarining yuziga aylanayotgan, balki bunday harakatlarni boshlayotgan va shaxsan ishtirok etayotgan kinoyulduzlar haqida ma’lumot beradi.

Emma Uotson

Mashhurligi: birinchi navbatda Garri Potter sarguzashtlari haqidagi filmlardagi bilimdon sehrgar qiz Germiona Grenjer roli bilan.

Nima uchun kurashadi: gender tengligi, ayollar huquqlari va axloqiy moda.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Hayotda ham Emma Uotson ko‘p jihatdan Germionaga o‘xshaydi: u ham qahramonidek adolatni qaror toptirish va mazlumlarning huquqlarini himoya qilish istagi bilan yashaydi. Agar Germiona elflar huquqlari uchun kurashgan bo‘lsa, Uotson feminizm g‘oyalarini, ya’ni gender tengligi va ayollar huquqlarini himoya qiladi. 2014-yilda aktrisa BMTning gender tengligining HeForShe birdamlik harakatiga boshchilik qildi, bu harakat erkaklar ham ayollar kabi gender tengligiga muhtoj degan g‘oyaga asoslanadi. HeForShe tashabbusi erkaklar va o‘g‘il bolalarni tenglik uchun kurashga jalb qilishga chaqiradi. Bu harakatni AQSh sobiq prezidenti Barak Obama va aktyor Mett Deymon ham qo‘llab-quvvatlagan.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Aktrisa HeForShe’dan tashqari gender tengligi uchun ko‘plab ishlarni amalga oshirgan. Misol uchun, 2016-yilda u onlayn kitob klubini yaratdi, uning a’zolari har oyda bitta feministik kitob o‘qiydi va keyin uni muhokama qilishadi. Bundan tashqari, Emma ba’zan bunday kitoblarning nusxalarini o‘zi tashrif buyurgan shaharlarda qoldiradi va Instagram’ida bu “sovg‘alar”ni qanday topish bo‘yicha maslahatlar beradi. Emma Uotson ayollar huquqlari faollaridan ham intervyu oladi. Masalan, u buning uchun mashhur “Persepolis” grafik romani muallifi Marjan Satrapi va tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzay bilan uchrashgan. Bu hali hammasi emas: Emma o‘zining Instagram’idan gender tengligi haqidagi g‘oyalarni ifodalash uchun faol foydalanadi va o‘zi ham ijtimoiy tadbirlarda qatnashadi. Misol uchun, 2017-yilda u onasi bilan Nyu-Yorkda ayollar huquqlarining buzilishiga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishiga chiqqan. Emma uchun yana bir muhim mavzu — axloqiy moda. Aktrisa o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida doimiy ravishda kiyim-kechak yaratish, ya’ni fabrika ishchilarining yaxshi sharoitlarda ishlashi va ishlab chiqarishning ekologik tozaligiga mas’ul bo‘lgan brendlar va dizaynerlar haqida gapiradi. Aktrisa tadbirlarda imkon qadar tez-tez bunday brendlarning liboslarida chiqishga harakat qiladi va obunachilarini axloqiy modaga e’tibor qaratishga undaydi.

Leonardo Di Kaprio

Mashhurligi: “Titanik” filmidagi Jek rolidan so‘ng Di Kaprio Baz Lurman rejissorligidagi “Romeo + Julietta”dan tortib Alehandro Inyarrituning “Omon qolgan” filmiga qadar o‘nlab ajoyib loyihalarda rol o‘yagan.

Nima uchun kurashadi: tabiat ifloslanishi va global isishning oldini olish.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Leonardo Di Kaprio — zamonamizning eng nufuzli va mashhur aktyorlaridan biri. Ko‘pgina hamkasblari singari u o‘z shon-shuhratini yaxshilik uchun ishlatadi – imkoni boricha atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurashadi. Hatto 2016-yilgi “Oskar” marosimida Di Kaprio nihoyat “Omon qolgan” filmidagi bosh roli uchun uzoq kutilgan haykalchani qo‘lga kiritganida aktyor imkoniyatdan foydalanib, dunyoga insoniyat tomonidan yaratilgan iqlim o‘zgarishi xavfini eslatdi. Di Kaprio 2014-yilda ham 400 000 nafar iqlim faollari bilan birga Vashingtonda bo‘lib o‘tgan People’s Climate March namoyishida ishtirok etdi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Di Kaprioning hozirgacha Yer farovonligi uchun kurashga qo‘shgan eng katta hissasi uning o‘zining Leonardo DiCaprio Foundation jamg‘armasi bo‘lib, BMT loyihalariga iqlim o‘zgarishi, noyob o‘simlik va hayvon turlarining yo‘q bo‘lib ketishiga qarshi kurashadi. 2017-yilda Di Kaprio o‘z jamg‘armasi uchun rekord darajadagi yigirma million dollar xayriya qildi va pullarni atrof-muhitni muhofaza qilish loyihalarini amalga oshiruvchi yuzta tashkilotga o‘tkazdi. Di Kaprio, shuningdek, atrof-muhit masalalariga bag‘ishlangan forum va konferensiyalarda muntazam ishtirok etadi. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, u bu mavzuga 1990-yillarning boshlarida, taxminan, “Gilbert Greypni nima qiynaydi?” filmi ustida ishlayotgan paytlarida qiziqa boshlagan va o‘shandan beri u doimiy ravishda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlar turlari haqida o‘qib, ekologiya va okeanlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganadi.

Lupita Niongo

Mashhurligi: Niongo “12 yil qullikda” filmidagi birinchi rolidayoq “Oskar”ga sazovor bo‘lgan, o‘shandan beri u mashhur loyihalarda ishtirok etadi, shuningdek, doimiy ravishda eng go‘zal va eng zamonaviy ayollar ro‘yxatidan tushmaydi.

Nima uchun kurashadi: brakonyerlikni tugatish va Afrika yovvoyi tabiatini saqlash, ayollar huquqlari, gender tengligi, irqiy kamsitishlarga barham berish.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Aktrisa Keniyada o‘sgan va o‘z mashhurligidan odamlarni Afrikadagi fillarni noqonuniy ovlash va fil suyagi savdosiga qarshi kurashga jalb qilish uchun foydalanadi. Niongo nafaqat fillarni himoya qiladi, bundan tashqari Instagram sahifasida qit’adagi yo‘qolib borayotgan faunaning boshqa turlari bilan bog‘liq yangiliklarni muntazam ravishda baham ko‘radi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Niongo, shuningdek, Emma Uotson kabi Nyu-Yorkdagi Ayollar namoyishida shaxsan ishtirok etadi va Jessika Chesteyn singari Time’s Up dasturini qo‘llab-quvvatlaydi. Albatta, Niongo irqiy kamsitish mavzusidan qochib qutula olmadi va irqchilik haqida gapirishdan tashqari, aktrisa yana go‘zallik masalasiga, ya’ni uning xilma-xilligini tushuntiradi. Yoshligida chiroyli terini orzu qilgan Niongo yaqinda bolalar uchun “Sulve” nomli kitob yozdi, unda yosh kitobxonlarga go‘zallik terining rangi, ko‘z shakli va boshqa belgilarga bog‘liq emasligi haqidagi g‘oyani yetkazishga harakat qiladi.

Jessika Chesteyn

Mashhurligi: Chesteyn “Interstellar”, “Asosiy maqsad”, “Hayot daraxti”, “Katta o‘yin”, “Oltin globus” kabi bir qator mashhur filmlarda rol o‘ynagan.

Nima uchun kurashadi: gender tengligi va ayollar huquqlari.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Gollivudning eng yorqin aktrisalaridan biri Jessika Chesteyn bejizga “Interstellar” filmida NASA tadqiqotchisi Merf yoki “Katta o‘yin”dagi kabi o‘zining yerosti kazinosini tashkil qilgan Molli Blum kabi aqlli, o‘zini o‘zi ta’minlaydigan ayollar rolini o‘ynamaydi. Hayotda ham Chesteyn xuddi shunday: ayollar huquqlari va gender tengligini himoya qiladi, stereotiplardan farqli o‘laroq ayollar ilm-fan va biznesda erkaklardan kam emasligini tushuntiradi. 2015-yilda Chesteyn aktyor va aktrisalarning ish haqini tenglashtirish zarurligini omma oldida targ‘ib qila boshladi – Gollivudda ayollar erkaklarga qaraganda ancha kam maosh oladi. U bu muammo haqida intervyularda, teleko‘rsatuvlarda, hatto premyera va festivallarning qizil gilamlarida ham gapirdi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Chesteyn yaqinda jinsiy zo‘ravonlik tushunchasini va barcha sohalarda erkaklar va ayollar uchun teng maosh olish zarurligini targ‘ib qiluvchi global tashabbus — Time’s Up tashkilotiga qo‘shildi. Aktrisa o‘zining Instagram’ida ushbu muammolar haqida muntazam ravishda gapira boshladi. Misol uchun, bu yil u o‘zi va Time’s Up’ni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa bir qancha aktrisalar bilan ayollar futbol o‘yiniga borganligi haqida post qo‘ydi va nega AQSh ayollar terma jamoasi o‘yinchilari erkak o‘yinchilarga qaraganda kamroq maosh olishlari haqidagi savolni ko‘tardi. Jessika Chesteyn, shuningdek, har doim o‘z hamkasblari — aktrisalarni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan. Chesteyn har yili kamida bitta ayol rejissor bilan ishlashga va uni qo‘lab-quvvatlashga va’da bergan. Uning ayol rejissorlar bilan birgalikdagi ishlariga Niki Karoning “Hayvonot bog‘i xodimining xotini”, Liv Ullmanning “Freken Yuliya” va Ketrin Bigelouning “Birinchi raqamli maqsad” filmlari kiradi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yanvar oyida kimlarga eng yuqori maosh taklif qilindi?
Dunyo
“Rossiya yutqazadi, Ukraina g‘alabasi dunyoni o‘zgartiradi”: Zelenskiy Buyuk Britaniya parlamentida nutq so‘zladi (video)
Mahalliy
Qoraqalpog‘istondagi uyda gaz portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi