Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Nukus shahridagi investitsiya loyihalari situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, bu muassasa biznes loyihalarni shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha yaxlit tizim sifatida ishlaydi. “Yagona darcha” tamoyili asosida vazirlik, idora, hudud va tashkilotlar o‘rtasida tezkor hamkorlikni ta’minlaydi.
Markazda uchta - hududiy loyiha guruhi, strategik rivojlantirish guruhi va tadbirkorlarga tezkor yordam guruhi bor. Shuningdek, Tadbirkorlar kengashi bo‘lib, loyiha guruhlari bilan birga yangi g‘oya va takliflarni muhokama qiladi hamda ularga ishbilarmonlarni jalb etadi.
Bundan tashqari, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari hududda imkoniyati bor loyihalarni ishlab chiqib, tayyor holda aholiga taklif qiladi.
Markazga yetakchi sanoat tarmoqlarining vakillari biriktirilgan. Prezidentga Qoraqalpog‘istonda ushbu tarmoqlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida axborot berilgan.
Orolbo‘yi hududini birgalikda rivojlantirish uchun viloyat hokimliklari ham jalb etilgan. Ular tomonidan Qoraqalpog‘istonning har bir tumani bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan. Markazda ushbu rejalar taqdimoti ham o‘tkazilgan.
Shu bilan Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib kelgan.
Izoh (0)