Professional boksning og‘ir vazn toifasida (+91 kg) WBC yo‘nalishida majburiy da’vogar Dillian Uayt (28-2, 19 KO) va WBC chempioni Tayson Fyuri (31-0-1, 22 KO) o‘rtasida jang bo‘lishi tasdiqlandi. Dillian jang shartnomasiga qo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.
“Ular jangni qayerda o‘tkazishini, qachon o‘tkazishini menga farqi yo‘q. Uzoq vaqt davomida Fyuri bilan uchrashishga urinib keldim.
U bilan jang qilishga har doim tayyor bo‘lganman. Shunchaki Tayson bilan jahon chempionligi unvoni uchun hozir jang qilishni xohlayman”, — deydi da’vogar Uayt.
Sky Sports xabariga ko‘ra Uayt va Tayson o‘rtasidagi chempionlik jangi 23-aprel sanasida bo‘lib o‘tishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Tayson Fyuri bundan avvalgi jangini 2021-yil oktabr oyida amerikalik Deontey Uaylderga qarshi o‘tkazib, 11-raundda raqibini nokautga uchratgan edi.
Dillian Uayt so‘nggi jangini 2021-yil mart oyida Aleksandr Povetkinga qarshi o‘tkazgan va 4-raundda rossiyalik raqibini dahshatli nokautga uchratib, g‘alaba qozongandi.
Izoh (0)