Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Nanay Namanganning eng chekka, shimoliy hududi hisoblanadi. Viloyat markazi bilan qishloqni 60 kilometrlik masofa ajratib turadi. Qirg‘iziston bilan chegaradosh qishloqdagi 10 mahallada 30 mingdan ortiq aholi yashaydi. “Daryo” muxbiri Namangandagi sayyohlar eng ko‘p keladigan maskanda bo‘lib, uning jozibasi sirini bilishga urindi.

Namanganda ham Nanay, Bo‘stonliqda ham

Nanay Namanganning Yangiqo‘rg‘on tumanidagi qadim qishloqlardan biri. Uning qachon paydo bo‘lgani va nomining kelib chiqishi bo‘yicha turli taxmin va farazlar mavjud. Jumladan, ulardan biri hudud nomini Chingizxonning evaralari Nanay va Mamay bilan bog‘laydi (Nanayga qo‘shni Mamay qishlog‘i ham bor).

“Nanay” atamasi haqidagi rivoyatlar esa qishloqning o‘zi kabi go‘zal. Aytishlaricha, qishloq endi paydo bo‘lgan yillari unga uzoq yurtdan mehmonlar kelibdi. Uy bekasi ular uchun tandirdan yangi non uzibdi. Mehmonlar uni maqtab-maqtab tanovul qilib, totli non ta’mining siri nimadaligini so‘rashibdi. Mezbon non qayroqi (lalmi) bug‘doy unidan tayyorlanganini aytibdi. Shunda mehmonlarning ulug‘i aksi ko‘rinadigan nonni o‘pib, peshonasiga surtib, “noni oy ekan” deya ta’rif beribdi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Yana bir rivoyat nay bilan bog‘liq. Ma’lumki, nay pastlikda boshqacha, tog‘da esa bo‘lakcha eshitiladi. Nay lab orqali beriladigan havo yordamida chalinadi. Bunda havoning tozaligi muhim. Nanayda havo shunday sof va shaffof, nasimlari, ya’ni shabbodalari shunday nafiski, nayga navo bo‘lgudek.

Foto: “Daryo” / Rahmonjon Mamadaliyev

Qiziq tomoni, nafaqat Namanganda, balki Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ham Nanay nomli qishloq bor. “Bo‘stonliqdagi Nanaydan Namanganga qadim paytlar turli sabablar bilan bir guruh aholi ko‘chib kelgan va o‘rnashib qolgan, ular bu joyga qishloqlari nomini bergan”, degan farazlar ham yo‘q emas. Nima bo‘lganda ham, Chotqol tog‘ tizmasining ikki tarafida joylashgan nomi bir bu qishloqlarni yaqin rishtalar bog‘lab turishi aniq.

Foto: “Daryo” / Rahmonjon Mamadaliyev

Nanayning “qora oltini”

Nanay o‘zida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan mashhur. “Namanganning olmasi” deganda birinchi galda Nanayda yetishtirilgan olmalar nazarda tutiladi. Vodiyliklar bozor rastalaridan Nanay kartoshkasini qidiradi. Chunki bu kartoshka sifatli va mazali bo‘ladi. Keyingi yillarda qishloq ahlini boy qilayotgan meva-sabzavotlar sirasiga mahalliy aholi “g‘aynoli” deb ataydigan qora olxo‘ri ham qo‘shildi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

“G‘aynoli sentabr oyida g‘arq pishadi. Uni terib olib, ichini ochib, danagini terib tashlab, quyoshda quritamiz. Danagi ham uvol bo‘lmaydi, yog‘i uchun kilosini ming so‘mdan olib ketishadi. O‘tgan yillari quritilgan g‘aynolining kilosi 45 ming so‘mgacha chiqdi. Bu yil uch baravar arzonlab, 15 ming so‘m bo‘lyapti. Bozorning holatiga qarab sotiladi-da!

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Nanayda har ikki xonadonning biri g‘aynoli quritish bilan shug‘ullanadi. Masalan, o‘zim 1,5 tonna yig‘ishtirib oldim, 700 kilo atrofidagi mahsulot bo‘ldi. 4-5 tonnagacha quritilgan g‘aynoli sotadiganlar bor.

Abdurashid G‘ofirjanov

Abdurashid G‘ofirjanov
Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Ko‘proq buni Samarqand, Farg‘ona, Qo‘qondan kelib, olib ketishadi va qayta ishlov berib, ichiga o‘rik mag‘zini solib, ‘bargak’ deb sotishadi. Chet elga eksport ham qilinadi. Snickers, Mars va boshqa mashhur shirinliklarni tayyorlashda shundan foydalanishadi, deb eshitganmiz. Namanganning chekka bir qishlog‘ida yetishtirilgan bu mahsulot xorijda qo‘lma-qo‘l bo‘layotganidan, albatta, xursand bo‘lamiz”, — deydi nanaylik tadbirkor Abdurashid G‘ofirjanov.

Ko‘prik qurgan nuroniy

Nanayliklarning qishloqlari tabiati kabi bag‘rikeng, beg‘ubor. Tanti, mard odamlari ko‘p. Bejiz bu yerdagi erkaklarning aksariyati chavandozlik hadisini olmagan, ot-uloqning ishqibozi. O‘zlari tez-tez ko‘pkari uyushtirib turadi, kerak bo‘lsa boshqa tuman yoki viloyatlarga ham borib, uloq chopib kelishadi.

Foto: “Daryo” / Rahmonjon Mamadaliyev

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

So‘zimizda bejiz tantilikka urg‘u bermadik. Nanayga borganimizda haj ziyoratiga deb yig‘ib qo‘ygan mablag‘ini mahallasidagi buzilgan ko‘prikni tiklash uchun sarflagan otaxon haqida hikoya qilib berishdi.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

“Har yili bahor faslida biz tomonlarga Podshootasoy va yuqoridagi tog‘larning suvi kelib, bir to‘lib-toshib oladi. 1994-yili katta sel kelib, “Qizilyozi” mahallasidagi ko‘prikni olib ketgan. Shundan beri aholi yo‘lning u tomoniga o‘tish uchun uch chaqirim naridan aylanib kelayotgan, qiynalayotgan edi. Bu asli qadimiy, Karavon, Olabuqa tomonlarga olib chiqadigan yo‘l.

Informatika fani o‘qituvchisi G‘iyosiddin Bahriddinov

Informatika fani o‘qituvchisi G‘iyosiddin Bahriddinov
Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Mahallamiz nuroniylaridan Tojimirza ota Musayev 2021-yili hajga deb yig‘ib qo‘ygan pullaridan shu ko‘prikni qayta qurish uchun mablag‘ ajratdi. Mahalladagilar ham qarab turgani yo‘q, hashar qilib, tiklab oldik. Hozir o‘tgan-ketgan u kishini duo qiladi. Chunki og‘irimiz yengil, uzog‘imiz yaqin bo‘ldi, uzoq yillik tashvishimiz aridi”, — deydi qizilyozilik o‘qituvchi G‘iyosiddin Bahriddinov.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Nanayning nozanin navnihollari

Nanayning lobar qizlari ta’rifiga til ojiz. Bu haqda qancha she’rlar bitilgan, qancha qo‘shiqlar kuylangan. Tog‘lar bag‘rida, musaffo iqlimda qizlar husnda ham tengsiz bo‘lib o‘sib-ulg‘ayadi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Shoirning “Anhorning bo‘yida o‘ltirar qizlar, yurakda qaynaydi noaniq hislar. Bo‘tana suv oqar lim-lim, limmo-lim, suvday olib ketar qizlar xayolin” degan satrlari go‘yo shu yerda bitilgandek.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Nanay qizlari faqat chiroyda tengsiz emas. Ular orasida iste’dodi bilan nafaqat qishloq, tuman yoki viloyatga, balki butun mamlakatga dong‘i ketganlar ko‘p. Ulardan biri Namangan davlat universiteti talabasi Marjona Abdullajonova. Kulolchilik bilan shug‘ullanadigan qizning asarlari hatto Yevropada ham namoyish etilgan.

Marjona Abdullajonova

Marjona Abdullajonova
Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

“Bolaligimda mahallamizdagi qizlar bilan birga loydan turli qo‘g‘irchoqlar yasardik. Bora-bora bu qiziqish ishtiyoqqa aylandi. Dastlab ota-onam har kuni qo‘llarimni loy qilib yurganimni ko‘rib, bu mashg‘ulotdan qaytarishga harakat qilishdi, tanbeh berishdi. Lekin bu oddiy havas emasligini ko‘rib, o‘zlari qo‘llab-quvvatlashdi va kulolchilik bo‘yicha ustozlarga shogirdlikka berishdi. Natijalar ham asta-sekin paydo bo‘la boshladi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

4-sinfda o‘qiyotgan paytim Chexiya poytaxti Pragada o‘tkazilgan xalqaro bolalar ijodiyoti festivalida qatnashdim. ‘Choyxonachi chollar’, ‘Qishlog‘im nuroniylari’ kabi asarlarimni o‘sha yerda olib ham qolishdi. 15 yoshimda esa Namangan o‘lkashunoslik muzeyida bir oy davomida ilk shaxsiy ko‘rgazmam namoyish etildi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Hozir Namangan davlat universiteti san’atshunoslik fakultetida 2-bosqichda tahsil olmoqdaman. Tasviriy san’at yo‘nalishida o‘qisam ham kulolchilikni tashlab qo‘yganim yo‘q. Faqat yo‘nalishimni biroz o‘zgartirdim. Oldinlari plastika, keramika va mayda o‘yinchoqlar yasagan bo‘lsam, hozir ko‘proq tovoq, laganlarga naqsh va miniatyuralar chizish bilan bandman”, — deydi Marjona.

Xamir, shilpildoq, beshbarmoq

Nanayga ko‘pchilik nafaqat bebaho tabiatidan bahra olish, balki mahalliy aholi “xamir” deb ataydigan taomdan totib ko‘rish uchun ham keladi. Bu taomni asli siz juda yaxshi bilasiz — boshqa hududlarda “beshbarmoq” yoki “shilpildoq” deb atashadi. Nanaydagi oshxonalarning aksariyati shu taomni tayyorlashga ixtisoslashgan. Ayniqsa, qish va bahor oylari odam arimaydi, keldi-ketdi uzilmaydi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

“Taomni tayyorlash uchun dastlab ot go‘shti qazisi bilan sho‘rva qilinib, qaynatib olinadi. Keyin suvini olib, unga to‘rtburchak qilib kesilgan xamirlardan tashlab, 5-6 daqiqa pishiramiz. Keyin xamirlarni tovoqlarga suzamiz. Suzib bo‘lgandan so‘ng ustiga go‘sht, kartoshka, sabzi va piyoz qo‘yib, mijozlarga tortamiz. Qazisi alohida likopchalarga solib beriladi.

Oshpaz Shirmonoy Shokirova

Oshpaz Shirmonoy Shokirova
Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Bu taomni tayyorlash uchun to‘rt-besh soat vaqt ketadi. Qazisi alohida pishiriladi, oshxamir yoyiladi. Xullas, o‘ziga yarasha ovoragarchiligi ko‘p. Shu uchun ko‘pchilik tayyorlagani erinib, oshxonalarga oilaviy bo‘lib kelishadi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Mijozlar ‘bo‘ldi, bas’ demaguncha olib kiraveramiz. Kimdir ikki-uch tovoqqa to‘yadi, yana kimdir, ayniqsa, erkaklar 10 tovoqni ham ko‘rdim demaydi. Kuchli taom, immunitetni oshiradi, tetik-bardam qiladi, kuch-quvvat beradi”, — deydi Nanaydagi eng mashhur oshxonalardan birining oshpazi Shirmonoy Shokirova.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Aytgancha, “xamir”ni Namangan shahrida ham tayyorlashga urinib ko‘rishdi, lekin o‘xshamadi. Chunki bu taom Nanay iqlimida o‘zgacha ishtaha bilan tanovul qilinadi.

Foto: “Daryo” / Shoxruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Rahmonjon Mamadaliyev

Foto: “Daryo” / Rahmonjon Mamadaliyev

Nanay tomonlarda mana shunday gaplar. Namanganga kelsangiz bu qishloqni aslo chetlab o‘tmang. Unga “turizm qishlog‘i” degan maxsus maqom ham berilgan. Aslida Nanay Namangandagi Chodak, Parda Tursun, G‘ova kabi sayyohlar shundoq ham doim talpinadigan go‘sha...

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Saudiyalik tadbirkor O‘zbekistonda avtomashina ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga sarmoya kiritadi 
Mahalliy
1000 dollar oylik olayotgan oʻqituvchilar, 1 mln nafardan oshgan talabalar, yangi qurilgan 27 ta TTJ — oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Komiljon Karimov bilan ekskly...
Mahalliy
Toshkentda 3 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi