Himoyachi Jasur Yoqubov faoliyatini “Paxtakor”da davom ettiradi. Bu haqida Toshkent jamoasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yoqubov “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2021-yilgi mavsumni “Surxon” safida o‘tkazgan futbolchi “sherlar” bilan 2 yillik shartnomaga imzo chekdi.
Jasur bungacha “Qo‘qon—1912”, “Surxon” jamoalari sharafini himoya qilgandi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra himoyachi 2022-yilning yanvar oyida erkin agent sifatida “Lokomotiv” safiga borib qo‘shilgan. Ammo fevral oyi boshida “temiryo‘lchilar” safini tark etgan.
Yoqubov Superligada hozirgacha 23 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol muallifiga aylangan.
Avvalroq “Paxtakor” Kamen Hajiyev, Aleksey Larin, Oliver Sharkich, Sardor Rashidov, Ikrom Aliboyev, Avazbek O‘lmasaliyev, Mirjahon Mirahmadov kabi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Yegor Krimets, Anzur Ismoilov, Abror Ismoilov va Marlen Chobanov esa jamoa safini tark etdi.
“Paxtakor”ni 2021-yilgi mavsum chempioniga aylantirgan bosh murabbiy Piter Hyuistra jamoani tark etib, uning o‘rnini Slavche Voyneski egalladi.
Izoh (0)