Bundan qariyb ikki yilcha avval poytaxtning Chilonzor tumani devorlarida Inkuzart taxallusi ostidagi rassomning strit-artlari paydo bo‘la boshladi. Dastlabki ijodi karantin va koronavirus bilan mashhur bu rassom keyinchalik tanqidiy mavzularga ham qo‘l urdi.
UzAuto Motors monopoliyasi, benzin narxining ko‘tarilishiga qarshi chizgan ishlari o‘chirib tashlanib, jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. “Daryo” tunda chizishi, o‘zini ko‘rsatmasdan sirliligicha qolishi bilan odamlarda qiziqish uyg‘otgan Inkuzart va uning ishlari haqida hikoya qiladi.
Abdurahmon, ammo Umarov emas…
Chilonzorlik, 33 yosh va qurilish sohasida ishlashigina ma’lum bo‘lgan Inkuzart oila qurmagani, bobolari Eski shaharning Xadra maydonidan bo‘lib, dadasi Chilonzorga ko‘chib kelgach, shu yerda yashashni boshlashgani, 2014—2015-yillarda Rossiyada arxitektorlik qilgani, ayni damda Toshkentdagi biz biladigan, ammo qaysiligini aytmaydigan qurilish kompaniyasida muhandis-geodezist sifatida ishlab kelayotganini ochiqladi.Odamlar uning ismini ham bilmas, taxallusi bilan Inkuzart, qiyosan “Chilonzor Benksisi” deb atashardi. Bir intervyusidan keyin Abdurahmonligi ma’lum bo‘ldi-yu, xabarlarda Umarov familiyasi bilan chiqa boshladi.
Xo‘sh, avvalboshdan shaxsini oshkor qilmagan Inkuzart’ning ism-familiyasini aytishdan maqsadi ne edi? Bu bilan uning sirliligiga putur yetmadimi?
“Ismim Abdurahmonligi rost, familiya esa meniki emas. Strit-artga kirib kelishimga do‘stim va singlim turtki bo‘lgan. Do‘stim bilan adashmiz. U ham Abdurahmon, familiyasi esa Umarov. Ilk strit-artimni chizishga ham birga chiqqanmiz. U Facebook’dagi “X-places.uz”, “Chilonzor” guruhlarida mening ishlarimni qo‘yib yurgan edi.
Abdurahmon Umarov profilidan Inkuzart’ning videolari ketma-ket joylanavergach, ismim Abdurahmonligini bilgan ommaviy axborot vositalari uni men deb o‘ylab xabarlarida Umarov familiyasi bilan bera boshlashgan. Shundan keyin Instagram’imdan ko‘plar meni tanishlari, o‘qish yoki ish joyimni bilishlari haqida yozishdi.
Vaholanki, ular nazarda tutgan barcha ma’lumotlar do‘stimga taalluqli edi. Agar menda shaxsimni tanitish niyati bo‘lganda o‘zimni ko‘rsatmaslik uchun shuncha paytdan beri harakat qilib yurmas ham edim. Bu ijodimdagi shaxsimni sir saqlash prinsipimga ta’sir qilmadi. Qaytanga boshqa nom bilan atashlaridan xursandman, — deya javob berdi u.
Strit-art (street art) — “ko‘cha san’ati” degan ma’noni anglatadi. Devoriy rasmlar, jamoat joylari va boshqa turli xil obyektlardagi tasvirlar, graffiti, ko‘cha installyatsiyalari, stikerlar, posterlar va hokazolarni o‘z ichiga oladi.
“Yuzimni ochishlaridan qo‘rqmayman. Ammo kimligimni bilishsa, ishimning mazasini yo‘qotaman”
Meni biladiganlar yetarli. Yaqin do‘stlarim, ota-onam va boshqa tanishlar. Maqsadim — O‘zbekistondagi asosiy xalq bilmasligi. Yuzimni kimdir ochishidan qo‘rqmayman. Lekin meni ko‘rishsa, kimligimni bilishsa, ishimning mazasini yo‘qotib qo‘yaman. Strit-artlarim taniqli bo‘lganda rohatlansam, ularni kim chizganini odamlar bilmasligi bu tuyg‘uni karrasiga oshiradi.Qolaversa, o‘zim emas, ijodim asosiy bo‘g‘inga chiqishini xohlayman. Qachonki, ijodkorning shaxsi ijodidan ustun qo‘yilsa, u o‘lgan kun, ijodi ham yo‘q bo‘ladi. Men esa buni xohlamayman. O‘ylaymanki, yuzimni ochish kimgadir qiziq emas. Bundan birov manfaatdor ham bo‘lmaydi. Men shunchaki ijodkorman. Chekimga tushgan vazifani bajarishda davom etaman.
Ilk strit-artning chizilish xotiralari: “Karantin cho‘qqiga chiqqan, ko‘chada yurish ham mumkin bo‘lmagan payt. Yarim tun…”
2020-yil may oyining boshida Inkuzart dastlabki strit-artini chizdi. Unda biri boshqasiga niqob tutib turgan qo‘llar tasvirlanadi. U ilk strit-artini chizgan kunni shunday eslaydi:“Karantin cho‘qqiga chiqqan davr edi. Odamlarning ko‘chaga chiqishi taqiqlangan bir paytda adrenalinga boyib chizganman. Eskiz tayyor bo‘lgach, devorga chizmoqchiligimni do‘stimga aytdim. U bo‘yoqlarni olib beradigan bo‘ldi. Karantin sabab ishsiz qolganim uchun o‘zimning pulim kamlik qilgandi. Chizishga ham birga chiqdik.
Jarayonni telefon kamerasida videoga olamiz debmiz-u, shtativni unutibmiz. Bir yerdan 20 litrli baklajkani topdik. Telefonni selfi tayoqchaga joylashtirib, uni baklajkaga tiqdik. Soat 00:00. Militsiya kelib qolmasin deb atrofga qarab-qarab qo‘yamiz. Birinchi marta bunday ish qilishimiz emasmi, xavotir-u qo‘rquv butun tanamizni egallab olgandi. Tong yorishguncha tugatib, uyga qaytdik.
https://www.instagram.com/p/B_w4qXpJuLS/
Hayajon o‘sha yerda qolib ketmadi. Haligacha, har strit-artimni chizayotganimda qanchalik omadli chiqarkan, buzib qo‘ymasmikanman deb o‘ylayman. O‘xshamasa-yu o‘chirib tashlasam, ko‘rganlar Inkuzart chizganini o‘chirib tashlabdi deyishlaridan qo‘rqaman. Ularni butun xalq ko‘rishi ko‘z oldimga kelganda mas’uliyat yuki yanada ortadi. Hatto ko‘chada kimdir ko‘rishi-yu, militsiyaning kelib qolishi haqidagi xavotirlar ham tamoman unutiladi”.
“Tunda chizayotganimni ko‘rib befarq o‘tishmaydi”
Yarim tundan erta tonggacha, shahar uyquga ketadigan paytda chizishimga qaramay, yo‘ldan bir-ikki odamlar o‘tib qoladi. Shu sabab kutilmagan vaziyatlar ham bo‘lib turadi.Qora niqob taqib, bosh kiyim bilan yarim tunda devorga chizayotgan shaxs kamida atrofdagilarning shubha bilan qarashi, ko‘pida esa militsiya yo Milliy gvardiya xodimlarining so‘roqqa tutishiga sabab bo‘lishi mumkin. Buni tabiiy qabul qilaman.
Odamlarning befarq emasligi, organ xodimlari tomonidan esa shaharning tunda ham yaxshi qo‘riqlanishidan darak beradi. Ammo o‘sha vaziyatda ishimni tezroq, muammosiz bitirib ketish uchun ularga yetarlicha javob qaytara olishim zarur.
Ba’zan qo‘pollik bilan “Sen bu yerda chizish uchun ruxsat olganmisan yo militsiyaga telefon qilib yuboraymi?”, — deb so‘rashadi. Ruxsat olganman, bilganingni qil, deyman. Indamay ketishadi. Hammaning salomiga yarasha alik olaman.
Chizib tursam, “O! Inkuzart’misiz?” deb, xursand bo‘lib, rasmga tushish taklifini beradiganlar ham uchraydi. Uzr so‘rab, tusholmasligimni bildiraman.
Xalqimizni yaxshi ko‘raman. Shunchalik samimiy, bag‘rikengki, yonimga ichimliklar, yeguliklar qo‘yib, indamasdan ketishadi. Bularga ehtiyojim yo‘q bo‘lsa-da, ko‘nglimga olmayman.
San’atga hurmat sifatida qabul qilaman. Hatto Chilonzorni chiroyli qilyapsan, shu yerlik ekanligingdan xursandmiz, choy olib icharsan deb pul ham bermoqchi bo‘lishadi. Ularga buning shunchaki mashg‘ulot ekani, daromad topadigan ishim borligi, e’tiborlaridan xursandligimni bildirib pullarini qaytaraman.
Militsiya kelsa, yomon narsa chizmayotganimni tushuntiraman. Eskizni ko‘rsataman. Odatda muammosiz murosaga kelamiz. Aksari san’atni xush ko‘ruvchilar bo‘ladimi, omad tilab ketishadi.
“Buyurtmaga strit-art chizmayman”
Hech qachon strit-artlarni buyurtmaga chizmayman. Bunaqa taklif bilan ko‘p yozishadi. Yangi ish chizdimmi, messenjerim to‘lib ketadi. Avvallari uzr so‘rab, buyurtmaga ishlamasligimni yozardim. Hozir esa tinchgina bunday xabarlarni o‘chirib tashlaydigan bo‘lganman.Takliflarning deyarli hammasi reklamaga aloqador bo‘ladi. Ofisi yoki uyi, hatto ko‘chadagi birovning devorlarida ham chizishimni, yaxshigina pul berishlarini bildirishadi. Masalan, bir sut mahsuloti va energetik ichimlik reklamasi uchun 10—15 ming dollar taklif qilishgan.
Sigirning rasmini chizib, ostiga Inkuzart belgisini qo‘yish qiyin emas. Ammo bu ijodimga putur yetkazadi. Men ijtimoiy strit-art rassomiman. Maqsadim pul emas. Sal bo‘lsa ham san’atga hissa qo‘shish, o‘zimning sevimli ishimni qilish. Agar ijtimoiy mavzularda chizishimni taklif qilishsa ham so‘zsiz rad etardim. Birovning g‘oyasini chizib, o‘zimniki qilib ko‘rsatishga vijdonim yo‘l bermaydi.
https://www.instagram.com/p/CWKkOOrAJEU/
“Ehtimol, avval O‘zbekistonda strit-art rassomi bo‘lmagani uchun tanilib ketgandirman…”
Ilk strit-artimni chizgan kundan ko‘p o‘tmay o‘rtog‘im Inkuzart taxallusidagi rassom falon strit-artni chizibdi mazmunidagi xabarlarni jo‘natdi. Hayajonlanib ketdim. OAVda tarqalish xayolimning bir chekkasiga ham kelmagandi. Chizganlarim ikki-uch kun turadi-yu, biror san’atni tushunmaydigan bezori o‘chirib tashlaydi deb o‘ylardim.O‘zbekistonda ijtimoiy strit-artlar yo‘qligini bilmasdim ham. Ehtimol, birinchisi bo‘lganim uchun ham tanildim, ishlarim ko‘tarilib ketdi. Yuzimni ko‘rsatmasdan chizaverganimdan keyin “Chilonzor Benksisi” deb atashdi. Birinchi marta o‘qiganimda do‘stimga Benksi kim yoki nima deb savol berganman. Biror rassom bo‘lsa kerak, deb taxmin qilgandi.
Internetdan izlasam, angliyalik rassom bo‘lib, yuzini ko‘rsatmasdan strit-art chizarkan. Ishlari judayam yoqdi. Ayniqsa, trafaretda qilib, balonchikda sepib ketishi yoqdi. Bu ko‘p vaqtni olmaydi. Strit-artda tezlik juda muhim. Shunday qilib, ijodimning keng omma tomonidan bu ko‘rinishda kutib olinishi uni davom ettirishga undadi.
“Ish va ijod. Biri boshqasiga xalal bermaydi”
Strit-art chizgan kunlarim ishimdan bemalol keta olaman. Ruxsat olishim ham shartmas. Rahbarlarim ishonadi, e’tiroz ham bildirmaydi. Bilishadiki, vazifamni puxta qilaman. Aslida geodezistning ishi binolar koordinatalarini berishi bilan tugaydi. Kun davomida qat’iy rejimda ishxonada bo‘lishi ham shart emas.Strit-art chizish paytimni kamida ikki kun ofisga bormasligim mumkin bo‘lgan vaqtga mo‘ljallayman. Odatda ertalabki to‘rt-beshlargacha chizadigan bo‘lsam, uyga kelib telefonda videoni montaj qilaman-u, soatni 09:00 ga budilnikka qo‘yaman. Uyg‘ongach, ishimga nom berib, ijtimoiy tarmoqlarga joylayman va yana uxlayman.
Besh soatlardan keyin turib qarasam, bu haqda xabarlar yozilgan, odamlar layk bosib, turli-tuman izohlar qoldirgan bo‘ladi. Keyin ofisga borib, vazifamni bilib-bilib qilaveraman. Ishxonamda ijodim uchun vaqt topiladi. Aynan shuning uchun ham shu joyni tanlaganman.
“Ijodimni tahlil qilishadi-yu, yonlarida o‘zim turganligimni bilishmaydi”
Kimligimni yashirish odamlar orasiga kirib o‘zim haqimdagi haqiqiy fikrlarni eshitish imkonini beradi. Rassomchilikka aloqador, ijodim tahlil qilinishi mumkin bo‘lgan tadbirlarda ishtirok etishga harakat qilaman. Odamlar strit-artlarimni ko‘rishga boradi. Avvallari vafot etgan rassomlarning ijodi, qaysidir eski binolarga ekskursiya qilinishini eshitardim.Shaxsimni bilmasdan ijodimning shu darajada hurmatlanishi tilda aytib bo‘lmas hissiyotni beradi. Ularning birortasini oldindan bilib qolsam, ko‘rinishimni odamlarga qo‘shilib olaman yoki yonidan xuddi o‘tkinchi yo‘lovchidek o‘tib ketaman. Ko‘rinishimni esa Inkuzart ekanligim mutlaqo tasavvur qilib bo‘lmas darajada o‘zgartirib olaman. 20–30 kishining ijodim haqidagi fikrini eshitish yana chizishga undaydi.
“O‘zim haqimdagi film namoyishida odamlarga qo‘shilib qarsak chalib yubordim”
Rolikning suratga olinishi tasodif bo‘lmadi. Rejissori Umid Hamdamov bilan Abdulla Qodiriy strit-artini chizayotganimda tanishib qolganmiz. Chamasi, kechki soat birlarda chizishni boshladim. Bir odam keldi-da, qarab turdi.Mashhur rejissor bo‘lishlariga qaramay ularni bilmas ekanman. O‘zlarini tanishtirdi. Qodiriy haqida film olayotganlarini aytib, menga savollar berdi. Ba’zi joylarni chizishda yordamlashdi ham. Shu bilan tanishga aylanib qoldik.
Oradan ancha vaqt o‘tdi, ular qo‘ng‘iroq qilib, Yoshlar forumiga uchta qahramon haqida videorolik qilishlari kerakligi va biriga nomzod sifatida meni tanlaganliklarini aytib qoldi. Ijtimoiy videorolik bo‘lgani uchun rozi bo‘ldim.
Rolik namoyishida ham Kongress-holldagi yuzlab odamlar orasida edim. Katta ekranda ko‘rinish boshqacha bo‘larkan. Oxirida “vau” deb hamma qarsak chalib yubordi.
O‘zim ham beixtiyor ularga qo‘shildim. Orqa-yu, yonimdan “Men buni taniyman. Inkuzart’ni bilasanmi, mana buni chizgan, zo‘r chizadi” degan ta’riflarni eshitib turibman. Bu tarzda kutib olinishni tasavvur ham qilmagandim.
Suratga olish jarayoni uch kunga yaqin davom etgan bo‘lsa, ularning hech biri yuzimni ko‘rmadi. Umid aka “Gapirayotgan holatingizni olaylik. Faqat lablaringiz qimirlayotgani ko‘rinadi, xolos. Zo‘r effekt bo‘ladi”, — deb ko‘ndirishga urindi. Rozi bo‘lmadim. Buning uchun niqobimni yechishimga to‘g‘ri kelar, garchi ommaga montaj qilingan holda faqat lablarim ko‘rsatilsa-da, meni kameradagilar, jamoa ko‘rib qolardi.
“Tanqidiy mavzularim ham, menga bo‘ladigan tahdidlar ham xavotirli emas”
Tahdidlar faqat Instagram’dan kelib turadi. Kimligimni bilishmaganidan, yuzma-yuz, ochiqchasiga qilisholmaydi. Umuman olganda, tanqidiy mavzularim ham menga bo‘ladigan tahdidlar ham havotirlanarli emas. Tanqiddan yomonlikni ko‘zlamayman-ku. Shu yurtning farzandi sifatida kamchiliklarga ko‘zgu tutishni burchim deb bilaman.Qolaversa, ijodim faqat tanqiddan iborat emas. Milliy g‘urur, motivatsiya, ajdodlarimizni tanitish, urushga qarshi ruhdagi mavzular Inkuzart’ning ijodida yetakchi bo‘lib qolaveradi. Biroz yumor va tanqid bo‘lmagan san’at esa gurkiramaydi.
Chizgan strit-artlarimning ma’nosidan hech qachon afsuslanmaganman. Ammo chizilishi yoqmasligi mumkin. Erinchoqlik qildim, bunaqa qilsam bo‘lardi deb ko‘p o‘ylayman. Ishlarimda ma’no va chizilish sifatini ushlashga imkon qadar harakat qilaman.
Nega aynan Inkuzart va yorug‘likka intilayotgan tungi kapalak?
“Ink” — siyoh, “uz” — O‘zbekiston va “art” — san’at. O‘zbekistondagi siyoh san’ati. Inkuzart’dan avval “Blackrainbow” (qora kamalak) taxallusi bilan faqat qog‘ozda, qora rangda rasmlar chizardim. O‘shanga monand nomlaganman. Kapalak esa ramziy. Kapalak tunda uchib yorug‘likka intilmoqda. Men ham tunda devor qoralayman. Strit-art esa nur kabi haqiqat.“Strit-artlarimni o‘chiradiganlarga achinaman”
Strit-artlarning o‘chirilishi — yoqimsiz. Ammo maksimal darajada sovuqqonlik bilan qarashga harakat qilaman. Tanqidiy ishlarimning esa tez orada o‘chirib tashlanishiga tayyor turib chizaman. Ayrim strit-artlarimda hech bir tanqid ifodalanmagan bo‘lsa ham o‘chirishadi. Ulardan xafa bo‘lmayman, achinaman, xolos. Bundaylar san’atni tushunmaydi.Inkuzart’ning barcha ishlari xaritasi
Ma’lumot uchun:Inkuzart bugunga qadar 26 ta strit-art chizgan bo‘lib, ularning o‘n bittasi o‘chib ketgan. O‘zining aytishicha, sabablar quyidagicha bo‘lishi mumkin: Niqob taqqan Mona Lizani devorni ta’mirlash uchun, biri boshqasiga niqob tutib turgan qo‘llarni shunchaki yoqmaganidan, koronavirusni pushti rangga bo‘yayotgan bolalarni garajni buzishga to‘g‘ri kelganidan, “Karonabol”ni devorning ustini yopish uchun, ko‘z ichidagi ajdodlarni uyalganliklaridan, UzAuto Motors monopoliyasi va benzin narxi ko‘tarilishiga qarshi chizilgan strit-artlar tanqidiy ruhda bo‘lgani uchun o‘chirishgan.
Shuningdek, uning Qorbobo, Eynshteyn, odam savdosiga qarshi chizilgan — “I’m not for sale”, jamiyatdagi muammolar: “tonirovka”, Apple yoki Android, 30 kishilik to‘y… kabi strit-artlari ham bugun mavjud emas.
“Daryo” sirli rassomning ikki yilga yaqin paytda chizgan barcha ishlarini vaqt ketma-ketlikda bir sahifaga jamladi
2020-yil may oyining boshida Chilonzor tumani, 1-daha, Labihovuz ko‘chasi, Xalq bankining yonidagi bog‘cha devorida biri boshqasiga niqob tutib turgan qo‘l tasviri paydo bo‘ldi. Abdurahmon 4-mayda Instagram sahifasida bunga “O‘zingiz va bir-biringizni asrang”, — deb izoh qoldirgan. Aytishicha, unda Xudoning Odam Atoga niqob tutib turganiga ishora qilgan. Vaqt o‘tib strit-art tasvirlangan devorga tushunarsiz yozuvlar paydo bo‘ladi.“Odamlar shuncha devor turganda aynan san’atning ustiga chizib, reklama qog‘ozlarini yopishtiradi. Kir bo‘lishi, buzilib ketishi haqida o‘ylashmaydi ham. Ehtimol, ularda hissiyot bo‘lmas. Balki, strit-artining taqdiri shudir. Ushbu strit-artimdagi turli harflar shunchaki yozuv emas, giyohvand moddalar oldi-sotdisiga aloqador Chilonzorda keng tarqalgan mashhur Telegram-bot havolasi ekan.
Yozuvni o‘zim o‘chirib tashlagandim. Shundan beri nimadir chizib yoki yopishtirib ketishgan bo‘lsa, olib tashlash uchun strit-artlarimning yoniga tez-tez borib turaman”, — deydi rassomning o‘zi.
Inkuzart oradan ko‘p o‘tmay xuddi shu bolalar bog‘chasining boshqa devorida niqob taqib turgan Mona Lizaning tasvirini chizdi. Devorning bir tarafida “No mask — no photo with me” (niqobingiz bo‘lmasa, men bilan rasmga tushmang) yozuvni ham ko‘rish mumkin.
2020-yilning 11-may kuni Instagram sahifasida “Mona Lizaning fikriga ko‘ra, Toshkentda karantin cheklovlari to‘g‘ri o‘rnatilgan. Mona Liza siz uchun Luvrdan chiqdi, siz esa uyda qoling” chorlovi bilan graffitining chizilish jarayonidagi videotasvirlarni ulashadi.
Ko‘cha rassomining navbatdagi asarlari ham bevosita koronavirus va karantin bilan bog‘liqligicha davom etdi. Chilonzor tumani 1-dahasidagi qurilishi tugallanmagan uylardan birining devoriga ochiq turgan ko‘z va uning ichida o‘pka ventilyatsiyasi niqobini ushlab turgan skafandrdagi shifokorni tasvirladi. 2020-yil 17-may kuni Instagram sahifasida strit-artning chizilish jarayonidagi video va suratlarni joylab, unga “Umid ko‘zi” deb nom beradi.
“Bu oddiy ko‘z emas, koronavirusga chalingan odamniki. Shifokor bemorga maska taqyapti. Kasalning ko‘ziga shifokor aksi tushib, go‘yo hayotini saqlab qolgan farishtadek ko‘rinmoqda. Bu orqali shifokorlarga bo‘lgan hurmatni ifodalamoqchi bo‘lganman”, — deya tasvirni izohlaydi rassom.
Keyingi strit-art esa ana shu skafandrdagi shifokorning yaqqol ko‘rinib turgan va qanotli varianti bo‘ldi.
2020-yil mayining oxiri. Abdurahmon Chilonzor tumani 2-daha, 34-poliklinika devorida yarim oy qarshisida turgan odam tasvirini chizadi. 28-may kuni uning chizilish jarayoni aks etgan video va suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yib, “Oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i bo‘lganidek bu kunlar ham o‘tadi-ketadi” deya izoh qoldiradi. Aytishicha, bu bilan karantin davriga ishora qilgan va tasvirdagi odam aynan uning o‘zi.
Xalqaro bolalar kuniga atab Chilonzor tumanidagi 2-daha 26-uy devoriga koronavirus ustini pushti rangga bo‘yayotgan bolalar tasvirini chizadi. 2020-yil 1-iyunda Instagram sahifasida “Farzandlarimiz — bizning kelajagimiz. Albatta, viruslarsiz kelajagimiz”, degan izoh bilan strit-artning chizilish jarayonini joylaydi.
“O‘sha yilgi bolalar bayrami pandemiyaga to‘g‘ri kelib qoldi. Odamlar bayramligini ham unutib, faqat necha kishi kasallangani-yu, o‘lgani haqida gaplashardi. Koronavirusni pushti rangga bo‘yayotgan bolalar xuddi bu bizning kunimiz, bu kunda koronavirus haqida gaplashilmasin. Koronavirus, ket degan ma’noni anglatmoqchi bo‘lyapti”, — deya ushbu ishiga ta’rif beradi.
Strit-artni chizish uchun navbatdagi manzil ham, mavzu ham begona emas. Chilonzor tumani 1-daha, Labihovuz ko‘chasidagi devorlarning birida yunon haykaltaroshi Mironning disk uloqtirish musobaqasiga tayyor turgan “Diskobol”ini tasvirlaydi.
Miron asaridan farqli ravishda haykalning qo‘lida disk emas, koronavirus zarrachasini, og‘zida esa niqobni ko‘rish mumkin. Uloqtirilayotgan koronavirus bilan rassom uning ustidan qozonilgan g‘alabaga ishora qiladi.
Chilonzorning 2-dahasidagi devorlardan birida bir tomonida osmonga parvoz qilayotgan raketa, boshqasida esa “tonirovka” yoki chiroyli raqam, Apple yoki Android, TikTok, 30 kishilik to‘y kabi o‘ylar xayolidan o‘tayotgan odam tasvirlangan navbatdagi strit-artini chizadi. Ta’kidlashicha, bu orqali jamiyat dunyoqarashidagi qusurlarni ifodalamoqchi bo‘lgan.
2020-yil 24-iyunda “Bugun biz jamiyatimizda sodir bo‘layotgan turli voqea-hodisalarni kuzatmoqdamiz: ma’naviy yetuklik, moddiy boylik, haqiqiy bilim va soxta ta’limotlar, fikr erkinligi va to‘liq nazorat o‘rtasida to‘liq qarama-qarshilik bor. Biz asta-sekinlik bilan vaqt va makonni bo‘ysundirib, ular orasidagi chegaralarni buzib o‘tmoqdamiz.
Inson aqli va ongi quyosh tizimining chegaralaridan chiqib ketmoqda. Raketalar dunyoni zabt etib, sun’iy intellekt sivilizatsiyalarini ishg‘ol qilmoqda… Lekin tan olish kerak. 100 foizlik “tonirovka” va chiroyli raqamlar, shuningdek, Tik Tok’da yangi videoga qo‘yilgan layklar va butun mahallaga berilgan to‘y yuqorilardagidan ham muhim”, — deya ushbu strit-artni izohlaydi u.
Bu safar Chilonzor tumani Gagarin ko‘chasidagi devorlarning birida marhum aktyor Abdurayim Abduvahobov o‘ynagan “Shum bola” filmidagi Qoravoy tasvirini chizdi. 2020-yil 16-iyulda strit-artning chizilish jarayoni aks ettirgan foto va videolar uning Instagram’ sahifasidan joy oldi.
2020-yil 29-iyulda “Jamiyatda yuz berayotgan voqealar o‘z xatti-harakatlarimiz va ularning oqibatlari to‘g‘risida chuqur fikr yuritishni taqozo etmoqda”, — degan izoh bilan uylar devorining birida chizilgan chuqur o‘yga tolgan odam tasvirini Instagram sahifasida bo‘lishdi. Aytishicha, unda koronavirus avj olib, karantinda ishsizga aylangan va chorasizlikdan nima qilishini bilmay qolgan odamni tasvirlagan.
2020-yil avgusti buyuk shaxslar tasviri bilan boshlandi. Chilonzor tumani 2-dahasi 103-maktab ro‘parasida Eynshteynning qo‘l qovushtirib turgan holati va uning ikki tarafida juda ko‘plab formulalari bor strit-artini chizdi. Nega aynan Eynshteyn degan savolimizga “Strit-art chizilgan devorning ro‘parasida maktab bor va fizika xonasi o‘sha devor tarafda”, — degan javobni oldik. (Ayni maqola chiqqandan so‘ng rassom Instagram’dagi sahifasida ushbu strit-art ham o‘chirilganini ma’lum qildi. U joylagan story’da “Chilonzor hokimligiga rahmat”, deb yozilgan).
2020-yil 31-avgust — Mustaqillik kuniga atab Chilonzor tumani, 5-dahadagi akvaparkning o‘ng tomonida bayroq tutib turgan Feniks qushini tasvirlagan rassom uni “Yangilanayotgan O‘zbekiston” deya nomlaydi.
Shuningdek, u 2020-yil 15-sentabrda mungli odam tasviri, 2021-yil 2-yanvarda Qorbobo, 14-fevralda esa devorlarning birida sevishganlar tasvirlangan strit-artlarning surat va chizilish jarayoni videolarini Instagram sahifasiga joylagan. “Mungli odam — o‘zim. Chizganimdagi ruhiy holatim shunday edi. O‘shandan keyin har g‘am-qayg‘uga tushganimda uning yoniga boraman”, — deya izohlaydi rassom.
Abdurahmon Abdulla Qodiriyning 137 yillik tavalludi nishonlanishi fonida Chilonzor tumanidagi Muqimiy—Chilonzor ko‘chalari chorrahasida joylashgan ko‘p qavatli uy devorida Qodiriyning xotirasiga bag‘ishlangan strit-artni chizadi. Devoriy suratda Qodiriy va uning “Ahvolimiz” nomli she’ri aks etgan. U 2021-yil 18-aprelda Instagram’ida asarning chizilish jarayoni video va fotolarini joylashtirdi.
2021-yil 9-may Xotira va qadrlash kuniga atab oilasining bag‘riga qaytgan askar tasvirlangan strit-artni chizdi.
2021-yil 1-iyunda Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlangan strit-art paydo bo‘ldi. Unda bir yil avval — 2020-yildagi Bolalar kunida chizilgan graffitidan farqli ravishda onasini sog‘inib derazaga mungli termulib turgan bolakay tasvirini ko‘rish mumkin. Inkuzart strit-artga “Sog‘indim, onajon” degan nom beradi.
Muqimiy—Chilonzor ko‘chalari chorrahasida joylashgan ko‘p qavatli uy devoridagi Qodiriy strit-arti yonidan Cho‘lpon xotirasiga bag‘ishlangan graffiti joy oldi. 2021-yil 19-iyunda Inkuzart’ning Instagram sahifasiga qo‘ygan videosida devorning bir chetida “to be continiued” — davomi bor degan yozuvli yorliqchani ilib qo‘yganini ko‘rish mumkin.
Oradan ko‘p o‘tmay yozuv o‘rnida Fitrat xotirasiga bag‘ishlangan strit-art paydo bo‘ldi va 2021-yil 27-iyunda ushbu jarayon videosini Instagram’ida joyladi.
Inkuzart 2021-yil 8-avgustda qanotli bolakay va uning yonida “I’m not for sale” — men sotilmayman deb yozilgan strit-artning chizilishini Instagram’ sahifasida bo‘lishdi. Izohlashicha, uni odam savdosiga qarshi chizgan.
Chilonzor tumani 2-dahasi 103-maktab,Eynshteyn tasviri chizilgan devorning tepa qismida Olimpiada o‘yinlarining sakkiz karra ishtirokchisi, Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olgan Oksana Chusovitinaning O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib turgan holatini chizdi.
Devorda, shuningdek, 1992 va 2020 raqamlarini ham ko‘rish mumkin. Bu sportchining Olimpiada o‘yinlarida ishtirokini boshlagan va yakunlagan yillarini ifodalaydi. 2021-yil 16-avgustda strit-artning chizilish jarayoni tasvirlangan videoni Instagram’iga joyladi.
Suhbatimiz davomida rassom bu strit-artni chizishda juda qiynalganini aytdi: “Strit-art ramziy ma’noga ega. O‘sha yilgi Olimpiadada sportchiga O‘zbekiston bayrog‘i berilmagandi. Shuning uchun aynan qo‘lida bayroq holida tasvirlaganman. Qo‘shnim Akbar bilan chizishga chiqqandik. Uni Eynshteynni chizgan joyimning tepasida bo‘lishini rejalagandim.
Qo‘limda stul bilan tomga chiqdim. Tom omonat ekan, qimirlaganidan stulning ustiga chiqib bo‘lmadi. Uyga qaytib mahalladan ochiladigan narvon olib keldik. U ham tomda o‘zi turolmaydi. Akbar ertalabgacha qimirlamay ushlab turgandi. Sovqotib, qornimiz ochib, amallaganmiz.
Ertasiga Chusovitinaning o‘zi kelib, o‘sha yerga erinmasdan chiqib, rasmga tushib, minnatdorchiligini bildirganida hammasi unut bo‘lib ketdi. Shaxsan o‘zi kelishini kutmagandim”.
2021-yil 4-sentabr. Aynan shu kundan boshlab u chiza boshlagan ayrim strit-art namunalarini o‘chirilishi, ommaviy muhokamalarga sabab bo‘la boshladi. Sobiq AQSh elchixonasi, Chilonzor savdo markazi yaqinidagi uylardan birining devoriga O‘zbekiston avtosalonlarida mashina xarid qilish uchun yuzaga kelayotgan uzundan uzoq navbat, navbat boshida esa qizil bosh kiyimli odam orqali “shapka” tizimiga ishoralar bilan UzAuto Motors kompaniyasining monopoliyasi tasvirini chizdi.
Bir kundan keyin 5-sentabrda Abdurahmon o‘zining Telegram kanalida ushbu devoriy suratning noma’lum odamlar tomonidan o‘chirib tashlanayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Dastlabki urinishlar samarasiz tugadi, ammo keyinchalik strit-artning katta qismi bo‘yab tashlandi.
Inkuzart’ning ijodida ko‘z tasviri alohida o‘rin egallaydi. Devorda chizilgan navbatdagi strit-artda ham ko‘z va uning ichida aks etgan ajdodlarimizni ko‘rish mumkin.
“Bizning tomirlarimizda buyuk ota-bobolarimiz qoni oqmoqda. O‘zbek xalqi o‘z tarixi bilan faxrlanadi, biroq qachongacha? Hozirgi avloddan ham buyuk insonlar chiqishini va ular bilan faxrlanishni xohlayman. Toki bizning kelajak avlod bizdan faxrlansin”, — deya 2021-yil 14-oktabrda Instagram’ sahifasi orqali ijodkor ushbu strit-artga izoh qoldiradi.
Nega ko‘zga ko‘p urg‘u berasiz deganimizda, “Ko‘z ajoyib narsa. Allohning bu ne’mati e’tiborsiz odamni ham o‘ziga tortadi. Bu yerda esa ahvolimizga ko‘zgu bo‘lsin deb chizganman”, — deya javob qaytardi rassom.
Shuningdek, u 2021-yil 24-oktabrda bo‘lib o‘tgan prezident sayloviga atab Janubiy Koreyaning “Kalmar o‘yini” serialiga ishora qiluvchi graffiti chizdi. Muqimiy va Chilonzor ko‘chalari chorrahasidagi, Qodiriy, Cho‘lpon va Fitratlarning tasviri chizilgan joydan uncha uzoqda bo‘lmagan devor ushbu strit-art uchun manzil bo‘ldi.
Ijodkor 23-oktabrda o‘zining Telegram sahifasida graffitining paydo bo‘lish jarayoni aks etgan videoni joylab, unga “Kelajak uchun ovoz bering”, — degan chorlov qoldirdi. Nega aynan saylov mavzusi e’toringizni tortdi deb qiziqdik. “Saylash — har birimizning haqqimiz. Odamlarda saylashga bo‘lgan ishtiyoqni oshirish uchun”, — degan javob bo‘ldi.
Keyingi manzili Uchtepa tumani Alixonto‘ra Sog‘uniy mahallasi. Hayotini Turkistonning ozodligi va mustaqilligi uchun bag‘ishlagan, islom olamida shuhrat qozongan alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy rasmi va uning “Agar o‘zbeklar boshqa ishlarga ham oshga kelgandek birlashib yig‘ila olganlarida edi, dunyoda bundan qudratli millat bo‘lmasdi” fikrini mahalladagi uylardan birining devorida tasvirlaydi. 2021-yil 12-noyabrda ushbu jarayon video va suratlarini bo‘lishdi.
Ko‘cha rassomining navbatdagi strit-arti Toshkentdagi “O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish stansiyasi yaqini, Uchtepa tumani, Katta Qa’ni ko‘chasi devorlarining birida chizilgan bo‘lib, unda benzin narxining oshishi do‘ppi kiygan erkakning yoqilg‘i quyish pistoleti yordamida o‘z boshiga “otayotgani” orqali tasvirlangan.
19-noyabrda o‘zining Instagram sahifasida graffitining paydo bo‘lishi haqidagi videoni joylagan kunning o‘zidayoq ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘chirib tashlangani tasvirlangan suratlar tarqaldi.
2021-yil 7-dekabr Chilonzor tumani, 5-daha. Akvaparkning o‘ng tomonida “Yangilanayotgan O‘zbekiston” strit-artining to‘g‘risida “Mona Lizaning ustini bo‘yayotgan bola” tasvirini chizdi. Bu bilan strit-artlarining o‘chirib yuborlishiga urg‘u bergan.
2022-yil 14-fevral. Chilonzor tumani, 2-daha, 15 B hududda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlab navbatdagi strit-artini chizdi. Bu ijodkorning hozirgacha bo‘lgan oxirgi ishi bo‘lib turibdi.
Agar e’tibor qaratadigan bo‘lsak, rassomning 26 ishidan faqat bittasi, Alixonto‘ra Sog‘uniyga bag‘ishlab chizganigina Chilonzordan boshqa hudud — Uchtepada. U ham bo‘lsa, allomaning nomidagi mahalla Uchtepada joylashgani uchun. Strit-artlar chizishni boshlagan paytida Inkuzart Chilonzorni galereyali san’atzorga aylantirish niyatidaligini bildirgan edi.
Xo‘sh, shuncha ijoddan keyin Chilonzor san’atzorga aylandimi, deya so‘nggi savolni berdik. “Menimcha, ha. San’atzor deb nomlashsa ham xursand bo‘lardim. Ammo hali Chilonzorda joylar ko‘p. Chizishda davom etaman. Undan keyin boshqa hududlarga o‘tarman”, — degan javobni oldik.
Izoh (0)