O‘n karra “Gremmi” mukofotiga loyiq topilgan Bitlzni bilmaydigan musiqa shaydosi kam bo‘lsa kerak. Bir qator film, videoo‘yin va kitoblarga mavzu bo‘lgan guruh shu qadar mashhurligidan ular ilk bor sahnaga chiqqan sana — 16-yanvar YuNESKO tomonidan butunjahon The Beatles kuni deb e’lon qilingan. “Daryo” Rolling Stone jurnali e’tiroficha, “Hamma vaqtning eng buyuk ijrochilari reytingi”da yetakchi sanalgan Bitlz tarixiga nazar tashlaydi.
Liverpullik shovvozlar
Musiqa tarixchilari, tanqidchi va melomanlar haligacha ushbu kvartet fenomenining jumbog‘i nimada ekanini bilishga urinadi. Tinglovchilarning samimiy sevgisiga erishish va bu qadar mashhurlik boisini ifodalash uchun so‘zlar kamdek go‘yo.
Kamida 20 yil davomida butun avlod uchun timsol bo‘lgan guruh yevropaliklarning urush sabab toliqqan qalblariga shodlik va sevgi ulashishning uddasidan chiqqan. Bitlzning dunyo madaniyatidagi ahamiyatini baholash mushkul. Ular bir-biridan ayro ijod qilsa yoki to‘rtlik tarkibi aslidan boshqacharoq bo‘lsa, bunday shuhratga erishilarmidi yoki yo‘q — tasavvur qilish qiyin.
Lekin bir narsa aniq — avvaliga tanishib, birgalikda ijod qilishga qaror qilgan, tamoman biri ikkinchisiga o‘xshamagan shovvozlarni musiqa birlashtirgan. Kun kelib zafar cho‘qqisini zabt etish, san’at olamida nomlari abadiy qolish ularning yetti uxlab tushiga ham kirmagandi.
Rok yo‘nalishida ijod qiluvchi Bitlzga 1960-yili liverpullik yigitlar asos soladi.
Isyonkor Lennon
Xonandalikdan tashqari siyosiy faol bo‘lgan, tenglik, erkinlik va tinchlik g‘oyalarini ilgari surgan Jon Lennon 1940-yili Liverpulda dunyoga keladi. 2002-yil BBC tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada hamma vaqtning eng buyuk britaniyaliklar yuztaligida ovozlar soni bo‘yicha 8-o‘ringa loyiq topilgan Jonning ota-onasi u tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay ajrashib ketadi. Yosh Lennon esa “gitara yaxshi narsa, ammo qorinni to‘ydirmaydi”, deb hisoblovchi qattiqqo‘l xolasining qo‘lida katta bo‘ladi.
Undagi yashirin iste’dod maktab yillari o‘zini namoyon qila boshlaydi. San’atga bo‘lgan qiziqishi nafaqat xorda kuylash, balki jurnallarga illyustratsiya, o‘qituvchilarini karikatura qilib tasvirlashda ham o‘z aksini topadi. Gitara chalish jon-u dili bo‘lgan bezori va bo‘ysunmas Jon 1956-yili maktabdosh oshnalari bilan The Quarrymen nomli musiqiy guruhga asos soladi. Shundan keyin o‘zidan boshqa 5 o‘rtog‘i bilan bir-biridan qiziq ijod namunalarini yozish va musiqa bastalashga o‘tadi.
Serqirra Makkartni
Rassom, yozuvchi va kompozitor Jeyms Pol Makkartni 1942-yili Liverpulning Enfild shaharchasida dunyoga keladi. Ijarama-ijara yurishdan charchagan oila oxiri Lennon yashaydigan mahalladan qo‘nim topadi-yu, bu qaysidir ma’noda bo‘lajak guruh a’zolarining tanishishiga ham sabab bo‘ladi.
San’atga bo‘lgan qiziqish Polga otasidan o‘tgandi. O‘zini turli sohalarda sinab ko‘rgan katta Makkartni hech omadi chopmagach, bo‘sh vaqtini musiqa bilan shug‘ullanishga sarflab, bar va kafelarda tun-kun qo‘shiq aytib yuraveradi. Oila boqish mas’uliyati esa mahalliy shifoxonada hamshira bo‘lib ishlaydigan onaning yelkasiga tushadi. 1956-yilda saraton sabab onasidan ayrilgan Jeymsni tushkunlikdan musiqa olib chiqadi.
Fe’li jihatidan Pol Jonning aksi bo‘lgan. Lennondan kam erksevar bo‘lmagan Makkartni istaklariga tinchroq usullar bilan erishishni afzal bilar edi.
Afsonaviy gitarachi Jorj Xarrison
Rolling Stone jurnalining hamma vaqtning eng buyuk gitarachilari ro‘yxatida yetakchi hisoblangan Jorj Xarrison 1943-yili Liverpulda katoliklar oilasida dunyoga kelgan. Tor shim kiyib, sochlarini o‘stirib yuradigan olifta yigitcha maktab yillaridayoq musiqiy karyerani orzu qila boshlaydi. Orqa partada gitara rasmini chizib o‘tiradigan Jorj musiqaga o‘zidan kam qiziqmaydigan maktabdoshi Pol Makkartni bilan do‘st tutinadi.
Barabanchi Ringo Starr
Sentimental va donoligi bilan ajralib turadigan Ringo Starr Liverpulda nonvoylar oilasida dunyoga keladi. Uch yoshga to‘lar-to‘lmas otasi tashlab ketgach, onasi ham qayta turmush qurishni afzal biladi. Salomatligida ko‘p muammo kuzatilgan bolakayning musiqa bilan tanishishiga davolanayotgan shifoxonasida konsert bergan orkestr sabab bo‘ladi.
Asl ismi Richard Starki bo‘lgan ijodkor keyinroq o‘ziga taxallus tanlashga qaror qiladi. Uzuklar taqishni yoqtirishi va kelajakda yulduz bo‘lishidan kelib chiqib ingliz tilidagi ring (uzuk), star (yulduz) so‘zlaridan ilhomlanadi.
Hammasi nimadan boshlangan edi?
Bari 1957-yili yosh Pol Makkartnining Jon Lennon bilan uchrashuvidan keyin boshlanadi. 17 ga to‘lganiga qaramay, The Quarrymen guruhining yetakchisi hisoblangan Jon butun vujudi bilan rok-n-roll’ga muxlislik qilardi. Radio to‘lqinlaridan taralgan Elvis Preslining Heartbreak Hotel kompozitsiyasi liverpullik oddiy o‘quvchi Jonning qalbini zabt etadi. “Elvisga qadar hech nima menga bu qadar ta’sir qilmagan”, — deb eslaydi uning o‘zi.
Barcha akkordlar va rok-n-roll yo‘nalishidagi xitlarning so‘zlarini yoddan biladigan, nay va fortepiano chalishdan xabardor Pol Jonda yaxshi taassurot qoldiradi. Tanishganlaridan bir necha oy o‘tib, birgalikda ijod qila boshlagan iste’dod egalariga ko‘p o‘tmay Makkartnining Jorj Xarrison ismli do‘sti ham hamrohlik qila boshlaydi. Shu yo‘sinda bo‘lajak Bitlzning doimiy tarkibi shakllanadi. Keyinchalik qatorga Jonning do‘sti Styuart Satkliff kelib qo‘shiladi.
Shahar tadbirlarida bir necha marta chiqish qilgan yoshlar musiqiy ko‘nikma va mahoratlarini yanada rivojlantirish kerakligiga ahd qilishadi. Hali konsert berib ulgurmagan, plastinka yozib taqdim qilish mumkinligi tushiga ham kirmagan to‘rtovlon ijod qilib, o‘z ustida ishlashdan charchamaydi.
Har biri o‘zicha iste’dodli bo‘lgan ijrochilar bir-birini to‘ldirib turardi va ularning hech birini boshqasidan ayro tasavvur qilib bo‘lmasdi. Musiqaga isyon va o‘ziga xoslik bilan yondashgan Jon qolipga tushishni istamasdi.
Ular Liverpul klublaridagi hayotga qo‘shilish va konsert berishni dilga tugib, aloqalarni yaxshilashga faol kirishadi. Ahamiyatsiz bo‘lsa-da, birorta ham ijodiy tanlovlarni o‘tkazib yubormas, ammo shunga qaramay kutilgan natija hadeganda kuzatilavermasdi. Omadsizliklar guruh nomini o‘zgartirishga turtki beradi. Avvaliga Quarrymen nomi Johnny and the Moondogs, keyin esa Silver Beyetles, vanihoyat The Beatles’ga aylanadi.
Nomning kelib chiqish sababi hali-hamon bahsli. Guruh a’zolarining o‘zi esa bu Jon va Styuartga tegishli g‘oya ekanini ta’kidlaydi. Ular ikki xil ma’noni anglatadigan so‘zdan foydalanishni istab, asos sifatida beetles (qo‘ng‘izlar) so‘zini olishgan. Undagi bir harfni almashtirganlaridan keyin beatles degan so‘z kelib chiqqan. Bir xil talaffuz qilingani bilan, beat — musiqani anglatadi.
Nomning o‘zgarishi uncha samara bermaganiga qaramay, aynan shundan keyin guruhga chiqishlar borasida yangi takliflar kelib tushadi.
Yangi obraz — yangi hayot
1960-yili yozda Bitlz ijodida yangi sahifalar ochiladi. Gamburgdan taklif tushadi-yu, Yevropaga chiqish uchun imkoniyatlar eshigi ochiladi. Aynan Germaniyadagi xizmat safari davomida guruh uzoq izlangan barabanchini topadi va Pit Best tarkibga qo‘shiladi.
Xorijdagi ilk safar ular uchun imkoniyat bilan birga ulkan sinov ham edi. Indra, Kaiserkeller singari klublarda konsert bergan guruh a’zolari aynan Germaniyadagi safarlari davomida ilk bor professional qo‘shiq yozishadi. Cavern’dagi konsertda gramplastinkalar sotiladigan do‘kon xodimlaridan biri — Brayan Epshten yosh iste’dod egalarining ijodiga befarq bo‘lmasdan, ularning musiqiy karyerasini qo‘llab-quvvatlashga ahd qiladi.
Bir qancha ovoz yozuvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borishiga qaramay, Parlophone’dan boshqa biror prodyuserlik kompaniyasi hech kim tanimaydigan guruh bilan shartnoma imzolashni istamaydi. Prodyuser Jorj Martinning hali kashf qilinmagan yulduzlar bilan ishlashga bergan roziligi professionallik emas, insoniy sifatlarga bog‘liq edi.
O‘tkir zehnli, xushmuomala, samimiy va biroz cho‘rtkesarligi bilan e’tiborini tortgan yigitlarni prodyuser Londondagi Abbey Road studiyasiga yetaklab boradi. O‘zaro tushunmovchilik sabab Pit Best guruhni tark etadi. Uning o‘rniga 1962-yili Ringo Starr kelib qo‘shiladi.
Keyin esa ijodkorlarning hayoti tubdan o‘zgarib ketadi. Shu yili “Love me do” nomli ilk qo‘shiq taqdim etiladi. Brayan Epshteyn qo‘shiq yozilgan 10 mingta plastinkani o‘zi sotib olib, guruh bilan bog‘liq turli ajiotajlarni keltirib chiqaradi. Keyin televideniyeda chiqish, konsertlar va yangi qo‘shiqlarning taqdim qilinishi bir-biriga ulanaveradi.
“Please, please me” albomi esa naqd 6 oy davomida xit-paradlarda yetakchilik qiladi. Shu tariqa 1963-yil 13-oktabrdan haqiqiy bitlomaniya boshlanadi. Keyingi “With The Beatles” albomi esa birinchisidan kam bo‘lmagan mashhurlikka erishadi. Do‘konlarga oldindan 300 mingta buyurtma kelib tushadi, yil davomida bir milliondan ko‘proq nusxada sotiladi.
Deyarli Betxovendek
Kvartetning mashhurligi ularning Amerikadagi pozitsiyalariga ta’sir qilmaydi. Epshteyn qancha urinmasin, “I want to hold your hand” qo‘shig‘i taqdim qilinmagunicha studiyalar guruhning qo‘shiqlarini qayta yozishga oshiqmaydi. Tanqidchi Richard Bakklning maqtovli taqrizi mashhur The Sunday Times gazetasida chop etilganidan keyin hammasi o‘zgaradi. Ushbu maqola guruhga Amerikadagi omad eshiklari ochilishiga “tashrif qog‘ozi” bo‘ladi. Tanqidchi buyuk kompozitorlar ro‘yxatida Lennon va Makkartnini Betxovendan keyinga qo‘yadi.
1964-yili AQShning milliy chartidagi 14 qo‘shiqdan 5 tasi Bitlzniki bo‘ladi. Bu vaqtda ijodkorlar o‘z mamlakatida albom taqdim etish qatorida “A hard day’s night” va “Help!” nomli filmlarda ham suratga tushib ulguradi.
Dunyo bo‘ylab safarlardan toliqmagan guruhning “Yesterday” qo‘shig‘i eng buyuk musiqiy kompozitsiyalardan biri deb topiladi. Turli ansambl va xonandalar ijro qilaverganidan qo‘shiq naqd 2 mingga yaqin talqinda kuylanadi.
Pasaygan parvoz
1965-yili rok dunyosida keskin o‘zgarishlar ro‘y beradi. Yangi ijrochilar, yo‘nalish va o‘ziga xoslik ushbu olamga o‘zgacha nafas baxsh etgan, Bitlz bu sayyorada “Rubber Soul” nomli albomi bilan yetakchi edi.
Yana bir ijodga boy, samarali yil davomida to‘rtovlonning eng ahamiyatli albomlaridan biri — konsertlarda ijro etishga mo‘ljallanmagan, studiya effekti asosida yozilgan “Revolver” paydo bo‘ladi. O‘sha ondan boshlab ular safarga chiqishni yig‘ishtirib, faqat va faqat studiyada ishlashga o‘tadilar.
1966-yil 24-noyabrdan boshlab Bitlz “Sgt. Pepper’s lonely hearts club band” nomli albomini yozishga kirishadi. Ushbu albom pop-musiqaning haqiqiy zafari, barcha janrlarning evolyutsiyasi edi. Ammo har ko‘tarilishning tushishi bo‘lganidek, muvaffaqiyat uzoqqa bormaydi. 1967-yili Brayan Epshteynning uxlatuvchi dori vositalarini haddan ortiq qabul qilgani tufayli hayotdan ko‘z yumgani bunga so‘nggi nuqtani qo‘ygandek edi.
Keyingi “White album” albomi esa guruh parchalanishiga ilk ishora bo‘ladi. O‘zaro kelishmovchiliklar yuzaga kelar, ijodkorlar esa avvalgidek birgalashib ishlash emas, har biri o‘zidagi ustunlikni ko‘z-ko‘z qilish, isbotlashga urinardi.
Mashhurlik cho‘qqisidagi shafaq
Guruhning zavoli yaqinlashayotgani tobora ravshanlashardi. Tark etishi haqida rasmiy bayonot bermaslikka ko‘ndirilgan Lennon boshqa yangi guruh bilan ijodni boshlab yuborgan, Makkartni esa o‘z plastinkalarini taqdim qilishga qaror qilgandi.
1969-yilda yigitlar hech qanday yangi ijod namunasi taqdim etmaydi, ammo bu vaqtda muxlislar sevimli guruhining tarqalib ketishi mumkinligiga shubha ham qilmasdi. Aynan shu sabab ham Makkartnining 1970-yil 10-apreldagi ketish bilan bog‘liq bayonoti muxlislar uchun kutilmagan bo‘ladi. Ayro ijod qilishni boshlagan qo‘shiqchilar qaysidir ma’noda e’tiroflarga ham sazovor bo‘ladi.
Bir vaqtlar yagona maqsad yo‘lida birlashgan san’atkorlar orasidagi rishtalar allaqachon uzilib bo‘lgandi. 1980-yili Lennonning muxlisi tomonidan o‘ldirib ketilishi esa afsonaviy guruhning tiklanishi bilan bog‘liq so‘nggi umidlarni ham puchga chiqaradi. Musiqachilar ayro ijod qilishda, Bitlz esa musiqa shaydolarining qalbida yashashda davom etadi.
Ammo ular qayerda bo‘lmasin, kim bilan birga ijod qilmasin, muvaffaqiyatlari Bitlzdagi davri bilan taqqoslanaveradi. 2001-yilda Jorj Xarrison saraton sabab hayotdan ko‘z yumadi. Pol Makkartni va Ringo Starr esa ijod bilan shug‘ullanish, musiqa yozishda davom etmoqda.
Guruh parchalansa-da, mangu yashaydigan qo‘shiqlar
“Britaniya madaniyatini rivojlantirishga va uni butun dunyoda ommalashtirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangan Bitlz qo‘shiqlari birinchi notasidanoq tinglovchilarini rom etganiga shubha yo‘q. Musiqa olamiga kirib kelgan gitarachilarning aksari ijodini klassik “Yesterday”dan boshlashi, Yevropa ko‘chalaridagi sayyor qo‘shiqchilar esa afsonaviy “Let it be”dan parcha ijro etayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Zamonaviy xonandalar esa muxlislar qalbidan joy olish ilinjida guruhning kaverlarini kuylashda davom etayotgani ham yangilik emas. Xullas, klassikaga nisbatan o‘lmas deb berilgan ta’rif Bitlz misolida o‘z aksini topgan.
Izoh (0)