Turkmaniston prezidentligiga nomzodlar soni 9 kishiga yetdi: har bir partiyadan hamda beshta viloyat va Ashxoboddan bir nafardan nomzod ko‘rsatildi, deb yozadi “Xronika Turkmenistana”.
21-fevral kuni Toshhovuz viloyatida Turkmanistonning amaldagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li, bosh vazir o‘rinbosari, prezidentlikka Demokratik partiyadan nomzodi ko‘rsatilgan Serdar Berdimuhamedov bilan saylovchilarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilganlarga nomzodning tarjimayi holi taqdim etilgan.
Uchrashuvda Serdarning o‘zi 11-fevral kuni Xalq Maslahati yig‘ilishida Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan ma’qullangan mamlakatni rivojlantirishning 30 yillik dasturi haqida gapirgan. Nomzod, shuningdek, aholining yuqori turmush darajasini ta’minlashga, mamlakatning boshqa hududlari qatori Toshhovuz viloyatiga ham katta e’tibor qaratishga va’da bergan.
“Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik islohotlari kelajakda ham davom etadi”, — dedi Serdar Berdimuhamedov.
Turkmaniston davlat axborot agentligining qayd etishicha, prezidentlikka nomzodlarning uchrashuvlari davom etmoqda. Saylovga qolgan vaqt ichida oliy davlat lavozimiga nomzodlar o‘z saylovchilari bilan bir necha marta uchrashishi kerak bo‘ladi.
Biroq hozircha davlat matbuoti boshqa nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvi haqida xabar bermayapti. Bundan tashqari, Serdarda birinchi ro‘yxatga olingan nomzod sifatida, aholi bilan uchrashish uchun boshqa nomzodlarga qaraganda ko‘proq vaqt bor, deb ta’kidlaydi nashr.
Eslatib o‘tamiz, 11-fevral kuni Turkmaniston parlamenti oliy palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida mamlakatni 15 yildan beri boshqarib kelayotgan Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarlikni yoshlarga topshirish va faoliyatini Xalq maslahati raisi sifatida davom ettirish niyatini ma’lum qildi.
15-fevral kuni Berdimuhamedovning o‘g‘li, iqtisodiyot bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov bo‘lajak saylovlarda mamlakat prezidentligiga birinchi nomzod sifatida ko‘rsatildi.
Keyinroq turkman muxolifatining xorijdagi vakillari ham prezidentlik saylovlarida qatnashish istagini bildirgandi. Ular onlayn ovoz berish usulini taklif qilgan.
Turkmanistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 2022-yilning 12-martiga belgilan.
Izoh (0)